O‘zbekiston | 10:30 / 28.11.2017
73998
3 daqiqa o‘qiladi

Moliyaviy piramida asoschisi Nuriddin Abulg‘oziyev sud qilindi

Foto: O‘zbekiston 24

O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmatining tezkor xodimlari Toshkent viloyati Ichki ishlar boshqarmasi vakillari bilan hamkorlikda keng ko‘lamli firibgarlik bilan shug‘ullanib kelgan guruhning jinoiy faoliyatiga chek qo‘ydi. Bu haqda 27 noyabr kuni «O‘zbekiston 24» telekanalining «Axborot 24» dasturida ma'lumot berildi.

Qayd etilishicha, 1979 yilda Toshkent viloyatining Yangiyo‘l tumanida tug‘ilgan Nuriddin Abulg‘oziyev jinoiy til biriktirishning tashabbuskori bo‘lgan. U o‘zining sheriklari – Akmal Nazarov, Jonibek Bo‘ribekov va Dilshod Qosimbekov bilan birga “Dilshod Avto Savdo” MChJga asos soladi. Hujjat bo‘yicha firma avtomobil oldi-sotdisida o‘rtadagi vositachi vazifasini bajargan. Ammo keyinchalik tergovda aniqlanishicha, bu ishlar shunchaki jinoyatni berkitish maqsadida qilingan. 

Boshqaruv lavozimlariga o‘z hamtovoqlarini joylashtirib qo‘ygan Abulg‘oziyev chinakam ma'noda moliyaviy piramidaga asos soladi. Ular bu serdaromad ishga aholidan juda katta miqdorda foiz to‘lovini to‘lash va'dasi bilan pul, qimmatbaho taqinchoqlar, mol-mulk va avtotransport vositalarini qabul qilishni boshlaydilar. Tovlamachilar “Dilshod Avto Savdo” jamiyati orqali odamlar o‘z mablag‘larini ko‘paytirib olganliklari haqida yolg‘on mish-mishlarni tarqatishadi. Keyinroq ma'lum bo‘lishicha, aholidan olingan boyliklar tadbirkorlik faoliyatiga emas, balki odamlar ishonchini yo‘qotmaslik uchun eski omonatchilarga foiz to‘lovlarini qoplash uchun yo‘naltirilgan. 

Pulning qolgan qismi esa jinoyatchilarning cho‘ntagiga tushgan. Aldangan kishilar soni yuzlab ekani aytilmoqda. Firibgarlarning aylanma pullari esa milliardlab so‘mni tashkil qilgan. MXX xodimlari jinoyatchi guruhning qing‘ir ishlarini fosh etdilar. 

Mazkur ish jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumani sudida ko‘rib chiqildi. Tuman sudi raisi Bahrom Toshpo‘latovning so‘zlariga ko‘ra, Abulg‘oziyevga nisbatan ilgari surilgan ayblovlar o‘z isbotini topgan, aybdorlarga tegishli jazo tayinlandi.

“Jabrlanuvchilarga yetkazilgan moddiy zararlarni sudlanuvchilardan undirish belgilandi. Sudlanuvchilar – Nuriddin Abulg‘oziyev va uning jinoiy sheriklari tomonidan hali o‘zlarining ixtiyoriga o‘tkazishga ulgurmagan 125 dan ortiq bo‘lgan yengil va yuk avtomashinalari sudning qarori bilan qonuniy egalariga qaytarilishiga erishildi”, - deydi Bahrom Toshpo‘latov. 

Eslatib o‘tamiz, Abulg‘oziyev chinozlik Ahmadboy qo‘lga tushganidan so‘ng – o‘tgan yilning iyun oyida hibsga olingani ma'lum bo‘lgan edi.

Mavzuga oid