Sport | 13:41 / 26.09.2023
2785
2 daqiqa o‘qiladi

Hangjou-2022. Davlat Bobonov – Osiyo O‘yinlarining kumush medali sohibi

Dzyudochilar O‘zbekistonga navbatdagi medalni taqdim etishdi.

Foto: MOQ

Dzyudochimiz Davlat Bobonov -90 kg vazn toifasining finalida ishtirok etib, qirg‘izistonlik Erlan Sherovga imkoniyatni boy berdi va kumush medal bilan cheklandi.

U dastlab nimchorak finalda Bahrayn vakilini mag‘lub etgan bo‘lsa, chorakfinalda koreyalik raqibidan ippon evaziga ustun keldi va Osiyo O‘yinlarining yarimfinaliga chiqdi. Final yo‘llanmasi uchun kechgan bellashuvda esa mo‘g‘ulistonlik raqibini ippon evaziga mag‘lub etib, final yo‘llanmasini qo‘lga kiritgandi.

Ma’lumot uchun, delegatsiyamiz bayroqdori sanalmish -100 kg vazn toifasidagi dzyudochi Muzaffarbek To‘raboyev oltin medal uchun kurashadi. U chorakfinalda turkmanistonlik sportchini, yarimfinalda esa Qozog‘iston vakilini mag‘lub etib finalga chiqdi. Osiyo O‘yinlari g‘olibligi uchun esa To‘raboyev mo‘g‘ulistonlik Gonchigsuren Batxuyagga qarshi tatamiga chiqadi. 

Eslatib o‘tamiz, hozirgacha dzyudochilardan ikki sportchi oltin medalga ega chiqqan. Dastlabki kunda Diyora Keldiyorova Osiyo O‘yinlari-2022 g‘olibiga aylangan bo‘lsa, dushanba kuni Murodjon Yo‘ldoshev chempionlikka erishgandi. Hozircha vakillarimiz dzyudo bo‘yicha umumjamoa hisobida jami 5ta medal (2ta oltin, 1ta kumush, 2ta bronza) Yaponiyadan keyingi 2-o‘rinni egallab turibdi.

Mavzuga oid