Jahon | 18:32 / 21.03.2023
8992
2 daqiqa o‘qiladi

Timur Bekmambetov Xo‘ja Nasriddin haqida animatsion film suratga oladi

Loyiha Turkiya tomonidan moliyalashtiriladi.

Foto: Erik Pendzich/Shutterstock

Rossiyalik-qozog‘istonlik mashhur rejissyor va prodyuser Timur Bekmambetov Markaziy Osiyoning mashhur xalq qahramoni Xo‘ja Nasriddin haqida animatsion film suratga oladi.

Bekmambetovning Bazelevs kompaniyasi Turkiyaning Yeni Dusler Animation kompaniyasi bilan bu haqda shartnoma imzoladi.

Bekmambetov birinchi marta ingliz tilida animatsion film yaratadi. U 2024 yilda ekranlarga chiqishi rejalashtirilgan, ovoz beruvchi aktyorlar esa shu yil oxirida e’lon qilinadi.

Xo‘ja Nasriddin – Markaziy Osiyo xalqlari dostonidagi eng mashhur obrazlardan biri, u turli hayotiy vaziyatlarga tushib qolgan, ammo o‘zining zukkoligi va donishmandligi tufayli har doim yakunda g‘olib chiqadigan sargardon faylasuf va hazilkashdir.

Ushbu loyiha ustida Turkiyadan tashqari Qozog‘iston va O‘zbekiston ham ishlaydi. Har bir ishtirokchi mamlakatda Bekmambetov animatsiya maktabini ochadi va professional aktyorlar, animatsiya dizaynerlarini tayyorlaydi.

Qayd qilinishicha, O‘zbekistondagi maktab allaqachon ochilgan va uning 30 nafar bitiruvchisi animatsiya filmi ustida ish boshlagan.

2020 yilda Bekmambetov Xo‘ja Nasriddin haqida qo‘g‘irchoq tomoshasini sahnalashtirib, Moskvada namoyish etgan edi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid