Jamiyat | 14:44 / 16.10.2022
73018
10 daqiqa o‘qiladi

Internetni portlatgan «karatist kelin» – Littos bilan eksklyuziv intervyu

Littos nomi bilan tryuklar bajaradigan akrobat kelin - Asal Saparbayeva ijtimoiy tarmoq kuzatuvchilarini hayratga solmoqda. Uning ayrim videolari 150 million martagacha ko‘riladi. O‘zbek kelini obrazini o‘z qobiliyati bilan boshqa davlatlarga ham tanitishdan faxrlanadigan tajribali sportchi barcha feyk yoki montaj deb o‘ylaydigan tryuklarni qanday qila olishi, blogerlik faoliyati va hayoti haqida Kun.uz’ga gapirib berdi.

Asal Saparbayevani ko‘pchilik internetda Littos (Instagram: @_littos) sifatida taniydi. 7-8 yil davomida O‘zbekiston terma jamoasi tarkibida bo‘lgan. Sportchi Oksana Chusovitina unga o‘xshagan sportchilarni bir jamoaga yig‘ib, jamoani har xil shaharlarga musobaqalarga olib borgan.

Asal bir necha karra O‘zbekiston chempioni, O‘rta Osiyo va Janubiy Osiyo chempioni bo‘lgan. Osiyo o‘yinlarining bronza medali sohibasi. Butun Jahon kubogining bronza medalini qo‘lga kiritgan. 

«Sport bilan shug‘ullanib, hayotim izga tushgan»

2014 yilda professional sport bilan shug‘ullanishni to‘xtatdim. Hozir ko‘proq bloger, kaskadyor va aktrisaman. Faqat formada bo‘lib turish va boshqalarni tryuklarim bilan hayratlantirish uchun sport bilan shug‘ullanaman.

Yoshim 28da. 16 yil davomida professional sport gimnastikasi bilan shug‘ullanganman. Sportga meni 5 yoshligimda buvim olib kirganlar, chunki uyda doim yugurardim, sakrardim…

Foto: Asal Saparbayevaning shaxsiy albomidan

Bir marta onam uyg‘onib qarasalar, boshimni yerga qo‘yib, oyog‘imni osmonga cho‘zib uxlayotgan bo‘lganman. O‘shanda onam qo‘rqib ketib, psixik jihatdan sog‘lig‘im yaxshi emas deb o‘ylaganlar, opam va buvimni chaqirganlar. Buvim menga qarab sportga berish kerakligini tushungan. Shundan keyin sportga qatnay boshladim va hammasi yaxshi bo‘ldi. Hamma kasalliklarim tuzalib ketdi. Uyqum ham normallashdi. 

Katta sportdan ketish va blogerlik

Aynan blogerlik faoliyatimni karantinda – hamma uyda o‘tirganda boshladim. Katta sportdan ketganimdan keyin sahnada namoyishlar qo‘yadigan artist bo‘lganman. Karantingacha jamoam bilan Xitoyda olovli halqa bilan bajariladigan tryuklar namoyish qilardik. Karantin boshlanishi bilan O‘zbekistonga keldik, bu yerda ishlashni boshladik.

Turmush o‘rtog‘im Yaroslav ham operator, ham montajyor, u yoshligidan video bilan ishlaydi. Bu uning hobbisi, men esa ko‘proq sportchi va aktrisaman.

Asal turmush o‘rtog‘i bilan.
Foto: Yaroslavning shaxsiy albomidan

Shunday qilib biz birga uyda videolar olishni boshladik. Ularni TikTok, Instagram va boshqa ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirardik. O‘shanda tushundikki, bizning videolarimiz katta auditoriyani qamrab olyapti. Shunday qilib, blogerlik faoliyatimni yuritadigan Littos blogim paydo bo‘ldi.

Aynan nega Littos deydigan bo‘lsangiz, bu so‘zning ma’nosi Life in the times of sport, ya’ni Sport vaqtidagi hayot degani. 

«Kelin obrazi millionlarni jalb qila oldi»

Kelin obrazi bizga bir o‘zbek musiqiy guruhi murojaat qilib o‘zbekcha qo‘shiqqa video ishlab berishni taklif qilgach paydo bo‘ldi. Ular o‘sha video 1 million marta ko‘rilishi kerak degan shart qo‘ydi. O‘sha vaqtda bizda bunaqa katta auditoriyani qamrab olgan video hali bo‘lmagan edi.

Turmush o‘rtog‘im bilan uzoq o‘yladik va kelin obrazi qiziq bo‘ladi deb o‘yladik. Karantin edi, do‘kon va bozorlar ishlamas edi. Hech qayerdan o‘zbek kelini obrazini yaratadigan kiyimlarni topa olmadik. Yaqinlarimiz va do‘stlarimizdan yordam so‘radik, bir dugonam menga sandig‘idan juda eski kelinchak ko‘ylagini olib berdi. «Sal eski, ba’zi joylari yirtilgan, tikib to‘g‘rilab videongni olaver» dedi u.

Videomiz turnikda olindi, shunchaki ko‘cha supurayotib ham tryuklar qildim. O‘sha kuniyoq video tarmoqlarga joylashtirildi va effekti bomba bo‘ldi. Bir necha kun ichida 1 million ko‘rishlarga erishdik.

Hozir esa bir million emas, ba’zi videolarimiz 150 milliongacha ko‘riladi, millionlab layk yig‘adi. Biz o‘shanda tushundikki, bu obraz bizning mentalitetimiz va madaniyatimizga juda mos tushdi. 

