O‘zbekiston | 23:55 / 30.09.2017
14428
2 daqiqa o‘qiladi

Tezyurar elektropoyezdlarga xizmat ko‘rsatuvchi markaz ochildi

Foto:railway.uz

Bugungi kunda 17 davlatda tezyurar poyezdlar ishlatiladi. Bu poyezdlarning u yoki bu davlatda paydo bo‘lishi bu davlatning iqtisodiy rivojlanganligining darajasini ko‘rsatadi. Quvonchlisi, O‘zbekiston ham shu davlatlar qatoriga kiradi. Bugungi kunda O‘zbekistonda "Afrosiyob" tezyurar yo‘lovchi poyezdlaridan foydalanilmoqda.

2011 yildan boshlab bu elektropoyezdlar shinamlik va qulaylik bilan yo‘lovchilarni manzillariga eltib qo‘ymoqda. Ular O‘zbekistonning haqiqatda faxri va ishonchli transport vositalaridan biri hisoblanadi. 

Bugungi kungacha texnik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha xizmatlar "O‘zbekiston" lokomotiv deposidagi sexda o‘tkazilib kelinardi. 2016 yil fevralda “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ boshqaruv raisi buyrug‘i bilan “O‘ztemiryo‘lmashta'mir” unitar korxonasi hududida “Afrosiyob” tezyurar elektropoyezdlariga texnik xizmat ko‘rsatish markazi qurilishi boshlangandi.

Foto:railway.uz

Yangi obektning maydoni 10909,0 kv. metrni tashkil qiladi. Shu kunlarda markaz ochilishi bo‘lib o‘tdi.

Markazni qurish davomida zarur zamonaviy qurilmalar, jumladan, relsosti tokar stanogi, lokomotiv aravachalarini ajratib oluvchi qurilma, konditsioner va g‘ildirak juftligini yechish qurilmasi, g‘ildiraklarni yechish va shuntlash mexanizmi o‘rnatilgan. 

Markaz binosida ikkita 10 tonnalik va texnik bino ichida ikkita 15 tonnalik yuk krani o‘rnatilgan. Bundan tashqari, markazning asosiy binosida ikki qavatli ma'muriy korpus joylashgan. Shu yerning o‘zida poyezdlarning harakatlanishi onlayn-monitoringi amalga oshiriladi. 

Mavzuga oid