O‘zbekiston | 12:46 / 10.09.2023
10563
17 daqiqa o‘qiladi

San’atdagi judolik, xorijlik muallimlar va biznesga yengilliklar - hafta dayjesti

Ortda qolayotgan hafta davomida mamlakatimizda ro‘y bergan muhim voqea-hodisalar sharhi bilan Kun.uz dayjestida tanishing.

700 ming bola uchun birinchi qo‘ng‘iroq chalindi

Hafta ta’lim dargohlarida yozgi ta’til tugab, yangi o‘quv yilining start olishi bilan boshlandi. 4 sentabr kuni O‘zbekiston bo‘ylab 700 mingdan ortiq bola 1-sinfga qadam qo‘ydi. Ularga berilgan 12 turdagi o‘quv anjomlaridan iborat prezident sovg‘asi to‘plami avvalgilardan biroz farq qiladi. Sovg‘alar oldingidek qiz va o‘g‘il bolalarga alohida emas, balki ularning ikkalasiga ham mos tushadigan rang va dizaynda ishlab chiqilgan.

Bu yil maktab bitiruvchilari soni 400 ming, 1-sinfga qabul qilinganlar esa 700 mingdan ortiq bo‘lgani hisobiga, maktab o‘quvchilari soni 300 ming nafarga ko‘payib, jami 6,5 million nafardan oshdi. Bolalar hafta davomida maktablarida qiziq bir o‘zgarishga duch keldi: maktablarda chet ellik o‘qituvchilar paydo bo‘ldi. Ingliz tilini o‘qitishni kuchaytirish maqsadida bu yil til egalari bo‘lgan 500 nafar xorijlik pedagog xalq ta’limi tizimiga jalb etilyapti. Kelasi yil yana 1,5 ming nafar shunday mutaxassis olib kelinishi ko‘zda tutilgan.

Yangi o‘quv yilini ko‘tarinki ruhda boshlash uchun studentlarda ham sabab yo‘q emas. Davlat oliygohlarida barcha bosqich talabalari uchun to‘lov-kontrakt miqdori oshirilmaydigan bo‘ldi. 1-kurslar uchun super-kontrakt miqdorlari ham o‘zgarishsiz qoldi. Yetarli ball to‘play olmaganlar oshirilgan summani 15 oktyabrgacha to‘liq to‘lasa, 10 foiz chegirmaga ham ega bo‘ladi. Tibbiyot oliygohlarida super-kontraktni olib tashlash bo‘yicha yangilik bo‘lmadi, aftidan, Sog‘liqni saqlash vazirligining bu boradagi taklifi inobatga olinmaganga o‘xshaydi.

Baholash agentligi e’lon qilgan ma’lumotlarga ko‘ra, kirish imtihonlarida buxorolik talabalar eng yuqori ko‘rsatkichni qayd etgan. Doimiy yashash joyi Buxoro viloyatida bo‘lgan abituriyentlarning 28 foizi talabalikka tavsiya etilgan. Keyingi yuqori o‘rinlarni 24 va 23 foizlik ko‘rsatkich bilan Navoiy va Xorazm yoshlari egallagan. So‘nggi o‘rinda – andijonlik abituriyentlar, bu yil ularning 17 foizi o‘qishga kira oldi.

Kattaqo‘rg‘onda 2008 yili qurilgan binoda plita quladi

O‘quv yilining birinchi kuni Kattaqo‘rg‘ondagi noxush voqea bilan ham yodda qoldi. Samarqand davlat universitetining Kattaqo‘rg‘on filiali binosidagi faollar zali shiftidan beton plita qulab tushdi. Yaxshiyamki, hodisa oqibatida hech kim og‘ir jarohat olmagan.

Voqea payti binoning 2-qavatida joylashgan zalda 150dan ortiq 1-kurs talabalariga mustaqillik darsi o‘tilayotgan bo‘lgan. Kun.uz surishtiruvi plita ularning ustiga tushgani haqidagi birlamchi mish-mishlar noto‘g‘ri ekanini ko‘rsatdi. Beton konstruksiya zaldagi minbar tomonga qulagan va uning bo‘laklari birinchi qatorda o‘tirgan talabalardan 6 nafariga jarohat yetkazgan. Ulardan 2 nafari shifoxonada qolgan. Bu ikki talaba muxbirimiz bilan suhbatda salomatligidan ortiqcha shikoyati yo‘qligini aytdi.