«Tryuklarimni montaj deb o‘ylashadi»

Ko‘pchilik menga kommentlarda va dayrektda videolardagi tryuklarimni montaj yoki kompyuter grafikasi deb o‘ylashganini yozadi. Lekin bunday emas. Chunki avval aytganimdek, men bu bilan 22 yildan beri shug‘ullanaman.

Ba’zida biz videoni 5 daqiqa ichida olishimiz va montajga ham 10 daqiqacha sarflashimiz mumkin. Ba’zida esa tryuk qilishga 2 kundan 5-6 kungacha tayyorgarlik qilamiz. Hammasi uning qiyinligiga bog‘liq. 

«3 tonnalik mashinani torta oldim»

Yaqinda mashina tortgandim, to‘g‘risini aytsam, shuni qila olishimga ishonmagandim, turmush o‘rtog‘im «cen qila olasan» deb aytdi. «Nima deganingiz bu, men juda kichkina, mashina esa katta, qo‘limdan kelmaydi» dedim. U «kel, harakat qilib ko‘ramiz» dedi va biz maydonga keldik. Mashinaga qaradim va u juda katta edi, uni rejimini neytral holatga qo‘ydik va Yaroslav mashinani bir qo‘l bilan itarishni boshladi va u bu narsani uddaladi. Keyin men harakat qilib ko‘rdim: bilasizmi, juda hayron qoldim, chunki men uddaladim.

Mashina Tundra edi, taxminan og‘irligi 3 tonna bo‘ladi. Eng qiyini mashinani harakatga keltirish ya’ni joyidan siljitish, keyin o‘zi harakatlanib ketadi. Shuning uchun buni qilish imkoni bor. Katta pahlavon erkaklar samolyot va poyezdlarni tortganini ko‘rganman va bu feyk deb o‘ylaganman, o‘zim qilib ko‘rganimdan keyin buning imkoni borligini tushundim. 

«Ko‘rinishim 10 yoshga yoshroq»

Ko‘pchilik mendan nega yosh ko‘rinasiz, deb so‘raydi. O‘zim 28 yoshman, lekin ko‘pchilik men 16–18 yoshda deb o‘ylaydi. Yosh ko‘rinishimning siri ham sport bilan shug‘ullanishim va ham sog‘lom, aktiv hayot tarziga amal qilishimdir.

Foto: Asal Saparbayevaning shaxsiy albomidan

Lekin sportda ham tanganing ikki tomoni bor: travmalar haqida ham aytmoqchiman. 22 yil sport bilan shug‘ullangan bo‘lsam, hech qayerimni sindirmaganman – bitrota singan joyim yo‘q, ko‘z tegmasin.

Qo‘l suyaklarimda darz ketgan joylari bor, a yo‘q uzr adashibman, 3 oy oldin barmog‘imni sindirganman va buni o‘zim bilmay qolganman. Shifokor barmog‘ingni sindirib olgansan deb aytdi, to‘g‘risini aytsam, buni sezmaganman. Men og‘riq bilan shug‘ullanishga o‘rganib qolganman. 

«Blogingda sportdan ko‘ra ko‘proq pul topaman»

Albatta blogerlik faoliyatida sportdan ko‘proq pul topaman. Chunki ijtimoiy tarmoqlar — Instagram, TikTok’dan emas, reklamadan pul topaman. Bizga reklama beruvchilar buyurtma beradi, biz o‘zimiz g‘oya topib, videoga olib, montaj qilib tarmoqlarga joylashtiramiz. Reklamani o‘zimizga moslashtirib qilamiz. Ko‘pchilik shuning uchun bu reklama roligi ekanini hatto bilmaydi ham. 

Ko‘chada ko‘pchilik uni taniydi

Oldin faqat kelin obrazida bo‘lsam, odamlar ko‘chada tanirdi, hozir qanaqa kiyimda bo‘lsam ham – xoh sport kiyimi va xoh oddiy kiyimda, ko‘rib tanishadi va kelib siz karatist opa siz-a deyishadi.

Negadir meni karatist sifatida tanishadi. Menga yaxshi munosabatda bo‘lishadi, «e, nima, kimsan» deb muomala qilishmaydi. Lekin hamma ham adekvat emas, ko‘pincha turmush o‘rtog‘im bilan yuraman. Kelib, qo‘limni ushlab yoki tegina boshlaydigan odamlar ham bor. Bu men uchun normal holat emas. 

«O‘z maktabimni ochaman…»

Menga o‘z maktabimni ochish borasida juda ko‘p taklif berishgan. Ammo menga kimgadir o‘rgatishdan ko‘ra, o‘zim qilganim yoqadi. Kelajakda ona bo‘laman va sport tryuklarining ko‘pini qila olmayman. Shunda maktab ochish niyatim yo‘q emas.

Ko‘pchilik turmushga chiqqanmisiz yoki yo‘qmi deb so‘raydi, men turmushga chiqqanman. Turmush o‘rtog‘imni 8 yildan beri taniyman va u bilan oila qurganimizga 5 yil bo‘ldi.

Eng katta orzum shuki, bugungi kundagi vaziyatdan kelib chiqib, butun dunyoda tinchlik bo‘lsin, hamma bir-birini tushunsin, qo‘llab-quvvatlasin. Undan tashqari, ota-onam, yaqinlarim va hamma-hamma hech qachon kasal bo‘lmasin. 

Madina Ochilova suhbatlashdi.
Operator va montaj ustasi: Javohir G‘ayratov.

Mavzuga oid