Sport | 08:56 / 20.12.2016
8949
2 daqiqa o‘qiladi

Argentinalik hujumchi dunyodagi eng ko‘p maosh oluvchi futbolchiga aylanishi mumkin

Foto: Google image

«Boka Xuniors» futbol klubi hujumchisi Karlos Teves Xitoy chempionatida ishtirok etuvchi klublardan biriga o‘tishga yaqin turibdi. Shu tariqa u dunyodagi eng ko‘p maosh oluvchi o‘yinchiga aylanishi mumkin, deb xabar bermoqda Tribuna.uz.

Nashr ma'lumotlariga ko‘ra, 32 yoshli argentinalikning yangi jamoadagi ish haqi haftasiga 733 ming yevroni tashkil qilishi mumkin. Teves bu ko‘rsatkich bo‘yicha yilning eng yaxshi o‘yinchisi Krishtianu Ronalduni («Real») ortda qoldiradi. U ayni damda haftasiga 435 ming yevro ishlab topadi. Football Leaks ma'lumotlariga ko‘ra, hozirgi vaqtda dunyodagi eng ko‘p pul topuvchi futbolchi deb argentinalik Esekel Lavessi sanaladi. U Xitoyning «Xebey Chayna Forchun» klubida bir haftada 578 ming yevroni «qurtdek sanab oladi».

Avvalroq, Tevesning xizmatlariga Xitoyning «Shanxay Shenxua» klubi qiziqish bildirayotgani haqida xabarlar tarqalgandi. «Boka Xuniors» direktorlaridan biri esa o‘yinchi haqiqatdan ham ushbu jamoaga o‘tishi mumkinligini tasdiqladi.
 

Mavzuga oid