Prokuratura qurilish ishlari xavfsizligi qoidalarini buzish moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atdi. Mas’ullarga ko‘ra, bino 2008 yilda qurilgan va unda yillar davomida Samarqand davlat chet tillar instituti qoshidagi akademik litsey, keyinchalik 7-umumta’lim maktabi faoliyat olib borgan. Bino 2021 yilda SamDUning Kattaqo‘rg‘on filialiga berilgach, unda mukammal ta’mirlash ishlari olib borilgan.

Energetika: tarif islohotining 1-bosqichi

Ancha vaqtdan beri ortga surib kelinayotgan energetika islohoti nihoyat kun tartibiga qaytdi. Shanba kuni elektr energiyasi va tabiiy gaz ta’minotidagi muammolar yechimi uchun zarur bo‘lgan islohot – tariflarni erkinlashtirishga qaratilgan hukumat qarori loyihasi e’lon qilindi.

Loyiha bilan, yoqilg‘i-energetika resurslarining 2023 yil 1 oktyabrdan kuchga kiradigan narxlari tasdiqlanishi mumkin. Bunda aholi uchun gaz va “svet” narxlari o‘zgarishsiz qoladi. Oshirilgan tariflar faqat yuridik shaxslarga taalluqli bo‘ladi. Xususan, aksariyat tadbirkorlik sub’yektlari uchun elektr energiyasi tarifini 1 kWh uchun 900 so‘m, tabiiy gaz tarifini 1 kub metr uchun 1500 so‘m deb belgilash taklif etilgan.

Bu hujjatning qabul qilinishi bilan, gaz va elektr energiyasi narxlarini liberallashtirish boshlanishi kutilyapti. Tariflar so‘nggi 4 yildan buyon o‘zgarmay qolayotgandi. Iqtisodchilarga ko‘ra, energetikadagi mavjud muammolarni sohada bozor mexanizmlarini joriy etmasdan turib to‘liq hal qilib bo‘lmaydi. Bu esa investorlarni jalb qilish uchun tarif islohotini taqozo qiladi.

Energetika sohasini liberallashtirishni uzoq vaqtdan buyon xalqaro tashkilotlar ham hukumatga tavsiya qilib keladi. Hozirda davlat energiya resurslarini aholiga o‘z tannarxidan ham arzonroq darajada yetkazib berish uchun trillionlab subsidiyalar ajratadi va bu bilan O‘zbekiston dunyo miqyosida energetikaga eng ko‘p subsidiya ajratadigan davlatlar qatorida turadi. Biroq sun’iy ushlab turilgan past narxlar sohaga xususiy investitsiyalarning kirib kelishiga to‘sqinlik qiladi.

Energetikani subsidiyalash, shuningdek, ijtimoiy tengsizlikni ham rag‘batlantiradi. Chunki aholining daromadi yuqori qatlami tabiiy ravishda ko‘proq energiya sarflaydi. Davlat energoresurslarni barcha uchun birdek subsidiyalashi natijasida esa, badavlat qatlam davlatdan bir necha barobar ko‘proq miqdorda bilvosita subsidiya oladi. Shu sababli yuridik shaxslar uchun tariflarning bozor narxlariga yaqinlashtirilishi faqat birinchi qadam bo‘lishini aytish mumkin.

Bosqichma-bosqich amalga oshirilishi e’lon qilingan energetika islohoti yakunida davlat faqat regulyator va magistral tashuvchi funksiyalarini o‘zida saqlab qolib, ishlab chiqarish va taqsimlash bo‘g‘inlarida shaffof va raqobatli bozorni yaratishi ko‘zda tutilgan. Oxir-oqibatda, arzon, lekin eng kerak paytda o‘chib qoladigan gaz-svetdan ko‘ra, qimmat bo‘lsa ham muhimi o‘chmaydigan ta’minot kafolatlanishi lozim.

