Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Qo‘qondagi voqea birinchisi emas. Nega O‘zbekistonda bozorlar ko‘p yonadi?
Elektr simlari ochiq joylardan tartibsiz tortilgan. Yong‘in xavfsizligi qoidalariga umuman rioya qilinmaydi. O‘t o‘chirish burchaklari nomiga qilingan. Rastalar orasidagi yo‘laklar egallab olingan. O‘zbekistondagi aksariyat dehqon va buyum bozorlaridagi umumiy vaziyat shunday.
Kecha, 12 iyun kuni Qo‘qon shahridagi yirik bozorlardan birida yong‘in sodir bo‘ldi va yuzdan ortiq tadbirkor zarar ko‘rdi. Yong‘inni o‘chirishga 20 ta o‘t o‘chirish mashinasi jalb qilingan.
Hozircha yong‘inga nima sabab bo‘lgani ochiqlanmadi. Biroq Qo‘qon bozoridagi yong‘inga o‘xshash hodisalarning aksariyatida yong‘inga qisqa tutashuvlar sabab bo‘lgani taxmin qilinadi. Quyida so‘nggi yillarda O‘zbekistonning turli hududlarida sodir bo‘lgan bozor yong‘inlari, ularning kelib chiqish sabablari va yechimlar haqida so‘z yuritamiz.
Surxondaryo viloyati Boysun tumani. 2020 yil 5 fevral kuni Boysun tumanidagi Ibodullo bobo savdo kompleksida yong‘in kelib chiqadi. Oqibatda jami savdo kompleksidagi 253 ta savdo do‘konidan 36 tasi yonib ketgan. Viloyat hokimligi axborot xizmati tarqatgan xabarda “Yong‘in sababi aniqlanmoqda. Qo‘shimcha ma’lumotlar beriladi” deyilgan bo‘lsa-da, Boysundagi yong‘inga nima sabab bo‘lgani ochiqlanmagan.

Toshkent viloyati Parkent tumani. 2020 yil 7 mart kuni tunda Parkent tumanidagi dehqon bozorida yong‘in sodir bo‘ldi. Yong‘inni o‘chirishga 11 ta o‘t o‘chirish mashinasi va 10 dan ortiq yordamchi texnika jalb qilingan.
Dastlabki xulosalarga ko‘ra, yong‘inning kelib chiqishiga elektr energiyasidan noto‘g‘ri foydalanish sabab bo‘lgan. FVV matbuot xizmati yong‘in oqibatida qancha tadbirkor zarar ko‘rgani va nechta do‘kon yongani haqida ma’lumot bermagan.

Toshkent shahri. 2020 yil 22 iyul kuni Olmazor tumani Qorasaroy ko‘chasi 314-uyda joylashgan qurilish mollari do‘konida yong‘in kelib chiqadi. Oqibatda, qurilish mollari do‘konlarining 200 metr kvadrat maydoni yonib ketadi.
Samarqand viloyati Oqdaryo tumani. 2020 yil 12 noyabr kuni soat 18:25 larda Oqdaryo tuman markazi Loyish shaharchasining Amir Temur ko‘chasida joylashgan «Oqdaryo Savdo kompleksi» MChJga qarashli buyum bozorida yong‘in sodir bo‘ldi. Mazkur yong‘inda 14 ta do‘kon yonib ketgan. FVV mazkur hodisaga yong‘in xavfsizligi qoidalariga rioya qilinmagani sabab bo‘lgan.

Andijon viloyati. 2020 yil 17 noyabr kuni tunda Andijon tumanidagi Sultonobod mahallasi hududida joylashgan «Yorboshi vodiy savdo» MChJga tegishli oshxona va savdo do‘konlarida yong‘in sodir bo‘ldi. Oqibatda 20 ta do‘kon yonib ketdi. Hodisaga yong‘in xavfsizligi qoidalariga rioya qilinmagani sabab bo‘lgan.

