Sport | 12:34 / 25.08.2017
39805
7 daqiqa o‘qiladi

Bir guruh sport jurnalistlarining O‘zbekiston Futbol federatsiyasi rahbariyatiga talabnomasi

O‘zbekistonda yangidan, O‘zbekiston futbol federatsiyasidan boshqa, aytaylik, «O‘zbekiston milliy futbol federatsiyasi» tuzib, aynan shu yangi tashkilotni yurtimizda futbolni rivojlantirish uchun FIFAga a'zo organ qilishga fursat yetib kelgan, shekilli.

Bu qanday bedodlik bo‘ldiki, O‘FF xodimlari «futbol — muxlislarniki» deya, muammolarni yozib chiqqan jurnalistlarni odam o‘rnida ko‘rmay, qo‘shtirnoq ichiga olib yozib, esi past, nodon deb haqorat qilsa?!

Milliy terma jamoaning bosh murabbiyi Xalqaro press-klubda o‘tgan sessiyani inkor etib, jurnalistlar bilan uchrashuvdan qochsa?!

Rahbarlar haqida-ku, endi umuman gapirib o‘tirishning hojati yo‘q. Jurnalistlarni salkam xalq dushmaniga chiqarib yuborgan edi. (To‘g‘ri, kechirim so‘raldi va biz bu kechirimni qabul qilganmiz).

Ammo ayrim xodimlarda munosabat o‘zgarishsiz, shunisi bizni tashvishlantirayapti.

O‘zbekiston Futbol federatsiyasi xalqaro bo‘limi xodimi Sherzod Igamberdiyev o‘zining «Feysbuk» ijtimoiy tarmog‘ida joylashtirgan postida o‘zbek futbol jurnalistlarini qishloqi, va esi past, deya haqorat qildi:

«Qatarlik esi past murabbiylar Turkmanistonga qarshi kechagi uchrashuvni yopiq eshiklar ortida o‘tkazishga qaror qilishibdi. Bizning mahalliy qishloqi «jurnalist»larimizdan farqli o‘laroq, ular futbolda baloni ham tushunmaydi», — deb post yozgan O‘FF xodimi.

To‘g‘ri, u postida qatarlik murabbiylarni esi past, deb atamoqda. Lekin mantiqan fikr yuritilsa, Qatar-Turkmaniston o‘yinini yopiq eshiklar ortida o‘tkazgan qatarlik murabbiylar, binobarin O‘zbekiston-Qirg‘iziston o‘yinini ham yopiq eshiklar ortida, muxlislarsiz o‘tkazayotgan O‘zbekiston terma jamoasi murabbiylari shtabi esi past bo‘la olmaydi, demak, esi past deb qo‘shtirnoq ichiga olingan jurnalistlarga nisbat berilmoqda.

Sh.Igamberdiyev avval ham yurtimizdagi futbol jurnalistlari bilan ziddiyatga borib qolgan edi. Avval terma jamoamiz himoyachisi Vitaliy Denisov o‘z intervyularidan birida ayrim jurnalistlarni noprofessionallikda ayblaganida va unga jurnalistlar e'tiroz bildirganida Denisovning yonini olib, jurnalistlarga tashlangan edi.

Keyinroq jurnalistlar FIFAning rasmiy saytida chiqqan ma'lumotga tayanib, O‘zbekiston MTJ 6 iyun kuni Tailandga qarshi o‘rtoqlik o‘yini o‘tkazilishi, Eron bilan uchrashuv oldidan noto‘g‘ri raqib tanlangani haqida mulohaza bildirishgan edi.

Igamberdiyev, bu xabarni yolg‘on, tekshirilmagan, deya jurnalistlarni professional emaslikda ayblab, ijtimoiy tarmoqda tortishgani bilan mashhur bo‘lgan edi. Alal-oqibatda O‘zbekiston aytilgan muddat — 6 iyun kuni Toshkentda Tailand bilan o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazgan edi. Bu o‘rtoqlik uchrashuvining nafi tegmadi va O‘zbekiston Tehronda Eronga mag‘lub bo‘ldi.

