Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Tehron sammiti. Tomonlar Suriyada tinchlikka erishish choralari bo‘yicha kelishib olishdi
7 sentabr kuni Tehronda Rossiya, Eron va Turkiya rahbarlari ishtirokidagi uchinchi sammit o‘tkazildi. Sammit ishtirokchilari Suriyada kelgusida barqarorlikka erishish choralari majmuini ma'qullashdi. Unda asosiy e'tibor mamlakat shimolidagi Idlib viloyatidagi vaziyatga qaratilgan - bu viloyat ayni vaqtda noqonuniy qurolli bo‘linmalar qo‘lida qolayotgan oxirgi viloyatdir.
Muzokaralar yakunida qabul qilingan deklaratsiyada uch davlat ham hududdagi terrorchilarni butunlay yo‘q qilish uchun hamkorlikni davom ettirishi ifodalangan. Matbuot anjumanida Rossiya prezidenti Idlibdan jangarilarni «quvib chiqarish» - ayni bosqichdagi asosiy vazifa ekani ta'kidlandi.
Moskva, Tehron va Anqara Suriyadagi tinch aholini himoya qilish va mintaqadagi gumanitar vaziyatni yaxshilashga kelishishdi.
Sammit ishtirokchilari Suriya masalasidagi keyingi oliy darajadagi muzokaralar Rossiyada o‘tkazilishiga kelishib olishdi.
Tinchlik muzokarasi
Sammit yakunida qabul qilingan deklaratsiyada Suriyadagi inqirozni bartaraf etishning qurolli yo‘li yo‘qligi, tinchlikka faqat muzokaralar o‘tkazish va siyosiy yo‘l bilan erishish mumkinligi yana bir bor ta'kidlangan. Sammit ishtirokchilari Suriya Arab respublikasining hududiy yaxlitligi, suvereniteti, mustaqilligi borasida yakdillik bildirishgan. Bundan tashqari, tomonlar Suriya yaxlitligiga rahna soladigan ayirmachilik harakatlariga qarshi turishga tayyorliklarini bildirishgan.
Siyosatchilar «qochqinlar o‘z ixtiyorlari bilan Suriyaga qaytishi uchun xavfsiz sharoitlar tashkil etish zarurligi»ni qayd etishgan.
Rossiya prezidenti Vladimir Putin hamkor davlatlarni Rossiyada jangarilar Idlibda kimyoviy hujum uyushtirishga tayyorgarlik ko‘rayotgani, bu orqali G‘arb davlatlari Suriyaga zarba berishiga erishishni maqsad qilishgani haqida «inkor qilib bo‘lmas» dalillarga ega ekanidan xabardor qilgan.
«Biz tinch aholiga zarar yetkazmaslik maqsadida terrorchilarga hujum qilinmasligi, bu vaqtda Suriya armiyasiga hujum qilinaverishini tushuna olmaymiz. Tasavvur qiling, aynan shu yo‘nalishda suriyaliklarga hujum qilish rejasi tayyorlangan», degan Putin.
Idlibdan terrorchilarni quvib chiqarish masalasi
Muzokaralardagi asosiy mavzu Idlibdagi vaziyat bo‘ldi - bu hudud muxolifat kuchlarining so‘nggi tayanch nuqtasidir. Sammit yakunida Rossiya prezidenti sammit ishtirokchilarining umumiy maqsadi «Suriyada terrorchilar butunlay yo‘q qilinishiga erishish» ekanini ta'kidladi.
«Yaqindagina Rossiya harbiy-havo kuchlari mamlakatning janubiy-g‘arbiy qismini ozod etishda muvaffaqiyatli harakatlanishgandi. Endigi bosqichdagi asosiy vazifa esa - jangarilarni Idlibdan siqib chiqarishdir. Ularning mavjudligi Suriya xalqi va butun mintaqadagi tinch aholi uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri tahdiddir», degan Putin.
«Biz o‘z chaqiriqlarimiz Idlibdagilar uchun tushunarli bo‘lishiga umid qilamiz. Umid qilamizki, terrorchi guruhlar rahbarlarida qarshilikni bas qilib, qurollarni topshirish uchun aql yetarlidir», degan u.
Putin birinchi navbatda Idlibdagi tinch aholi vakillari borligini hisobga olgan holda harakatlanish lozimligini uqtirgan. U Rossiya va boshqa davlatlar bundan oldinroq Suriyaning boshqa hududlaridagi jangarilar Idlibga kelib joylashishi uchun sharoit yaratib berishgani va ayni vaqtda hududda ko‘p miqdorda qurollangan guruhlar jamlanganiga e'tibor qaratgan.
«U yerda turli guruhlar uchuvchisiz uchish qurilmalari yasashga ham erishishgan. Qayerdandir ularda zarur vositalar, ehtiyot qismlar paydo bo‘lib qolgan», deya qo‘shimcha qilgan Rossiya prezidenti.
U Idlibdagi guruhlarning o‘zaro ziddiyatiga ham e'tibor qaratgan. «Bu bizni tashvishlantiradi. Bunday qarama-qarshilikdan alal-oqibat tinch aholi vakillari jabrlanishadi», degan Putin. Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday to‘qnashuvlar tez-tez ro‘y beradi. U AQSh koalitsiyasi nazoratni qo‘lga olgan Raqqada bo‘lib o‘tgan voqealarni misol qilib keltirgan. «Biz o‘shanda eshitgandikki, bunga tinch aholi vakillari orasiga yashiringan terrorchilar aybdor bo‘lgandi», deya qayd etgan rossiyaliklar prezidenti.
Eron rahbarining so‘zlariga ko‘ra, Idlib ozod etilganidan keyin, Frotning sharqiy qirg‘og‘idan amerikaliklarni chiqarib yuborish masalasi kun tartibiga ko‘tariladi. Ayni vaqtda Suriyaning bu hududida amerikalik harbiylar kurd bo‘linmalarini qo‘llab-quvvatlashmoqda. «Afsuski, bu yerda katta kuchlar jamlangan. Lekin biz Suriyadan xorijiy kuchlar butkul chiqib ketishiga erishishimiz kerak», degan Ruhoniy.
Turkiyaning pozitsiyasi
Turkiya prezidenti Idlibga teginmaslik tarafdori. U bu hududga hujum qilinsa, bu «xato harakat» bo‘lishi va bu xato Suriyadagi siyosiy jarayonga putur yetkazishidan tashvish bildirgan. Erdo‘g‘an Idlibni bombardimon qilishni to‘xtatishga chaqirgan. U Idlibga hujumlar qochqinlar oqimini keskin oshirishidan xavfsiramoqda. «Idlibdan kelayotgan qochqinlar oqimi ortmoqda. Ular bizning chegaralar tomon harakatlanishmoqda. Idlibni bombalashni bas qilish kerak», degan turkiyaliklar rahbari. «Biz allaqachon 3,5 million suriyalikni qabul qildik. Idlib aholisi ham 3,5 million kishini tashkil etadi. Bizda buncha qochqinga joy yo‘q», deya ogohlantirgan Erdo‘g‘an. U terrorchilar bilan boshqa samarali usullarda kurashishga chaqirgan.
Erdo‘g‘an shuningdek «Anqara rasmiy Vashington Frot daryosining ikkinchi qirg‘og‘idagi kurdlarni qurollantirishda davom etayotganidan xavotir bildirgan».
Rossiya, Turkiya va Eron jahon hamjamiyatini Suriyaga gumanitar yordam hajmini oshirishga chaqirgan.
Sammit ishtirokchilari tomonlarning keyingi uchrashuvi Rossiyada o‘tkazilishiga kelishib olishgan. Bu Suriya masalasidagi hisob bo‘yicha to‘rtinchi sammit bo‘ladi. Bungacha 2017 yilning 22 noyabrida Sochida, 2018 yilning 4 aprelida Anqarada uch tomonlama sammitlar tashkil etilgandi.
Mavzuga oid
21:00 / 07.09.2018
Tehron deklaratsiyasi: Tomonlar Suriya bo‘yicha hamkorlikni davom ettirishadi
19:20 / 07.09.2018
Rossiya, Eron va Turkiya Suriyada terrorchilarni yo‘q qilishda hamkorlikni davom ettiradi
19:00 / 07.09.2018