O‘zbekiston | 17:31 / 11.04.2025
9134
2 daqiqa o‘qiladi

Bo‘stonliqda ikki yoshli bola jarlikka tushib ketdi

Qutqaruvchilar bolani taxminan 25 metr chuqurlikdan olib chiqqan va uni ota-onasiga topshirgan.

Foto: Videodan kadr

Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanida jarlikka tushib ketgan ikki yoshli bola FVV xodimlari tomonidan qutqarildi.

Qayd etilishicha, 10 aprel kuni soat 22:23 da Toshkent viloyati FVBga Bo‘stonliq tumani «Yakkatut» MFY hududida ikki yoshli bola yo‘qolib qolgani va u o‘sha hududdagi jarlikka tushib ketgan bo‘lishi mumkinligi to‘g‘risida xabar berilgan.

Xabarga asosan, aytilgan manzilga zudlik bilan Bo‘stonliq tumanining bir guruh qutqaruvchilari yetib borgan.

Olib borilgan qidiruv-qutqaruv ishlari natijasida bola o‘sha hudud yaqinidagi jarlikning taxminan 25 metr bo‘lgan chuqurligidan topilgan va yuqoriga olib chiqilib, sog‘-salomat ota-onasiga topshirilgan. «Hozirda bolaning ahvoli yaxshi», — deyiladi xabarda.

Avvalroq Toshkent viloyati FVB qutqaruvchilari Bo‘stonliq tumani hududidagi Katta Chimyon tog‘iga sayr qilish maqsadida borib, yo‘ldan adashib qolgan uch kishiga yordam ko‘rsatgani to‘g‘risida xabar berilgandi.

Фозилбек Юсупов
Tayyorlagan Фозилбек Юсупов

Mavzuga oid