O‘shanda u milliy terma jamoa bosh murabbiyi Samvel Babayanning boshqaruv uslubini tanqid qilgan barcha jurnalistlarga qarata xitob qilib, uning bosh murabbiy tarafini olib,  «Babayanga haykal qo‘yish kerak» degani sport jurnalistlari o‘rtasida katta istehzo keltirib chiqargan va hattoki karikaturalar chizilishiga ham sabab bo‘lgandi.

Keyinroq Championat.asia sayti Vitaliy Denisov jarohati tufayli Qatar bilan o‘yinga tusha olmasligi haqida xabar berganida, Sh.Igamberdiyev sayt vakillarini haqorat qilib, Denisov soppa-sog‘ligi, «Lokomotiv» (Moskva) vrachi bilan gaplashgani, u o‘yinga tushishini aytib, sayt xodimlarini noprofessionallik va yolg‘onchilikda ayblangandi. Denisov esa, aytilganidek, Qatar bilan o‘yinga tusha olmagan edi.

O‘zbekiston va Qirg‘iziston terma jamoalari o‘rtasida «Bunyodkor» stadionida bo‘lib o‘tadigan uchrashuv yopiq eshiklar ortida bo‘lishi ma'lum bo‘lgach, internet saytlarida bir qator futbol jurnalistlari bu muxlislar manfaatiga zid holat ekanligini ta'kidlab, o‘rinli savollarni o‘rtaga tashlab chiqishlar qilishgan edi.

O‘zbekiston Futbol federatsiyasi matbuot xizmati rahbari Sanjar Rizayev avvaliga bu Qirg‘iziston terma jamoasi murabbiylar shtabi talabi bilan amalga oshirilganini aytib o‘tib, so‘ngra bu qarorga O‘zbekiston Futbol federatsiyasi rahbariyati kelgani, o‘yinga chipta chiqarilishi va uning TV orqali translyatsiyasi FIFA talablariga zid ekanligini bildirib, tushuntirish bergan edi.

Yurtimizda qishloqda o‘sib-ulg‘ayib, katta bo‘lgan, ayni paytda yuqori davlat lavozimlarida, xalqimizga foydasi tegayotgan turli kasblarda ishlayotgan insonlar juda ko‘p. O‘FF rasmiy xodimining bu alfozda mahalliychilik bilan haqorat so‘zlarni ishlatishi (garchi shaxsiy akkauntidan bo‘lsa ham) hech qanday etika va insoniylik tamoyillariga to‘g‘ri kelmaydi.

Yoki muhtaram, «shaharlik» Igamberdiyev federatsiya hisobidan dunyoning turli davlatlariga borib kelib, issiqqina kabinetlarda o‘tirib, kibrlanib, havolanib, boshqalarga past nazar bilan tashlashga o‘rganib qoldimikan? Oyog‘i yerdan uzildimikan?

O‘zi O‘FFning xalqaro bo‘limi shuncha yillardan beri biror ishni qoyil qila olmayotgani, jumladan, milliy terma jamoamizning so‘nggi bir necha o‘rtoqlik uchrashuvlari bekor qilingani ham bu yerda professional, o‘z ishining ustasi bo‘lgan inson ishlamayotganidan darak bermaydimi?

O‘zini shaharlik professional, boshqa kasb egalarini esi past, qishloqi, «jurnalist» hisoblaydigan odam o‘zi avvalo bir ishni qoyil qilib qo‘yishi kerak emasmi?

Biz jurnalistlar O‘zbekiston Futbol Federatsiyasi mutasaddilaridan, jurnalistlarni omma oldida haqorat qilgan ushbu xodimi o‘z nomidan jurnalistlardan rasman kechirim so‘rashi va uning bu so‘zlari Federatsiyaning rasmiy sayti orqali — omma oldida yoritilishi, aks holda, uning ishdan bo‘shatilishini talab qilamiz.

Federatsiyadagi bu muhim lavozim esa muxlislarga va terma jamoaga, umuman, futbolimizga foydasi tegadigan, jurnalistlar bilan shaffof va ochiq munosabatda bo‘ladigan, ularning shaxsiyatiga tegib, kasbiy malakasi ustidan mazax qilib, xaqoratlamaydigan xodimga berilishi kerak, deb hisoblaymiz.

Bir guruh sport jurnalistlari.

Mavzuga oid