Jamiyat | 12:08 / 09.02.2017
58731
3 daqiqa o‘qiladi

Morgan Friman «suratga tushgan» o‘zbek filmi namoyishi to‘xtatib qo‘yildi

2017 yil 8 fevral kuni ijtimoiy tarmoqlarda milliy kinematografiya sohasida tarqatilayotgan axborotlar “O‘zbekkino” milliy agentligi tomonidan monitoring qilinganda “TIMUR FILM” MChJ tomonidan suratga olingan “Daydi” nomli badiiy filmni jamoatchilik orasida targ‘ibot qilishda bir qator qonun buzilishi holatlariga yo‘l qo‘yilganligi aniqlandi. Bu haqda agentlik xabar berdi

Jumladan, mazkur filmning treyleri, bannerlari va chiptalari chiqarilib, ularda mashhur kinoaktyor Morgan Frimanning Buyuk Britaniya va Janubiy koreyalik kinoijodkorlar tomonidan 2014 yilda ishlab chiqarilgan “So‘nggi ritsarlar” filmida suratga tushgan qiyofasi aks ettirilgan. Ammo aktyorning qiyofasi filmning agentlikka taqdim etilgan nusxasida bo‘lmagan, deyiladi agentlik rasmiy bildirishida. 

Unda aytilishicha, “Biroq “TIMUR FILM” MChJ tomoshabinlarning filmga nisbatan talabini kuchaytirishga erishish maqsadida mashhur kino yulduzini filmda suratga tushganligini bildiruvchi yolg‘on (chalg‘ituvchi) ma'lumotlar tarqatib, iste'molchilarning (tomoshabinlar) huquqlarini paymol qilgan. Bu holat filmga nisbatan yuqori qiziqishni uyg‘otib, uni tomosha qilishga bo‘lgan talabning sun'iy ravishda oshishiga sabab bo‘lmoqda”. 

O‘zbekiston Respublikasining “Iste'molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunining 6-moddasi talabiga ko‘ra, ishlab chiqaruvchi iste'molchiga o‘zi realizatsiya qilayotgan tovarlari haqida o‘z vaqtida zarur, to‘g‘ri va tushunarli ma'lumot berishi shart. Qonunning 23-moddasida davlat iste'molchilarning tovar sotib olishi va undan foydalanish chog‘idagi huquqlari hamda qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini himoya qilishi belgilangan. 

Rasmiy bildirishda aytilishicha, “TIMUR FILM” MChJ studiyasi “Daydi” filmida bir qator xorijiy filmlardagi kadrlardan foydalanib, O‘zbekiston Respublikasining “Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to‘g‘risida”gi Qonuni 19-moddasi talabini ham buzgan. Shulardan kelib chiqib, ushbu holatlar bo‘yicha Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasiga hamda Intellektual mulk agentligiga rasmiy taqdimnoma kiritildi. 

Qayd etilgan masalalar mazkur davlat idoralari tomonidan ko‘rib chiqilguniga qadar “Daydi” filmini kinoteatrlarda taqdimotini o‘tkazish va keng namoyish qilishni to‘xtatib turish ko‘rsatmasi berildi.

Mavzuga oid