O‘zbekiston | 12:16 / 16.12.2021
8286
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda TikTok'ka VPN'siz kirish qisman tiklandi

Komil Allamjonov TikTok rahbariyati bilan muzokara o‘tkazishi ortidan, O‘zbekistonda bu platforma faoliyati qisman tiklandi. Ayni paytda, Kun.uz bilan suhbatlashgan AKT vazirligi, “O‘zkomnazorat” va Davlat personallashtirish markazi rasmiylari blok yechilganini rad etdi.

Foto: Kun.uz

O‘zbekistonda TikTok blokdan ochilganiga doir xabarlar tarqaldi. Kun.uz xodimlari ham buni o‘z telefonlarida tekshirib, ilova VPN'siz ishlay boshlaganini tasdiqladi.

Shu bilan birga, ijtimoiy tarmoqning veb-versiyasiga kompyuter orqali to‘g‘ridan to‘g‘ri kirish imkoniyati hali ham yopiq.

TikTok hamon Davlat personallashtirish markazi yuritadigan “Shaxsga doir ma’lumotlar sub’yektlari huquqlarini buzuvchilar reyestri”da turibdi.

Kun.uz bilan gaplashgan DPM mas’uliga ko‘ra, markazda internet platformalarni blokdan chiqarish va blokka olish vakolati yo‘q.

“Bizda faqat «buzg‘unchilar» ro‘yxati turadi, xolos. Bu “O‘zkomnazorat” vakolatidagi masala”, – deya izoh berdi markaz rasmiysi.

Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari vazirligi matbuot kotibi Sherzod Ahmadov agar TikTok reyestrda turgan bo‘lsa, demak, u blokdan yechilmagan bo‘lishini ma’lum qildi.

Axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat bo‘yicha davlat inspeksiyasi (“O‘zkomnazorat”) ham deyarli shunday javob berdi.

“Agar TikTok “Shaxsga doir ma’lumotlar sub’yektlari huquqlarini buzuvchilar reyestri”da turgan bo‘lsa, demak, u blokdan yechilmagan. Bizda TikTok bo‘yicha cheklov yechilishi haqida hech qanday ma’lumot yo‘q”, – dedi Kun.uz bilan gaplashgan “O‘zkomnazorat” matbuot kotibi Akbar Siddiqov.

Eslatib o‘tamiz, TikTok – O‘zbekistondagi faoliyati cheklangan 5ta internet platformasidan biri. “O‘zkomnazorat” 2 iyuldan boshlab TikTok, Twitter, Skype, WeChat va Vkontakte tarmoqlariga cheklov qo‘ygandi.

Cheklovga mazkur tarmoqlar O‘zbekiston fuqarolarining shaxsiga oid ma’lumotlarni O‘zbekiston hududida joylashgan serverlarda saqlamayotgani sabab bo‘lmoqda. Shu yil 16 apreldan kuchga kirgan qonunda shunday talab belgilangan.

3 noyabr kuni yuqoridagi vaj bilan Telegram, Facebook, Instagram, YouTube va Odnoklassniki tarmoqlari ham bloklandi va bu jamiyatda keskin rezonans uyg‘otdi. Shu kunning o‘zida bu harakat prezident bilan kelishilmagan holda, Vazirlar Mahkamasi topshirig‘i asosida qilingani aytildi va tarmoqlarga ulanish tiklanib, qator mas’ullar ishdan olindi.

Eslatib o‘tamiz, kecha 15 dekabr kuni Mass-media fondi raisi Komil Allamjonov TikTok kompaniyasi vitse-prezidenti Teo Bertram bilan onlayn uchrashuv o‘tkazib, o‘zaro hamkorlik bo‘yicha kelishuvga erishilganini ma’lum qilgandi.

Mavzuga oid