Sport | 09:44 / 26.01.2024
52363
9 daqiqa o‘qiladi

Osiyo Kubogi guruh bosqichi yakunlari. Qanday syurprizlar bor?

Markaziy Osiyoning ikki vakili pley-offga chiqdi, Qirg‘iziston Ummonning oyog‘idan tortib qoldi.

Foto: Getty Images

25 yanvar kuni Osiyo Kubogida guruh bosqichi yakunlandi. Bir necha kundan keyin 1/8 final o‘yinlari start oladi, hozir esa turnirning birinchi qismi yakunlarini sarhisob qilishning ayni vaqti. Ayrim natijalarning o‘yini hayratlantirgan bo‘lsa-da, Afrika Kubogidan farqli o‘laroq, Osiyoda barcha favoritlar keyingi bosqichga yo‘l olishgan.

A guruhi

Tojikiston milliy jamoasining Osiyo Kubogidagi debyutini omadli chiqdi deyish mumkin. Jamoa qiyin start oldi — dastlabki ikki turda birorta gol urolmadi. Qolaversa, tojikistonlik futbolchilar besh bo‘lim davomida raqiblar darvozasiga yo‘l topa bilmadi. Ammo Livan bilan o‘yin oxirida tarix yaratildi. So‘nggi daqiqalardagi gollar evaziga hisob 0:1 dan 2:1 ko‘rinishiga o‘zgardi. Osiyo Kubogidag ilk gollar, ilk g‘alaba va debyut turnirdayoq pley-offga chiqish — bir o‘yinning o‘zida barchasiga erishildi.

Qatar milliy jamoasi — Osiyo Kubogining amaldagi g‘olibi sanaladi. Qolaversa, bu safargi turnir mezboni. Hozircha jamoaning ishlari juda yaxshi ketmoqda. Qatar guruh bosqichidan layt rejimida o‘tdi — uch o‘yinda uch g‘alaba va birorta gol o‘tkazilmadi. Jamoa bu safar ham turnir favoritlaridan ekanini isbotlamoqda. Xitoy va Livan esa o‘zini ko‘rsata olmadi va haqli ravishda turnirni tark etdi. Xitoyliklar birorta gol urmasdan uchinchi o‘rinni egallagan bo‘lsa-da, uchinchi o‘rinlardagi eng yaxshi jamoalar to‘rtligiga kira olmadi.

V guruhi

Bu kvartet syurprizlarsiz kechdi. Avstraliyaliklar turnir favoritlaridan biri ekanini tasdiqladi va birinchi o‘rin bilan pley-offga chiqdi. O‘zbekiston ham kutilgan natijaga erishdi. Srechko Katanets shogirdlari biror o‘yinda mag‘lub bo‘lmadi va faqat bir gol o‘tkazdi, uni ham shubhali penaltidan. Asosiy tarkibning qator yetakchilari jarohat olganiga qaramay (Eldor Shomurodov, Igor Sergeyev, Husniddin Aliqulov, Hojiakbar Alijonov), jamoa Abbosbek Fayzullayev, Jaloliddin Masharipov va Otabek Shukurov kabi yulduzli futbolchilari bilan ham imkon qadar uzoqroqqa borishga harakat qiladi. Pley-offdagi dastlabki raqib Tailand, agar bu bosqichdan o‘tilsa, yarimfinal yo‘llanmasi uchun Qatar va Falastin juftligi g‘olibiga qarshi bahs olib boriladi.

Hindiston barcha o‘yinlarda yutqazdi va birorta gol ura olmadi. Bunday ko‘rsatkich bilan esa hech narsadan umid qilib bo‘lmaydi. Ektor Kuper boshqaruvidag Suriya esa o‘z tarixida ilk bor Osiyo Kubogi pley-offiga chiqdi. Jamoa dastlabki turda O‘zbekiston bilan golsiz durang qayd etgandi, keyin esa Avstraliyaga qarshi minimal hisobda yutqazdi, so‘nggi turda Hindistonni mag‘lub etib, uchinchi o‘rin bilan 1/8 final yo‘llanmasiga ega bo‘ldi.

S guruhi

Falastin bunga qadar Osiyo Kubogida ikki bor ishtirok etgan va ikki safar ham guruh bosqichidayoq ishtirokini yakunlagandi. Bu safargi ishtirok nisbatan muvaffaqiyatli bo‘lmoqda — jamoa o‘z guruhida uchinchi o‘rinni egallagan holda 1/8 finalga chiqdi. Holbuki 1-turdan keyin falastinliklarni bu safar ham yaxshi natija kutmayotgandek ko‘ringandi, jamoa o‘shanda Eronga yirik hisobda mag‘lub bo‘lgandi (1:4), ammo keyingi o‘yinlarda to‘rt ochko jamg‘ardi va o‘zi uchun tarixiy natijani qayd etdi.

Qolgan jamoalar bilan esa barchasi mantiqiy holat. Eron guruhda tengsiz ekanini ko‘rsatdi — uch o‘yinda uch g‘alaba va birinchi o‘rin. BAAning 1/8 finalga chiqishi ham hayron qoldirmaydi, amirliklar vakillari oldingi ikki turnirda yarimfinalga qadar yetib borgan. Hongkong esa ochiqchasiga qolgan raqiblardan kuchsiz ekanini namoyish etdi va endi turnirning qolgan qismini televizorda tomosha qiladi.

