Jamiyat | 17:36 / 05.06.2022
22241
5 daqiqa o‘qiladi

Andijonda o‘qituvchi va shifokorlardan majburan «hashar puli» ushlab qolinayotgani aytilmoqda

Andijon viloyatida budjet tashkilotlari xodimlari maoshidan bir kunlik ish haqi umumxalq xayriya hashari uchun ularning roziligisiz ushlab qolinmoqda. Bu ma’lumotni Kun.uz’ning bir necha manbasi tasdiqladi.

2022 yil 30 aprel kuni mamlakat bo‘ylab umumxalq xayriya hashari o‘tkazilgandi. Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 26 apreldagi 199-F-sonli farmoyishi bilan o‘tkazilgan hasharda vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlarda mehnat qilayotgan xodimlarning ixtiyoriy mablag‘larini «Mahalla» xayriya jamoat fondining respublika boshqaruvi hamda joylardagi bo‘limlarining bankdagi hisob varaqlariga o‘tkazish tavsiya etilgan. Andijon viloyati hokimining 29 apreldagi tegishli farmoyishida ham viloyatdagi barcha tashkilotlar, korxona va muassasalarda mehnat qilayotgan xodimlarning ixtiyoriy mablag‘larini ularning yozma roziligi bilan «Mahalla» xayriya jamoat fondining viloyat bo‘limi va tuman (shahar) bo‘linmalarining bankdagi hisob varaqlariga o‘tkazish belgilangan.

Kun.uz tahririyatiga kelgan murojaatlarda esa «ixtiyoriylik» o‘rnini «majburiylik» egallayotgani aytiladi. Jumladan, Andijon tumanidagi ta’lim muassasalarida faoliyat olib boruvchi xodimlar hashar uchun mablag‘ ajratish bo‘yicha ariza yozib bermasa, oylik maoshi tushirib berilmasligi haqida ogohlantirilgan.

«Maktabimiz direktori bir kunlik ish haqini hasharga o‘tkazish bo‘yicha ariza yozib berishimizni talab qildi. Aks holda oyliklar va ta’til pullari tushmasligini ta’kidladi. Bundan ko‘pchilik norozi bo‘lmoqda», – deydi murojaatchilardan biri.

Paxtaobod tumanidagi barcha maktablarda xodimlardan majburiy ravishda «oylik maoshimdan ushlab qolishingizga roziman», degan mazmunda ariza yozdirib olingan va ish haqidan ushlab qolingan.

«Hamma arizalarni yozib hisobchiga topshirdi. Oyligimizdan ushlab qolindi. Bu tuman hokimining topshirig‘i ekanligi ta’kidlandi. E’tiroz bildirganlar ko‘p bo‘ldi. Ammo elga kelgan to‘y, deya hamma arizaga qo‘l qo‘yib berdi. Arizani rasmga olmoqchi edim, rahbarim qarshilik qildi. Mening oylik maoshimdan 109 ming so‘m ushlab qolingan», deydi paxtaobodlik o‘qituvchilardan biri.

Shuningdek, Shahrixon tumanida ta’lim muassasalari hashar uchun qancha pul o‘tkazib berishi kerakligi haqida jadval ishlab chiqilgan. Mazkur jadvalda maktablardagi barcha o‘qituvchilarning bir kunlik ish haqi hisoblanganini ko‘rish mumkin. Aslida, Vazirlar Mahkamasi farmoyishida ham, viloyat hokimi farmoyishida ham bir kunlik ish haqi emas, «xodimlarning ixtiyoriy mablag‘lari» haqida gap boradi. Bu, xodim hashar uchun o‘zi istagan miqdorda mablag‘ ajratishi mumkinligini (agar xohlasa) anglatadi.

Viloyat xalq ta’limi boshqarmasi axborot xizmati hasharga mablag‘ ushlab qolish bo‘yicha boshqarma tomonidan topshiriq berilmaganini ta’kidladi.

«Biz boshqarma tomonidan hasharlarga pul ushlab qolmaslik bo‘yicha topshiriq xati chiqarganmiz. Agar shunday holat bo‘lsa, bu tuman va shahar hokimliklaridan berilgan topshiriq bo‘lishi mumkin», – deya ma’lum qildi boshqarma axborot xizmati rahbari Yodgorbek Madaminov.

Shuningdek, Paxtaobod tumanidagi shifokorlardan ham mablag‘lar majburiy tarzda ushlab qolingan. Sog‘liqni saqlash boshqarmasi ushbu holatga munosabat bildirib, o‘rganish olib borganini bildirdi.

«O‘rganish davomida tibbiyot birlashmasida mehnat qilayotgan xodimlarning bir kunlik ish xaqi xodimning yozma roziligisiz ushlab qolinishiga yo‘l qo‘yilmaganligi aniqlandi», – deyiladi boshqarma munosabatida.

Murojaatchilardan birining ma’lum qilishicha, «hashar puli» majburiy ushlab qolinishi bo‘yicha nafaqat davlat, balki nodavlat tashkilotlarga ham topshiriq berilgan.

«Andijon tumanidagi nodavlat notijorat tashkilotda faoliyat olib boraman. Tuman hokimligidan menga qo‘ng‘iroq qilib, hashar uchun bir kunlik ish haqimni «Saxovat va ko‘mak» jamg‘armasi hisob raqamiga o‘tkazishimni aytishdi. Men davlat tashkilotida ishlamasligimni aytsam ham topshiriq ekanini ta’kidlashdi. Ilojsiz bir kunlik ish haqimni o‘tkazib berdim», deydi u.

Holatga oydinlik kiritish maqsadida viloyat hokimligi axborot xizmati bilan bog‘landik. Hokimlik axborot xizmati ham ish haqidan majburiy ushlab qolinishi bo‘yicha hech qanday og‘zaki yoki yozma tarzda topshiriq berilmagani, agar shunday bo‘lsa bu bevosita tashkilot rahbarining o‘ziga bog‘liq ekanini ta’kidladi.

Rasmiylarning izohlari va murojaatchilarning noroziliklari bir-birini rad etyapti. Tegishli tashkilotlar bu borada o‘rganish olib borishi va majburan ushlab qolingan oylik ish haqlari o‘z egalariga qaytarilishi lozim.

Mavzuga oid