O‘zbekiston | 13:38 / 07.02.2022
2219
2 daqiqa o‘qiladi

Nukusda avtomaktab o‘rgatuvchisi fuqaroga o‘qimasdan haydovchilik guvohnomasi olib bermoqchi bo‘ldi

Foto: Prokuratura departamenti

Qoraqalpog‘iston Respublikasida fuqaroga o‘qimasdan haydovchilik guvohnomasi olib berishni va’da qilgan usta ushlandi. Bu haqda IIV huzuridagi Tergov departamenti xabar bermoqda.

Ma’lum bo‘lishicha, Departament hamda DXXning Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmalari tomonidan IIV bilan hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazilgan. Unda “Avtomotohavaskorlar” UK Nukus filiali o‘rgatuvchi ustasi O.B., fuqaro D.ning ishonchiga kirib, unga filialda o‘qimagan bo‘lsa-da, o‘qigani haqida ma’lumotnoma bergani aniqlangan.

O‘rgatuvchi usta fuqaroni imtihonlardan o‘tkazib qo‘yish orqali haydovchilik guvohnomasini olib berish evaziga 2,3 mln so‘mni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda, deyiladi rasmiy xabarda.

Oldinroq Qoraqalpog‘istonda IIV xodimiga pora taklif qilgan shaxs qo‘lga olingandi.

Mavzuga oid