D guruhi

Yaponlar kutilganidek pley-offga chiqishdi, ammo kutilmaganda ikkinchi o‘rin bilan. Ikkinchi turda Iroqdan uchralgan mag‘lubiyat nafaqat guruhdagi, balki butun turnirdagi vaziyatni o‘zgartirib yubordi. Lekin kunchiqar yurt vakillari qatorasiga sakkizinchi Osiyo Kubogida pley-offga chiqmoqda. Olti holatda ular chorakfinalga yetib borishgan, to‘rt marta (1992, 2000, 2004 va 2011 yillarda) oltin medallarni qo‘lga kiritgan. Iroq esa 100 foizlik natija bilan maqsadlari jiddiy ekanini ko‘rsatdi.

Indoneziya 1/8 finalga chiqishi uchun Viyetnam bilan o‘yinda penaltidan urilgan gol yetarli bo‘ldi. Jamoa 2007 yildan buyon ilk bor Osiyo Kubogiga keldi va darhol pley-offga chiqdi. Bungacha Indoneziya guruh bosqichidan tashqarida birorta o‘yin o‘tkazmagandi.

E guruhi

Yuqorida aytilganidek, Yaponiya ikkinchi turda mag‘lubiyatga uchrab, ikkinchi o‘rin bilan chiqishi Janubiy Koreya jamoasining rejalarini o‘zgartirib yubordi. Turnirning asosiy favoritlaridan bo‘lgan bu jamoa o‘z guruhidan birinchi o‘rin bilan chiqqanida nimchorakfinaldayoq yaponiyaliklarga raqib bo‘lishardi va shu tufayli oxirgi turda jamoa iloji boricha 2 va 3-o‘rinlardan birini egallashi o‘zi uchun foydali bo‘lardi. Natijada guruh autsayderi Malayziyaga qarshi o‘yinda uchta gol o‘tkazib yuborildi (3:3) va bu gollarning uchinchisi o‘yinga qo‘shib berilgan 15-daqiqada urildi. 

O‘z navbatida, 3-tur arafasida 1-o‘rinda turgan Iordaniya ham Yaponiyaga raqib bo‘lishdan qochdi va Bahraynga yutqazib, uchinchi o‘rin bilan kifoyalandi, bahraynliklar esa so‘nggi turda mag‘lubiyatga uchrasa guruhda qolib ketishi mumkin edi. Bu ikki jamoa oldingi turnirda ham guruhdan chiqishgan va o‘z ishtirokini nimchorak finaldayoq yakunlagan.

F guruhi

Qirg‘iziston o‘z qo‘shnilari Tojikiston va O‘zbekistonning natijalarini takrorlay olmadi. Jamoa atigi bir gol urdi va uchinchi turda Ummon darvozasiga urilgan bu gol arablarni guruhda qoldirdi (1:1) va o‘z navbatida D guruhida uchinchi o‘rinni olgan Indoneziyani pley-offga olib chiqdi. Qirg‘iziston oldingi turnir bilan solishtirganda bir qadam ortga yurdi, chunki jamoa o‘shanda 1/8 finalga chiqqandi.

Roberto Manchini boshqaruvidagi Saudiya Arabistoni esa ikki turdan keyinoq pley-off masalasini hal qilgandi. Ammo Ummonga qarshi kechgan birinchi o‘yin maksimal darajada qiyin kechgandi. O‘yin favoriti uzoq vaqtgacha 0:1 hisobida ortda borgan, faqat so‘nggi daqiqalarda ikki gol urgandi, g‘alaba goli qo‘shib berilgan oltinchi daqiqada kiritilgandi. Saudiyaliklar so‘nggi turda ikkinchi o‘rindagi Tailand bilan o‘ynadi, keyingi bosqichda Janubiy Koreya kutib turganini bilgan ikki jamoa ham gol urishni istamadi, saudiyaliklar penaltidan foydalana olmadi, shuningdek ikki jamoaning bir necha goli offsayd tufayli hisobga olinmadi.

1/8 final juftliklari

Avstraliya — Indoneziya (28 yanvar)
Tojikiston — BAA (28 yanvar)
Iroq — Iordaniya (29 yanvar)
Qatar — Falastin (29 yanvar)
O‘zbekiston — Tailand (30 yanvar)
Saudiya Arabistoni — Janubiy Koreya (30 yanvar)
Bahrayn — Yaponiya (31 yanvar)
Eron — Suriya (31 yanvar)

28 yanvar

  • 16:30. Avstraliya — Indoneziya
  • 21:00. Tojikiston — BAA

29 yanvar

  • 16:30. Iroq — Iordaniya
  • 21:00. Qatar — Falastin

30 yanvar

  • 16:30. O‘zbekiston — Tailand
  • 21:00. Saudiya Arabistoni — Janubiy Koreya

31 yanvar

  • 16:30. Bahrayn — Yaponiya
  • 21:00. Eron — Suriya

O‘zbekiston chorakfinalga chiqsa, Qatar — Falastin juftligi g‘olibi bilan o‘ynaydi.

Mavzuga oid