O‘zbekiston kartalaridan onlayn qimor o‘yinlariga transchegaraviy o‘tkazmalar taqiqlandi
O‘zbekistonda faoliyat olib boruvchi tijorat banklarining kartasi yordamida mamlakatdan tashqarida joylashgan totalizator tashkilotlari hisobiga pul o‘tkazish taqiqlandi.
30 noyabr kuni “Raqamli mahsulotlar (xizmatlar) iste’molchilari huquqlarini himoya qilish va raqamli texnologiyalar vositasida sodir etiladigan huquqbuzarliklarga qarshi kurashishni kuchaytirish choralari to‘g‘risida”gi prezident qarori imzolandi.
Qarorga ko‘ra, mablag‘larni oluvchi tomonidan qimor o‘yinlari tashkil etish va o‘tkazish faoliyati hamda kapital harakati operatsiyalari amalga oshirilayotgani to‘g‘risidagi to‘lov tizimining operatsiya kodi yoki boshqa identifikatorlar belgilanmagani haqida ma’lumotlar mavjud bo‘lganda, tijorat banklarining bank kartasi yordamida O‘zbekistondan tashqarida joylashgan mablag‘ qabul qiluvchiga transchegaraviy o‘tkazish taqiqlanadi.
Qonunga xilof ravishda qimor o‘yinlarida qatnashish hamda kapital harakati operatsiyalarini amalga oshirish imkonini beruvchi saytlar O‘zbekiston qonunchiligi bilan tarqatilishi taqiqlangan axborot mavjud bo‘lgan internet tarmog‘i reyestriga kiritiladi. Bu reyestrga kiritish uchun qimor saytlari ro‘yxatini Istiqbolli loyihalar milliy agentligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligiga taqdim etadi.
O‘zbekistonda onlayn qimor o‘yinlari taqiqlangan
Amaldagi qonun hujjatlariga ko‘ra, O‘zbekistonda qimor va tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarni tashkil etish va reklama qilish ma’muriy va jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladi.
Xususan, Vazirlar Mahkamasining 2007 yil 16 avgustdagi 176-sonli qaroriga asosan, 2007 yil 1 sentabrdan boshlab O‘zbekiston hududida qimor o‘yinlarini va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarni (shu jumladan totalizatorlar) tashkil etish va o‘tkazish taqiqlangan.
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 191-moddasiga ko‘ra, O‘zbekiston hududida qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarni tashkil etish, o‘tkazish uchun xizmat ko‘rsatish yoki uni tarqatish – bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravaridan 15 baravarigacha miqdorda jarima solinishiga sabab bo‘ladi.
Bundan tashqari, “Reklama to‘g‘risida”gi qonunning 46-moddasiga ko‘ra, O‘zbekiston hududida qimor va tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlar, shuningdek, telekommunikatsiya tarmoqlari va internetdan foydalangan holda tashkil etiladigan qimor o‘yinlari va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlar reklamasi taqiqlangan.
Avvalroq, yil boshidan buyon O‘zbekistonda bukmekerlik xizmatlarini targ‘ib qiluvchi 27 ta sayt bloklangani xabar qilingandi.
Mavzuga oid
17:06 / 14.09.2024
Bukmekerlik kompaniyasining logotipidan foydalangan reklama agentligi jarimaga tortildi
18:08 / 15.08.2024
Agar bank kartangiz paroli quyidagilardan biri bo‘lsa, uni o‘zgartiring - mutaxassis maslahatlari
08:50 / 30.04.2024
AQSh Moliya vazirligi Rossiya banklari bilan operatsiyalarga vaqtincha ruxsat berdi
14:13 / 29.04.2024