Sherali Jo‘rayev vafot etdi

O‘zbek xalqining atoqli farzandi, hofiz Sherali Jo‘rayev 4 sentabr kuni 77 yoshida vafot etdi. O‘lmas asarlari bilan o‘zbek san’atida noyob fenomenga aylangan ijodkorning vafoti 2023 yilning eng katta yo‘qotishlaridan biri bo‘ldi. Ijtimoiy tarmoqlarda juda ko‘plab o‘zbekistonliklar Sherali Jo‘rayev bilan bog‘liq xotiralari va uning o‘zbek san’atida tutgan o‘rni haqidagi fikrlari bilan bo‘lishdi. Prezident Shavkat Mirziyoyev va boshqa yuqori martabali rasmiylar ham uning vafoti yuzasidan ta’ziya bildirdi.

Shubhasiz aytish mumkinki, Sherali Jo‘rayev ijrosidagi qo‘shiqlar o‘zbek xalqi milliy o‘zligining ajralmas qismiga aylanib ketgan. U kuylagan “O‘zbegim”, “Karvon”, “Do‘st bo‘lsang yonimda tur”, “Birinchi muhabbatim” kabi qo‘shiqlar milliy tafakkurning shakllanishiga katta ta’sir o‘tkazgan, urf-odatlarimizga singib ketgan. U qo‘shiqlaridagi ma’no-mazmunning chuqurligi, she’riyatning mumtoz namunalariga murojaat qilgani va mukammal ijrosi bilan xalqchil hofiz obrazining eng yuqori plankasini qo‘yib ketdi.

Sherali Jo‘rayev 1987 yilda O‘zbekiston xalq artisti unvoni, 1991 yilda Navoiy nomidagi davlat mukofoti, 2018 yilda “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni, 2022 yilda “El-yurt hurmati” ordeni bilan taqdirlangan. Bu shunisi bilan ham ahamiyatliki, Sherali Jo‘rayevga 1991 yildan 2018 yilgacha bo‘lgan oraliq davrda birorta ham davlat mukofoti berilmagan. Aniqroq aytganda, sa’natkor 2016 yilga qadar uzoq yillar davomida taqiqda bo‘ldi, konsertlar bera olmadi. Faqat 2017 yilga kelibgina Sherali Jo‘rayev televideniye va katta sahnalarda ko‘rinish bera boshlagandi. 2021 yilda xastalikka chalingani sabab yana san’atni tark etishga majbur bo‘ldi. Atoqli hofiz 5 sentabr kuni Toshkentdagi Ko‘kcha qabristoniga dafn etildi.

Prezident qarori: biznesga yengilliklar

Prezident Shavkat Mirziyoyev tadbirkorlar bilan uchrashuvida belgilangan vazifalarni amalga oshirish bo‘yicha shu hafta imzolagan qaror bilan, tadbirkorlarni qiynab kelayotgan bir qator masalalar o‘z yechimini topadigan bo‘ldi. Xususan, qo‘shilgan qiymat solig‘ini qaytarib berishda soliq uzilishi koeffitsiyentini qo‘llash va QQS guvohnomasini to‘xtatib qo‘yish amaliyotlari taqiqlanadi. Soliqchilarga kameral tekshiruv o‘tkazish uchun tadbirkorning hududiga kirish va undan hujjat so‘rash man etiladi. Kameral tekshiruvda hisoblangan soliqlarni 6 oy davomida bo‘lib-bo‘lib to‘lash mumkin bo‘ladi. Shuningdek, tadbirkorga nisbatan to‘lanmagan soliqlar bo‘yicha da’vo qilish muddati 5 yildan 3 yilga qisqartiriladi.

Qarorga asosan, 2024 yil 1 yanvardan boshlab tadbirkorlik sub’yektlarining ishonchlilik reytingi joriy etiladi. Yuqori reytingga ega kompaniyalar barcha turdagi soliq tekshiruvlaridan ozod qilinadi. Ularga QQS atigi 1 kun ichida qaytarib beriladi. Kichik biznesni davlat tomonidan moliyalashtirish bo‘yicha yangi tizim ham yo‘lga qo‘yilyapti.