Samarqand viloyati Ishtixon tumani. 2021 yil 13 iyun kuni tunda Ishtixon tumani «Qora qo‘yli» MFY, Alisher Navoiy ko‘chasida joylashgan «Ishtixon dehqon bozori» MChJ hududida yong‘in sodir bo‘ladi. Oqibatda qariyb 150 metr kvadrat maydonda qurilgan ochiq savdo rastasi yonib ketadi. Qizig‘i, aynan shu bozorda 2019 yilda ham yong‘in sodir bo‘lgan va savdo do‘koni yonib ketgandi.
Samarqand viloyati Bulung‘ur tumani. 2021 yil 31 avgust kuni Bulung‘ur tumani «A.Temur» MFY Bulung‘ur shohko‘chasida joylashgan, «Bulung‘ur buyum savdo kompleks» MChJga qarashli ikki qavatli savdo do‘konlarida yong‘in sodir bo‘ladi. Oqibatda MChJga qarashli 5 ta, unga tutash bo‘lgan 15 ta do‘kon yonib ketgan.
Samarqand viloyati Urgut tumani. 2021 yil 24 dekabr kuni soat 9:10 larda Urgut tumani «Mergancha» MFY hududida joylashgan Urgut kiyim-kechak bozorida yong‘in sodir bo‘lgan. Oqibatda 6 ta savdo do‘koni yonib ketgan.
Namangan shahri. 2022 yil 21 iyul kuni tunda Namangan shahri markazidagi Chorsu bozorida yirik yong‘in sodir bo‘ladi. Rasmiy xabarda aytilishicha mazkur yong‘inda bozorning non rastasi shift hamda tom qismidan 600 metr kvadrat joyi va jihozlar, bozor hududiga tutash «Zulayho sanoat savdo» MChJga qarashli dorixona va uchta savdo do‘konining shift, tom qismidan 200 metr kvadrat joyi jihozlari bilan, jami 800 kvadrat metr maydon yonib ketgan. Yong‘inga elektr simlarining qisqa tutashuvi sabab bo‘lgani taxmin qilingan.
Samarqand viloyati Narpay tumani. 2022 yil 5 iyun kuni Narpay tumani “Sari bozor” MFYda joylashgan oziq-ovqat do‘konlarida yong‘in sodir bo‘ladi. Garchi rasmiy ma’lumotda uchta do‘kon yongani aytilsa-da, ijtimoiy tarmoqlarda o‘ndan oshiq do‘konlar yonayotgani tasvirlangan videolar tarqalgan.
Andijon shahri. 2022 yil 19 oktyabr kuni sahar payti Andijon shahridagi “Jahon savdo kompleksi” AJga qarashli do‘konlarda yong‘in sodir bo‘lgan. Oqibatda bozor hududidagi 56 ta do‘kon yonib ketgan. Yong‘inga elektr simlarining qisqa tutashuvi sabab bo‘lgani taxmin qilingan.

Qarshi shahri. 2023 yil 7 iyun kuni Qarshi shahar Yerqo‘rg‘on bozori hududida joylashgan ikki qavatli do‘konning 2-qavatida yong‘in sodir bo‘ladi. Oqibatda savdo do‘konining 210 metr kvadrat joyida ichi, tom qismi yonib ketadi.
Toshkent shahri. 2023 yil 8 iyun kuni soat 12:50 larda Yunusobod tumani Amir Temur ko‘chasida joylashgan do‘kon va dorixonada yong‘in sodir bo‘ladi. Oqibatda, do‘kon va dorixonaning old tomoni qismida 80 metr kvadrat joy yonib ketadi.

Nega bozorlarda tez-tez yong‘in sodir bo‘ladi?
O‘zbekistondagi turli bozorlarda tez-tez sodir bo‘layotgan yong‘inlar haqida rasmiy xabar berilganda ayrim hollarda ularning kelib chiqish sabablari taxminan aytiladi. Qolganlarida «Hozirda yong‘inning kelib chiqish sabablari o‘rganilmoqda», deyiladi xolos.
