Jahon | 19:40 / 11.12.2018
13497
2 daqiqa o‘qiladi

Time jurnali bir necha jurnalistni «Yil odami» sifatida e'lon qildi

AQShning Time nashri tahririyati bir guruh jurnalistlar, jumladan Saudiya Arabistonining Istanbuldagi bosh konsulligida o‘ldirilgan jurnalist Jamol Qoshiqchiga hamda Capital Gazette nashri ofisidagi otishmada halok bo‘lganlarga 2018 yilning «Yil odami» unvonini berdi.

Qoshiqchidan tashqari, Reuters axborot agentligining Myanmada davlat siri haqidagi qonunni buzganlik uchun 7 yilga ozodlikdan mahrum qilingan jurnalistlari Va Lone va Kyau So Oo, Filippinning muxolif sayti Rappler muharriri Mariya Ressa hamda AQShning The Capital Gazette nashrining otishmada halok bo‘lgan xodimlari jurnal tomonidan «Yil odami» sifatida e'tirof etildi.

Jurnal «Yil odami» unvonini ilk bor vafot etgan kishilarga berdi.

«Yil odami» unvonini olishga asosiy da'vogarlar orasida Rossiya, AQSh va Janubiy Koreya prezidentlari Vladimir Putin, Donald Tramp va Mun Je In, Rossiyaning AQShdagi saylovlarga aralashuvini tergov qilayotgan maxsus prokuror Robert Myuller va yana boshqalar bor edi.

28 iyunda AQShning Annapolis shahrida (Merilend shtati) mamlakatda uzoq yillardan beri chop etiluvchi gazetalardan biri Capital Gazette bosh ofisi hududida otishma sodir etilishi oqibatida 5 kishi halok bo‘lgandi, yana bir necha kishi jarohat olgandi.

Jamol Qoshiqchi 2 oktabrda Saudiya Arabistonining Istanbuldagi bosh konsulligida o‘ldirilgandi.

2017 yilda Time jurnali jinsiy tegajog‘liklar haqida birinchi bo‘lib so‘zlagan ayollarni (Silence Breakers) “yil odami” sifatida e'tirof etgandi.

Mavzuga oid