Jahon | 00:02 / 31.10.2017
5879
2 daqiqa o‘qiladi

Keniya prezidenti takroran o‘tkazilgan prezidentlik saylovlarida ham g‘alaba qozondi

Foto: Reuters

Keniyaning amaldagi prezidenti Uxuru Keniata takroran o‘tkazilgan prezidentlik saylovlarida 98 foiz ovoz to‘plagan holda g‘alaba qozondi. Bu haqda mahalliy saylov komissiyasiga iqtibos keltirgan holda Reuters axborot agentligi xabar bermoqda. 

Axborot agentligining ta'kidlashicha, muxolifat nomzodi Raila Odinga saylovlarni "soxta" deb hisoblab, ularda ishtirok etishdan bosh tortgan. Bu esa Keniataning qolgan nomzodlardan ulkan farq bilan g‘alaba qilishiga olib kelgan.

Keniyada dastlabki prezidentlik saylovlari avgust boshida bo‘lib o‘tgan. Unda ham Keniata 54 foiz ovoz bilan yutgandi. Muxolifatchi Odinga ham unda ishtirok etib, 44 foiz ovoz to‘plagandi.

O‘shanda saylovlar natijalari e'lon qilingandan keyin mamlakatda bir necha odamning o‘limiga olib kelgan noroziliklar boshlangan. Odinga saylov natijalari qalbakilashtirilganini aytgan.

Sentyabrda esa Keniya oliy sudi saylovlar mamlakat konstitutsiyasiga to‘liq muvofiq bo‘lmagan holda o‘tkazilganiga qaror qilib, uning natijalarini bekor qilib, yangisining o‘tkazilishi haqida hukm chiqargan.

Mavzuga oid