O‘zbekiston – Qirg‘iziston – Xitoy temiryo‘lini qurish 5 mlrd dollarga baholanmoqda
Poytaxtda transport masalalariga bag‘ishlangan sessiyada O‘zbekiston–Qirg‘iziston–Xitoy temiryo‘l liniyasini qurish loyihasining dastlabki qiymati 5 mlrd dollarga baholangani, “O‘zbekiston havo yo‘llari” 2027 yilgacha flotini 2 barobarga oshirishi kutilayotgani aytildi.
Toshkentda o‘tayotgan “Sheriklik tashabbuslari haftaligi”ning 6 iyul kungi dasturi doirasida yirik transport infratuzilma loyihalarini amalga oshirish hamda o‘zaro bog‘liqlikni barcha transport sohalarda rivojlantirish masalalariga bag‘ishlandi.
Tadbirda O‘zbekiston, Tojikiston, Qirg‘iziston, Latviya transport vazirlari, xalqaro tashkilotlar vakillari hamda 50 dan ortiq davlatlardan kelgan xorijiy mehmonlar ishtirok etdi.
Mutaxassislar xalqaro yuk tashuvlari va logistikani rivojlantirish orqali davlatlar o‘rtasida xalqaro savdoni kengaytirish, bu borada olib borilayotgan ishlarning ahamiyatiga to‘xtalib o‘tdi.
“Oxirgi yilning o‘zida qo‘shimcha 15 ta samolyot olib kelindi. Havo yo‘llari 2027 yilga borib o‘zining umumiy flotini 2 barobarga ko‘tarmoqchi. Ya’ni hozirda bu raqam 30 ta bo‘lsa, endilikda 60 taga yetkazishi kutilmoqda. Yangi xususiy aviakompaniyalar paydo bo‘lgani ham shu jumladan.
Temiryo‘l sohasi raqamlashgani, unda yagona darcha xizmati yo‘lga qo‘yilgani, yangi infratuzilmaviy loyihalar, xususan, transafg‘on, O‘zbekiston – Qirg‘iziston – Xitoy temiryo‘l loyihasi va o‘rta koridor uchun qilinayotgan tahliliy ishlarni ham misol qilib keltirsa bo‘ladi”, – deydi transport vazirining o‘rinbosari Jasurbek Choriyev.
Sessiyada xalqaro transport koridorini rivojlantirishda tilga olingan eng yirik infrzatuzilmaviy loyihalardan biri O‘zbekiston – Qirg‘iziston – Xitoy temiryo‘l qurilishi bo‘ldi.
Transport vazirligi huzuridagi Transport va logistikani rivojlantirish muammolarini o‘rganish markazi direktori Bekzod Xolmatovning Kun.uz'ga ma’lum qilishicha, hozirda loyihaning texnik-iqtisodiy asoslari shakllantirilgan, uni amalga oshirish uchun Bishkekda loyiha ofisi ham tashkil qilingan.
“[Tadbirda] Shu yilning o‘zida bu temiryo‘l qurilishining boshlanishi, ahamiyati, bu liniya qurilgach nafaqat O‘zbekiston va Qirg‘iziston, balki Markaziy Osiyo davlatlari uchun yangi xalqaro koridor bo‘lishi, mintaqani tranzit habiga aylantirishi mumkinligi haqida qisqacha to‘xtalib o‘tildi. Yaqin kunlarda Xitoyning Sian shahrida 3 tomonlama uchrashuv bo‘lishi kutilmoqda. O‘sha yerda loyihaning texnik-iqtisodiy asosini qabul qilish, kelgusi ishlarni amalga oshirish kelishib olinishi lozim. Loyihaning ma’lum bir yo‘nalishi aniqlab olingan, endilikda uni qanday amalga oshirish, moliyalashtirish manbalari qanday bo‘ladi, davlat-xususiy sheriklik masalalari bor, konsorsium tuzib, xalqaro moliya tashkilotlarining mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladimi – mana shu masalalar keyingi uchrashuvda muhokama qilinadi”, – dedi u.
Xolmatovga ko‘ra, mazkur loyihaning dastlabki qiymati 5 mlrd dollar atrofida baholangan. Ammo hozircha bu aniq summa emas, loyiha to‘laqonli ishga tushirilgach sarflanishi ko‘zlangan mablag‘ning miqdori ham ochiqlanishi aytildi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston – Qirg‘iziston – Xitoy temiryo‘l liniyasini qurish bo‘yicha ilk muzokaralar 2017 yildan boshlangandi.
2019 yilga kelib esa loyihani amalga oshirish yuzasidan Xitoy tomoni bilan muhokamalar o‘tkazilgan. Xitoylik mutaxassislar mazkur temiryo‘l liniyasi o‘tishi mumkin bo‘lgan hududlar bo‘yicha o‘z takliflarini bildirgandi.
Mavzuga oid
21:00 / 21.11.2024
AQSh–Xitoy ziddiyati va Tayvan omili: Trampdan nima kutish mumkin?
19:13 / 21.11.2024
Xitoyda 83 mlrd dollarlik oltin zaxirasi topildi
21:37 / 20.11.2024
«Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston» temiryo‘li bo‘yicha muzokaralar yakuniy bosqichda – OAV
20:34 / 20.11.2024