O‘zbekiston | 10:00 / 24.12.2022
30010
5 daqiqa o‘qiladi

Qonun va suddan ustun bo‘lishga urinayotgan vazir. Professor nega lavozimiga qaytarilmayapti?

Jinoiy ish qo‘zg‘atilib, lavozimidan chetlatilgan professor unga qo‘yilgan ayblov va ehtiyot choralari bekor qilingach ham ishga tiklana olmayapti. Sog‘liqni saqlash vaziri Behzod Musayev sudning ishga tiklash haqidagi qarorini 6 oydan buyon bajarmay keladi.    

Foto: Kun.uz

Taniqli onkolog shifokor, professor G‘olib Hakimov qariyb 2 yil oldin sud ajrimi asosida sog‘liqni saqlash vazirining buyrug‘i bilan Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va tibbiy radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Toshkent shahar filiali bosh shifokori lavozimidan chetlatilgan. Bunga professor rahbarlik qilayotgan shifoxonada bo‘lim boshlig‘i bo‘lib ishlovchi Alisher Mingboyevning ijtimoiy tarmoqlarga qilgan chiqishi ortidan filial mansabdor shaxslariga jinoiy ish qo‘zg‘atilgani sabab bo‘lgan. O‘shanda Alisher Mingboyev G‘olib Hakimov boshchiligidagi bir guruh shaxslarni korrupsiyada ayblagan, qarshi taraf esa bu tuhmat ekanini aytgandi

Alisher Mingboyevning ijtimoiy tarmoqlardagi chiqishi ortidan Chilonzor tumani prokuraturasi 2021 yil 12 fevral kuni Toshkent shahar onkologiya markazi mansabdorlariga jinoiy ish qo‘zg‘atadi. Dastlabki tergov harakatlari olib borilib, 2021 yil 22 fevral kuni filial bosh shifokori G‘olib Hakimovga nisbatan Jinoyat kodeksining 167-moddasi 2-qismi “g” bandi bilan ayblov e’lon qilingan hamda sudning ajrimi bilan u lavozimidan chetlashtirilgan.

Jinoyat ishi 2022 yil 1 fevral kuni harakatdan tugatilib, professorga qo‘yilgan ayblov va ehtiyot choralari bekor qilingan.

G‘olib Hakimovga qo‘llangan ehtiyot choralari, jumladan jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tumani sudining ajrimiga asosan lavozimidan chetlashtirilishi bekor qilingach, u o‘z ishiga qaytishi kerak edi. Ammo bunday bo‘lmadi: professor lavozimiga qaytish yo‘lida ko‘plab to‘siqlarga uchradi. Sog‘liqni saqlash vaziri Behzod Musayev ishni chigallashtiravergach, vaziyatga Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi aralashgan: vazir o‘rinbosari nomidan Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari nomiga xat chiqarilib, professorni o‘z lavozimiga qaytarish so‘ralgan. Lekin bundan ham natija chiqmagan: professorni ishga tiklash haqidagi buyruq vazir Bexzod Musayevning ish stolida imzo kutib yotavergan. 

2022 yil 30 iyun kuni Toshkent shahar Bandlik bosh boshqarmasi davlat mehnat inspeksiyasi da’vosi bilan fuqarolik ishlari bo‘yicha Shayxontohur tumani sudi ishni ko‘rib chiqqan. Sudning hal qiluv qarori bilan Sog‘liqni saqlash vazirligiga G‘olib Hakimovni o‘z lavozimiga qaytarish majburiyati yuklatilgan. Vazirlikning apellyatsiya shikoyati asosida 2022 yil 11 oktyabr kuni ishni qayta ko‘rgan Toshkent shahar sudi fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati birinchi instansiya sudi qarorini o‘z kuchida qoldirgan.

Sudning qarorini bajarmayotgan bir paytda MIB tomonidan qo‘zg‘atilgan ijro ishi tibbiyot vaziriga “devorga kesak otilganicha bo‘lmagan”.

17 ta ishchi guruh tekshirdi. Sog‘liqni saqlash vazirligi har safar bu tekshiruvlar natijasini tan olmasdi. Oxiri Bosh prokuror qabulida bo‘ldim va hech kimga bo‘ysinmaydigan ishchi guruh tuzishni so‘radim. Shu tariqa barcha tekshirilgan narsalar yana qayta tekshirildi. Agar ular arzimagan summada kamomad topishganida, meni qamab yuborishlari aniq edi.Vazirlik sudning qarorini ochiqchasiga bajarmayapti va bu oshkora adolatsizlik hisoblanadi. Vazir nega bunaqa yo‘l tutayotgani va buning ortida nima borligi men uchun ham qiziq”, — demoqda G‘olib Hakimov.

Bugungi kunda O‘zbekistonda 100 mingdan ortiq onkologik kasalga chalingan bemor bor va ularning 30 foizdan ortig‘i og‘ir ahvolda. 100 ming bemorning 10 mingga yaqini esa 18 yoshga to‘lmagan bolalar. Shunday vaziyatda Sog‘liqni saqlash vaziri sohaning yetuk mutaxassisiga bu shaklda adolatsizlik qilishi tushunarsiz. Aslida, MDH davlatlarida ham taniqli bo‘lgan onkolog shifokorning ilmi va salohiyatidan unumli foydalanish o‘rniga unga bu tariqa bosim o‘tkazish O‘zbekiston tibbiyotini orqaga sudrash bilan tengdir.

Ruslan Saburov,
Kun.uz muxbiri

Mavzuga oid