O‘zbekiston | 21:23 / 07.06.2024
5664
7 daqiqa o‘qiladi

7 iyunning asosiy yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan voqea-hodisalar

Shavkat Mirziyoyev G‘azodagi urush haqida gapirib, G‘arb davlatlarini ikki xil standartlarda aybladi. Rossiya O‘zbekistonda quradigan AESning narxi maxfiy ma’lumot deb e’lon qilindi. 4 ta hududda 5 nafar soliqchi pora bilan ushlandi.

AESning narxi ochiqlanmaydi

O‘zbekistonda Rossiya tomonidan quriladigan kichik atom elektr stansiyasining birinchi reaktori 5 yildan keyin ishga tushirilishi reja qilingan. Bu haqda “O‘zAtom” agentligi Spot nashriga ma’lum qilgan.

Agentlikka ko‘ra, stansiya Jizzax viloyatining Forish tumani Tuzkon ko‘li yaqinidagi maydonda, ya’ni avvalroq katta AESni qurish reja qilingan joyda barpo etiladi.

“O‘rnatilgan quvvati 330 MVt bo‘lgan, oltita RITM-200N reaktor blokidan iborat kam quvvatli atom elektr stansiyasini qurish loyihasining qiymati maxfiy ma’lumot hisoblanadi va oshkor etilmaydi”, – deyiladi agentlik xabarida.

Ta’kidlanishicha, kichik AESning birinchi reaktori quvvatini ishga tushirish 5 yildan keyinga reja qilingan. Har bir keyingi reaktor olti oy ichida ishga tushiriladi. Jami oltita reaktorning barchasini ishga tushirish 2033 yildan keyinga mo‘ljal qilingan.

Xitoydan O‘zbekistonga temiryo‘l

6 iyun kuni Xitoy poytaxti Pekin shahrida “Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” temiryo‘li qurilishi bo‘yicha hukumatlararo bitim imzolandi. O‘zbekiston nomidan bitimga transport vaziri Ilhom Mahkamov imzo qo‘ydi.

Bitimga muvofiq, temiryo‘l Qashg‘ar – Torugart – Makmal – Jalolobod – Andijon yo‘nalishi bo‘ylab o‘tadi. Bu temiryo‘lda yiliga 15 mln tonnagacha yuk tashilishi mumkin. Loyiha amalga oshirilgach, tovarlarni yakuniy iste’molchilarga yetkazish muddati 7 kunga qisqaradi. Temiryo‘l bilan birga, zamonaviy tranzit va logistika infratuzilmasi, omborxonalar va terminallar ham barpo etiladi.

Uch davlat rahbarlari bitimni imzolash marosimi ishtirokchilariga videomurojaat yo‘llagan. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev o‘z murojaatida bu temiryo‘l Xitoyni Markaziy Osiyo bilan bog‘lovchi eng qisqa quruqlik yo‘liga aylanishi, kelgusida istiqbolli Transafg‘on koridori orqali Janubiy Osiyo va Yaqin Sharq davlatlarining keng bozorlariga chiqish imkonini berishini ta’kidlagan.

Avvalroq Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov “Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” temiryo‘li qurilishi joriy yil oktyabr oyida boshlanishini aytgandi.

Qo‘lga olingan soliqchilar

Davlat xavfsizlik xizmati to‘rtta hududda soliq xodimlarini korrupsion jinoyatlarda gumonlab qo‘lga oldi.

Idora xabariga ko‘ra, Qarshi tuman soliq inspeksiyasining bosh inspektori 5 ta firmada kameral soliq tekshiruvlari o‘tkazmaslik evaziga 2300 dollar olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan. U ushbu pul mablag‘ini viloyat soliq boshqarmasining bosh inspektoriga berishi kerakligi ma’lum bo‘lgach, tezkor tadbir davom ettirilgan va viloyat darajasidagi soliq mansabdori ham 2300 dollarni olgan vaqtida hibsga olingan.