Biroq bozorlarda tez-tez yong‘in sodir bo‘lishining sabablari mas’ul tashkilotlarga ma’lum. Shunday bo‘lsa-da o‘z taxminlarimizni keltiramiz.
Elektr energiyasi tarmoqlari palapartish va tartibsiz tortilgan.
E’tibor berilsa, turli bozorlarda elektr simlari juda tartibsiz ravishda o‘tkazilganiga guvoh bo‘lish mumkin. Bunda kimdir simlarni ochiq joyda devor bo‘ylab tortgan. Boshqasi hatto oyoq ostiga tashlab qo‘ygan bo‘lishi ham mumkin. Bunday holatda qizib ketgan simlar bozordagi tez yonuvchan narsalarning osongina o‘t olishiga sabab bo‘ladi.
Aslida aksariyat bozorlardagi savdo do‘konlarida simlar devor orasidan tortiladi. Biroq keyinchalik turli nosozliklar paydo bo‘lganda tadbirkorlarning aksariyati uni tuzattirish o‘rniga elektr simlarini ochiq joydan tortib kelishni afzal bilishadi. Oqibatda, bu qisqa tutashuv va yong‘inlarga sabab bo‘ladi.
Yong‘in qoidalariga amal qilmaslik
Aksariyat bozorlarda na sotuvchilar, na bozor ma’muriyati yong‘in xavfsizligi qoidalariga mutlaqo amal qilmaydi. Bozor hududida suv olish mumkin bo‘lgan joylar nomiga qilib qo‘yilgan. Yoki o‘t o‘chirish burchaklari qilinmagan. Qilinganlari ham talabga javob bermaydi.
Yangi bozorlar qurilayotgan vaqtda yer ostidan quvurlar yotqizilib, favqulodda vaziyatlarda suv olish uchun har-har joyda jo‘mrak o‘rnatilib ketsa bo‘ladi. Biroq aksariyat bozorlarda bunday qilinmagan. Bozor chetlarida suv saqlash sig‘imi qilib qo‘yilgan, biroq yong‘in bozorning narigi chekkasidan boshlansa, bunday sig‘imlardan suv olishning mutlaqo imkoniyati yo‘q.
Bozorlarda o‘t o‘chiruvchi mashinalar kirib borishi uchun qo‘yilgan yo‘laklar egallab olingan
Bu ishda faqat o‘shanday joylarda savdo qilayotgan odamlarni ayblab bo‘lmaydi. Aksariyat bozorlarda, savdo komplekslarida rahbariyat yo‘laklar o‘rnini yakka tartibdagi tadbirkorlik bilan shug‘ullanuvchi odamlarga ijara shartnomasi bilan berib yuborgan.
Oqibatda, yo‘laklar o‘t o‘chiruvchi mashinalar uyoqda tursin, odamlar zo‘rg‘a harakatlanadigan holatga kelib qolgan.
Ismi sir saqlanishini so‘ragan tadbirkorlardan biri yo‘laklar egallab olinganidan jabr chekishlarini, bozor o‘rtasidagi savdo do‘koniga hatto aravada yuk olib kirish muammo bo‘lishini, biroq yo‘laklarni ijara shartnomasi bilan odamlarga bo‘lib bergan bozor direktoriga e’tiroz bildira olmasliklarini aytdi.
Aksariyat hollarda yong‘in sodir bo‘lganda o‘t o‘chirish bo‘linmalarini kech kelganlikda ayblashadi. Bunday holatlar ham bo‘lishi mumkin. Biroq gap bozorlarda sodir bo‘ladigan yong‘inlar haqida ekan, tez yetib kelgan o‘t o‘chirish mashinalari yo‘laklar egallanib olingani uchun yong‘in sodir bo‘layotgan joyga ancha-munchada yetib borolmasligi ham bor gap.
