Jahon | 20:18 / 02.02.2024
14764
5 daqiqa o‘qiladi

AQSh falastinliklarga hujum qilgan yahudiy ko‘chkindilarga qarshi sanksiyalar joriy qildi 

Sanksiyalar G‘arbiy Sohilda falastinliklarni ko‘chishga majburlash uchun zo‘ravonlik qilgan, tahdid qo‘llagan va mulkni yo‘q qilish harakatlarida bevosita ishtirok etganlarga qaratilgan. AQShning bu boradagi sanksion ro‘yxatiga hozircha 4 nafar isroillik kiritilgan.

AQSh prezidenti Jo Bayden / Foto: Getty Images

AQSh prezidenti Jo Bayden G‘arbiy Sohilda falastinliklarga hujum qilishda ayblangan to‘rt nafar isroillik ko‘chkindiga qarshi sanksiyalarni ma’qulladi. Bu haqda BBC xabar bermoqda. 

Yangi sanksiyalarga ko‘ra, ko‘chkindilarga Amerika ko‘chmas mulki, aktivlari va moliyaviy tizimidan foydalanish taqiqlanadi. 

Ko‘chkindilar – Isroil tomonidan 1967 yilgi 6 kunlik urushdan keyin egallab olingan hududlarda tashkil qilingan aholi punktlariga ko‘chib o‘tgan yahudiylar. 

Bayden sanksiyalar bilan bir vaqtning o‘zida falastinliklarga hujum qilgan, tahdid qilgan yoki ularning mulkini tortib olgan har qanday chet el fuqarosiga nisbatan cheklov choralarini qo‘llashi mumkin bo‘lgan umumiy farmonni ham imzoladi. 

Baydenning ta’kidlashicha, G‘arbiy Sohilda o‘tgan yilning 7 oktyabrida yuz bergan HAMAS hujumidan keyin kuchaygan zo‘ravonliklar «qabul qilib bo‘lmaydigan chegaralarga» yetgan. 

BMT ma’lumotlariga ko‘ra, bu vaqt ichida G‘arbiy Sohilda 370 nafarga yaqin falastinlik halok bo‘lgan va ularning aksariyati Isroil harbiylari qo‘lidan o‘lgani aytilgan bo‘lsa-da, kamida 8 nafari yahudiy ko‘chkindilar tomonidan o‘ldirilgan. 

Prezident ma’muriyatining yuqori martabali mulozimlariga ko‘ra, sanksiyalar «falastin jamoalarini ko‘chishga majbur qilgan zo‘ravonlik, qo‘rqitish va mulkni yo‘q qilish harakatlarida bevosita ishtirok etganlarga» qaratilgan. 

Shu tariqa, sanksiya ostiga tushganlardan biri Huvara shahridagi falastinlik tinch aholining o‘limiga sabab bo‘lgan tartibsizlikni uyushtirgan va unga rahbarlik qilgan, yana biri esa falastinliklarga kaltak bilan hujum qilib, ularga tosh otgan. 

Umuman olganda, AQSh Moliya vazirligi G‘arbiy Sohildagi isroillik aholi punktlarida, shuningdek, bosib olingan hududlar bilan chegarada yashovchi to‘rt nafar yahudiyga nisbatan sanksiyalar kiritdi. 

Davlat departamenti matbuot kotibi Metyu Millerning aytishicha, AQSh Isroildan «ko‘chkindilar zo‘ravonligida ishtirok etganlarni javobgarlikka tortish uchun ko‘proq harakat qilishini» kutmoqda. 

Shu bilan birga, amerikalik rasmiylar prezident farmoni kamsituvchi emasligini va tinch aholiga nisbatan zo‘ravonlik harakatlarini sodir etgan yahudiylarga ham, falastinliklarga ham tegishli ekanligini ta’kidlamoqda. 

Prezident farmoni imzolanganidan ko‘p o‘tmay, Isroil G‘arbiy Sohildagi ko‘chkindilarning aksariyati qonunga bo‘ysunuvchi fuqarolar ekanini ta’kidlab, sanksiyalardan noroziligini bildirdi. 

«Isroil qayerda bo‘lmasin, qonunbuzarlarga qarshi chora ko‘radi, shuning uchun bu borada qo‘shimcha choralar ko‘rishga hojat yo‘q», deyiladi bosh vazir Binyamin Netanyahu idorasi bayonotida. 

Isroil rasmiylarining bunday so‘zlari Qo‘shma Shtatlar va Isroil o‘rtasidagi ziddiyat chuqurlashib borayotganining dalili bo‘ldi, deb hisoblamoqda BBC. 

Ikki davlat ittifoqchi bo‘lsa-da, ularning yetakchilari so‘nggi haftalarda Yaqin Sharq mojarosini hal qilish borasida qarama-qarshi bayonotlar berdi. 

Qo‘shma Shtatlar mintaqada barqarorlikni ta’minlash uchun mustaqil Falastin davlatini («ikki xalq uchun ikki davlat» deb nomlanuvchi tamoyil) yaratish zarur deb hisoblaydi. Biroq Netanyahu bunga bir necha bor qarshi chiqqan. 

Yahudiy ko‘chkindilarga qarshi sanksiyalarni joriy etish haqidagi farmon Baydenning ko‘p sonli arab amerikaliklar istiqomat qiladigan Michiganga tashrifi chog‘ida imzolandi. 

Amerika Arab Instituti ma’lumotlariga ko‘ra, Isroil-Falastin mojarosi boshlanganidan so‘ng, Baydenning Qo‘shma Shtatlardagi arab jamiyati vakillari o‘rtasida qo‘llab-quvvatlanishi 17 foizgacha pasaygan (2020 yilda 59 foiz edi).

Mavzuga oid