Shuningdek, yil oxirigacha O‘zbekistonda islom moliyasini joriy etish bo‘yicha qonun loyihasi ishlab chiqilishi kerak. Loyihada islom moliyasi asosida joriy etilgan omonatlarni himoya qilish mexanizmlari ham ko‘zda tutiladi. Mas’ullarga yashirin iqtisodiyotni qisqartirish va teng raqobat muhitini ta’minlash bo‘yicha hujjat loyihasini ishlab chiqish ham topshirildi.

8 sentabrdagi selektorda Shavkat Mirziyoyev biznes uchun muhim bo‘lgan yana bir muhim topshiriq berdi. Unga ko‘ra, sanoat korxonalarini oldindan xabardor qilmasdan elektr ta’minotidan uzish amaliyotiga qat’iy chek qo‘yilishi kerak. Prezidentning bu bo‘yicha topshirig‘i ijrosini Energetika vazirligi ta’minlashi zarur. Bosh vazir va hokimlarga esa tun-u kun ishlaydigan shtablar tashkil qilib, sanoat korxonalarining muammolarini 24 soat davomida hal qilib borish topshirig‘i berildi.

Fintexning davlatlararo moliyaviy xizmatlar bozoridagi faoliyati to‘xtatildi

O‘zbekistonda to‘lov tashkilotlariga transchegaraviy pul o‘tkazmalari va xalqaro to‘lovlar bo‘yicha xizmat ko‘rsatish taqiqlandi. Markaziy bank nobank tashkilotlar bo‘lmish fintex kompaniyalarning xalqaro tranzaksiyalarni amalga oshirishini qonunga zid deb topdi. Natijada to‘lov tashkilotlari, xususan ko‘plab o‘zbekistonliklar Rossiyadan O‘zbekistonga pul o‘tkazishda foydalanadigan Oson va PayWay tizimlari 5 sentabrdan boshlab xalqaro pul jo‘natmalarini amalga oshirishni to‘xtatdi. Ular endi xorijiy kompaniyalarning xizmatlari va onlayn o‘yinlar uchun to‘lovlarni ham qabul qila olmaydi.

O‘zbekistonda iste’molchilar endilikda xorij bilan bilan bog‘liq har qanday moliyaviy operatsiyalarni faqat tijorat banklari orqali amalga oshirishi kerak. Markaziy bank talabi bilan, fintex kompaniyalar bu bozorni tark etyapti. Bu qarordan manfaatdor bo‘lgan qator tijorat banklari o‘z saytlarida bir xil bayonot e’lon qilish bilan regulyatorning siyosatini qo‘llab-quvvatladi.

Fintex kompaniyalarga xorijiy tranzatsiyalar taqiqlanishidan bir necha kun o‘tib ommabop ilovaga ega Uzum Bank Rossiyadan O‘zbekistonga pul o‘tkazmalari xizmati reklamasini faollashtirdi.

JK va MJtKga yangi moddalar qo‘shilishi kutilmoqda

O‘zbekiston Oliy Majlisi Ma’muriy va Jinoiy javobgarlik kodekslariga qo‘shimchalar kiritishni ko‘rib chiqmoqda. Tegishli qonun loyihasi bilan, milliy, irqiy, etnik yoki diniy mansubligiga qarab bir toifa fuqarolarni boshqa toifa fuqarolardan ustunligini yoki nuqsonli ekanligini targ‘ib qilganlik, nikohi qonunda belgilangan tartibda qayd etilmagan shaxslar o‘rtasida nikoh tuzishga doir diniy marosimni amalga oshirganlik uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlik belgilash nazarda tutilmoqda.

Loyiha bilan ikki yoki undan ortiq xotin bilan er-xotin bo‘lib yashashni targ‘ib qilganlik, xotin-qizlar va erkaklar teng huquqliligini ochiqdan ochiq inkor etganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilanyapti.