Shu sababli aksariyat hollarda bozor hududida sodir bo‘lgan kichik yong‘inlar o‘t o‘chirish mashinalari amallab kirib kelguncha yirik yong‘inlarga aylanib ketyapti.
Holatni tartibga olish mumkinmi?
Bozorlarda yong‘in sodir bo‘lishi bilan bog‘liq holatlarning oldini olish, ularni kamaytirish yoki olovning keng miqyosda tarqalib ketishining oldini olish aslida juda qiyin ish emas.
Buning uchun eng birinchi navbatda bozorlarda yo‘laklarni ochib qo‘yish kerak.
Bozordagi elektr simlarining tortilishi bilan bog‘liq ishlar qat’iy nazoratga olinishi, o‘zboshimchalik qilishda davom etadiganlarga qonuniy chora ko‘rilishi zarur.
Shuningdek, bozorlardagi yong‘in xavfsizligi masalasiga jiddiy qarash lozim. Bozorlarning aksariyati juda yaxshi daromad kelib tushadigan joy hisoblanadi. Shunday ekan, bozor hududida o‘t o‘chirish burchaklari sonini ko‘paytirish, quvurlar orqali suv tortish ishlari bajarilishi kerak.
Ayrim bozorlarda mabodo yo‘laklarni umuman bo‘shatishning iloji bo‘lmaganda ana shu suv tortilgan quvurlar yong‘in o‘chirishda asqatishi mumkin.
Mas’ullarning e’tiborsizligi
Yuqorida bozorlarda yong‘inlarga sabab bo‘layotgan, ularning ko‘lamini oshirayotgan sabablar va yechimlari keltirildi. Biroq katta ehtimol bilan hech narsa o‘zgarmaydi va bozorlarda yong‘in kelib chiqishi davom etaveradi.
Chunki uzoq yillardan buyon bozorlardagi yong‘in xavfsizligi va yo‘laklar egallab olingani bilan bog‘liq muammo saqlanib qolyapti. Har bir viloyatda SEOJS bo‘limlari va FVBdan tashqari bozorlardagi holatlarga javobgar bo‘lgan mas’ul shaxslar bor. Shunday bo‘lsa-da, muammolar bartaraf etilishi o‘rniga battarlashib boryapti.
Mas’ul shaxslar boshchiligidagi komissiya yil bo‘yi tinmaydi va turli bozorlarga borib u yerdagi salbiy holatlar aniq misollar bilan tanqid qilinadi. Vaziyatni to‘g‘rilash bo‘yicha topshiriqlar beriladi. Biroq hech narsa o‘zgarmaydi. Zudlik bilan bajarilishi lozim bo‘lgan ishlar «eski hammom, eski tos» qabilida qolaveradi.
Eng yomoni, bozorlar bo‘yicha viloyatdagi mas’ullar joylarda o‘zlari bergan topshiriqlar bajarilmaganini yaxshi bilishadi. Ko‘p o‘tmay yana borib tanqid qilishadi. Holatni videoga tushirib, rasmiy Telegram-kanallariga joylashadi. Biroq oradan yillar o‘tsa ham, hech narsa o‘zgarmaydi.
Buning sababini mahalliy amaldorlarning bozorlar ma’muriyatlari bilan o‘z hisob-kitoblariga egaligi bilan izohlash mumkindir ehtimol.
Oqibatda esa, yana qayerlardadir bozor yonsa, davlat zarar ko‘rmaydi. Bozor nazorati bo‘yicha mas’ullar jabrlanmaydi. Faqat sho‘rpeshona tadbirkorlar zarar ko‘radi.
G‘ayrat Yo‘ldosh,
jurnalist
Mavzuga oid
20:09 / 25.05.2025
Toshkentdagi ko‘p qavatli uylarning birida yong‘in chiqdi
08:10 / 24.05.2025
Toshkentda Nissan avtomobili yonib ketdi
21:35 / 22.05.2025
Xorazm viloyati Markaziy Banki binosida yong‘in yuz berdi
19:31 / 18.05.2025