O‘zbekiston | 17:54 / 28.06.2022
6821
2 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda yana savdo do‘konlari yonib ketdi

Bu iyun oyida viloyatda savdo do‘konlari yonib ketishi bilan bog‘liq oltinchi hodisa.

Foto: KUN.UZ

Samarqand viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi axborot xizmatining xabar berishicha, 2022 yil 27 iyun tunda 4R-46 avtomobil yo‘lining Past Darg‘om tumani “Yangiobod” MFY hududidan o‘tuvchi 25-kilometrida, yo‘l yoqasida joylashgan, 1989 yilda tug‘ilgan fuqaro Sh.U.ga tegishli bo‘lgan yengil konstruksiyali savdo do‘konida yong‘in sodir bo‘lgan.

Yong‘in haqida Past Darg‘om tuman FVBga soat 22:44da xabar kelib tushgan. Hodisa joyiga yong‘in o‘chirish bo‘linmalari soat 22:47 da yetib borgan. Soat 23:06da yong‘in qurshab olgan va soat 00:11da bartaraf etilgan. Yong‘inni bartaraf etishga tuman FVBning 3ta yong‘in-qutqaruv ekipaji jalb etilgan.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, yong‘in oqibatida omborxona va savdo do‘konining taxminan 100 metr kvadrat maydonda shift, tom qismi va savdo do‘koni ichidagi aralash mahsulotlari yonib, zararlangan.

Qayd etilishicha, hodisada hech kim tan jarohati olmagan va halok bo‘lmagan. Hozirda yong‘inning kelib chiqish sababi va zarari aniqlanmoqda.

Avvalroq, iyun oyining boshida Samarqand viloyatida bir hafta mobaynida savdo do‘konlari yonib ketishi bilan bog‘liq to‘rtta yong‘in sodir bo‘lgandi.

Mavzuga oid