Buxoro viloyatida esa G‘ijduvon tuman soliq inspeksiyasi katta inspektori yakka tartibdagi tadbirkorning faoliyatiga rahnamolik qilish evaziga 8 mln so‘m olgan vaqtida ushlangan. Shunga o‘xshash holat Toshkent shahar Yakkasaroy tumanida ham kuzatilgan, bu yerda tuman soliq inspeksiyasining bosh inspektori 600 dollar bilan qo‘lga tushgan. Ish doirasida Yakkasaroy tuman soliq inspeksiyasining shu’ba boshlig‘i ham hibsga olingan.

Soliq tizimidagi yana bir korrupsion holat Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumanida aniqlangan. Bu yerda bir kompaniyaning 900 mln so‘mlik soliq qarzdorligini tizimdagi tanishlari orqali kamaytirib berishni va’da qilgan tuman soliq inspeksiyasi kameral nazorat shu’basining sobiq boshlig‘i 5 ming AQSh dollari olgan vaqtida ushlangan. Yuqoridagi holatlar bo‘yicha jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Prezident – G‘azo va G‘arb haqida

G‘arb davlatlarining G‘azo sektoridagi urushga nisbatan bo‘layotgan munosabati ulardagi ikki xil standartlarni ko‘rsatmoqda. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev Anqarada turkiyalik hamkasbi Rajab Toyyib Erdo‘g‘an bilan muzokaralardan keyin bergan bayonotida aytib o‘tdi.

O‘zbekiston prezidenti G‘azo sektorida 8 oydan beri qonli urush davom etayotgani, natijada 40 mingga yaqin aholi, xususan ayollar va bolalar halok bo‘layotganini chuqur iztirob bilan qayd etib, yaqinlarini yo‘qotganlarga hamdardlik bildirdi. Mirziyoyev G‘arb davlatlarining fojiaga bo‘lgan munosabati xavotirli ekani, amalda ikkiyoqlama standartlar kuzatilayotganini ta’kidladi.

“Demokratiya va inson huquqlarini keng targ‘ib qilgan va ularning himoyasida turgan yetakchi, rivojlangan davlatlar bu qotilliklarga, bu vahshiyliklarga ko‘z yummoqda. Albatta, zo‘ravonlikni to‘liq to‘xtatish va tinchlik jarayonini boshlash kerak. G‘azo fojiasi hanuzgacha hal qilinmagan Isroil–Falastin ziddiyatining ayanchli oqibatlaridir. Barqaror va uzoq muddatli tinchlikka erishish uchun, albatta, mustaqil va ozod Falastin davlati tashkil etilishi shart. Aslida Falastin muammosi butun Yaqin Sharq muammosidir”, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlat rahbari O‘zbekiston bu o‘tkir muammo bo‘yicha Turkiya prezidenti bildirayotgan adolatli tashabbuslarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qildi.

Koreya prezidenti O‘zbekistonga keladi

Janubiy Koreya prezidenti Yun Sok Yol kelasi hafta O‘zbekiston, Turkmaniston va Qozog‘istonga davlat tashrifi bilan keladi. Bu haqda uning milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi birinchi o‘rinbosari Kim Te Xe ma’lum qildi.

Koreya prezidenti ofisi mulozimi o‘z so‘zida Markaziy Osiyo Yevropa va Osiyoni bog‘lovchi strategik nuqta ekanini ta’kidlab, Ukrainadagi urush va Yaqin Sharqdagi mojaro tufayli mintaqaning strategik ahamiyati ortib borayotganini qayd etdi.

Yun Sok Yol rafiqasi bilan dushanba kuni avvaliga Turkmanistonga, keyin Qozog‘istonga, undan keyin O‘zbekistonga tashrif buyurishni rejalashtirgan. Eslatib o‘tamiz, Koreyaning avvalgi prezidenti Mun Chje In 2019 yilda O‘zbekistonga tashrif buyurgan edi.

Mavzuga oid