Jamoat tartibini saqlash bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar, xususan “Xavfsiz shahar” konsepsiyasi doirasida joriy etilgan axborot dasturlarining samaradorligini oshirish maqsadida jamoat joylarida shaxsini identifikatsiya qilish imkonini bermaydigan darajada yuzini to‘sgan holda bo‘lganlik uchun ma’muriy javobgarlik chorasi kiritilmoqda. Bunda, tibbiy ko‘rsatma asosida yoki mehnat va xizmat faoliyati bilan bog‘liq holatlarda yoxud yo‘l-transport harakatida xavfsizlikni ta’minlash uchun kiyiladigan maxsus bosh-kiyimda yoki sport va madaniy tadbirlar paytida ularning ishtirokchilari tomonidan yuzini to‘sgan holda bo‘lish javobgarlikka sabab bo‘lmaydi.

Qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilinib, Senatga yuborildi. Qayd etilishicha, hujjat millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni mustahkamlashga, xotin-qizlar va bolalar huquqlarini himoya qilishga, jamoat tartibini saqlash samaradorligini oshirishga qaratilgan.

Bu hafta yana nimalar ro‘y berdi?

O‘zbekiston dunyo miqyosida ochlik xavfi eng kam davlatlar qatoriga kiritildi. Global ochlik indeksiga ko‘ra, O‘zbekiston 121 ta davlat orasida 21-o‘rinni egallagan. Bu ijobiy ko‘rsatkich mamlakatda to‘yib ovqatlanmaydigan aholi ulushi kamligi, 5 yoshgacha bolalar o‘rtasida o‘lim, ozg‘inlik va bo‘y o‘smasligi kabi ko‘rsatkichlar pastligi bilan bog‘liq.

Joriy yilning dastlabki 7 oyi davomida O‘zbekistonda 4772 ta yo‘l-transport hodisasi qayd etilgan. Ma’lum bo‘lishicha, ularda 1115 kishi halok bo‘lib, 4564 kishi turli darajada jarohatlar olgan. YTHlar, qurbonlar va jarohatlangan soni o‘tgan yilgiga qaraganda oshgan. Seshanba kuni Buxoroning Olot tumanida yuk mashinasi haydovchisining temiryo‘l kesishmasidagi ehtiyotsizligi uning o‘limiga olib keldi. Mashina qo‘riqlanmaydigan kesishmada teplovozning yo‘liga chiqib ketgan. Mas’ullarga ko‘ra, kesishmada barcha zaruriy qurilma va jihozlar o‘rnatilgani va soz holatda ishlab turgani aniqlangan.

Naqd valutani bojxonadan deklaratsiyasiz olib o‘tish miqdori oshirildi. Endilikda 100 mln so‘mgacha naqd so‘mni va/yoki shu ekvivalentdagi naqd chet el valutasini deklaratsiya to‘ldirmasdan olib kirish yoki olib chiqish mumkin. Avval bu miqdor 70 mln so‘m edi.

O‘zbekistonda 2026 yil oxirigacha tibbiy sug‘urta to‘liq joriy etilishi kerak. Bu – sog‘liqni saqlash sohasi bo‘yicha imzolangan yangi qarorda ko‘rsatilgan. Hujjat bilan, Farmatsevtika agentligi Investitsiyalar vazirligidan Sog‘liqni saqlash vazirligiga qaytarildi. 1 oktyabrdan Ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy respublika tibbiyot markazi va uning 14 ta filiali ish boshlaydi. Sog‘liqni saqlash sohasini to‘liq raqamlashtirish, asossiz qog‘ozbozlik va navbatlarga chek qo‘yish ko‘zda tutilyapti.

Toshkentda 19 tup daraxtni quritishga urinish bo‘ldi. Voqea Taxtapul mahallasida, qurilish qilish ko‘zda tutilgan joyda ro‘y bergan. Aholi va ekologlarning qarshiligi sabab daraxtlarni kesishning imkoni bo‘lmagach, ularning tagi drel bilan teshilib, o‘simlikni quritadigan suyuqlik quyilgan. Tabiatga yetkazilgan zarar 1 mlrd 97 mln so‘mga baholandi. Holat bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Mavzuga oid