Jamiyat | 21:17 / 11.03.2019
1274
8 daqiqa o‘qiladi

Uchinchi ADWEEK marketing va reklama haftaligida qanday yangiliklar kutilmoqda?

8–13 aprel kunlari Toshkentda uchinchi ADWEEK marketing va reklama haftaligi o‘tkaziladi. Bu yilgi haftalik konsepsiyasida sezilarli o‘zgarishlar ro‘y berdi.

Birinchidan, tarmoq tadbirlari ko‘lami kengaydi: ADWEEK doirasida bir vaqtda ikkita – marketing va reklama sohasida xalqaro konferensiyalar o‘tkaziladi.

Ularda qatnashish uchun Rossiya, Ukraina, Qozog‘iston va Qirg‘izistondan xalqaro miqyosdagi eng yaxshi amaliyotchi-ekspertlar taklif etilgan. Xorijiy mutaxassislarni saralash marketing sohasidagi mahalliy ekspertlar fikrlarini, ma'ruzalar mavzularining yangiligi va dolzarbligini hisobga olgan holda amalga oshirildi. Bunga, ko‘p jihatdan, biznes-treninglar va seminarlar tashkil qiluvchi kompaniyalar qo‘llab-quvvatlashi evaziga erishildi.

8–9 apreldagi marketing konferensiyasida quyidagilar ma'ruza qiladi: Andrey Sebrant – Yandeks strategik marketing bo‘yicha direktori, Andrey Fedoriv – Ukrainadagi birinchi raqamli marketolog, Fedoriv brending agentligi asoschisi, Ilya Balaxnin – rossiyalik birinchi raqamli amaliyotchi-marketolog, Paper Planes Consulting Agency bosh direktori va boshqaruvchi sherigi, Vladislav Bermuda – Rossiyadagi kross-marketing bo‘yicha birinchi raqamli ekspert, Dmitriy Sidorin – Sidorin Lab sha'n boshqaruvi bo‘yicha birinchi raqamli agentlik asoschisi va rahbari, Aleksey Shpiko – IMZO kompaniyasi bosh direktorining rivojlanish bo‘yicha o‘rinbosari, Asxat Uskembayev – AZ Qozog‘iston amaliy reklama maktabi asoschisi, shuningdek marketing sohasining boshqa «yulduz»lari.

«Shu kunlarda, uchinchi ADWEEK haftaligiga tayyorgarlik davomidayoq «birinchi» va «eng yaxshi» iboralari tez-tez yangramoqda. Bu yilgi maqsadimiz – tadbirni barcha ishtirokchilar uchun maksimal darajada samarali o‘tkazish. Toki bu samara nafaqat ularning o‘z bizneslari rivojida, balki butun marketing tarmog‘i taraqqiyotida ham aks etsin. Shu sababli, birinchi bor katta amaliy tajribaga ega xorijiy mutaxassislarni taklif etishga urg‘u berdik.  Barcha ma'ruzalar betakror bo‘ladi. Konferensiyaga kelgan har bir kishi ikki kun ichida marketingning turli yo‘nalishlari bo‘yicha aniq bilimlarga boyibgina qolmay, shu yerdayoq «o‘zida sinab ko‘rishi» mumkin bo‘ladi. ADWEEK bu yil ham marketing va reklama sohasidagi asosiy ta'limiy va kommunikatsion maydon bo‘lib qoladi», - deb ta'kidladi haftalik tashkilotchisi, «Milliy marketing markazi» korxonalar assotsiatsiyasi boshqaruvi raisi Diyor Mirzaahmedov.

Xalqaro marketing konferensiyasi bilan parallel ravishda, qaror topgan an'anaga ko‘ra, marketing va reklama ko‘rgazmasi ham o‘tadi. Bu yil dizayn, brending, kreativ, digital, SMM, reklamada vizual texnologiyalar, tashqi reklama, poligrafiya xizmatlari, suvenir mahsulotlar, web production va boshqa, jami 12ta mavzuiy yo‘nalish bo‘yicha kompaniyalar qatnashishi kutilmoqda.

ADWEEK–2019’ning yana bir farqli jihati – bu ommaviy tadbirlar shakliga chiqilishidir. O‘zbekistonda birinchi marta ko‘p sonli tomoshabinlar uchun, Alisher Navoiy nomidagi kino saroyida ABC Show – dunyoning 45ta yetakchi festivalida g‘alaba qozongan eng ko‘p taqdirlanuvchi videoroliklar va bosma ishlar kolleksiyasi namoyish etiladi. ABC Show’ning asosiy g‘oyasi – Best of the Best – dunyoning eng yaxshi videoroliklarini, o‘ta obro‘li xalqaro festivallarda taqdirlangan ishlarni namoyish etishdir. Faqat ABC Show kolleksiyasida dunyo kreativining eng yaxshi namunalari Full HD sifatida saqlanadi. Kolleksiyadagi har bir rolik rus tiliga tarjima qilingan va mutaxassislar sharhlari bilan boyitilgan. Shouda qatnashish yangi ilhomlar uchun, tovar va xizmatlar bozoridagi yechimlar uchun g‘oyalar izlayotgan, biznesni rivojlantirish va sotuvlarni kengaytirishga intilayotgan barcha-barchaga tavsiya etiladi.

Bundan tashqari, bu yil haftalik doirasida TAF! birinchi Toshkent reklama festivali o‘tkaziladi. Festival dasturidan TAF! kreativ tanlovi, Birinchi xalqaro reklama konferensiyasi va kreativ tanlov g‘oliblarini taqdirlash marosimi o‘rin olgan. Milliy festivalni tashkil etish g‘oyasi asta-sekin yuzaga keldi. Sir emaski, tobora ko‘plab mahalliy mutaxassislar va agentliklar turli xalqaro reklama festivallarida munosib qatnashadi va mamlakatimiz sharafini himoya qiladi. Shunday faollik samarasi o‘laroq, mutaxassislarning professional hamjamiyati yuzaga kelgan bo‘lib, u mazkur loyihani qo‘llab-quvvatladi.

ADWEEK’ni o‘tkazish bo‘yicha ikki yillik tajribani hisobga olib va nafaqat xorijda, balki o‘z yurtimizda ham kreativ g‘oyalar va fikrlarni amalga oshirishga talab borligini his etib, haftalik tashkilotchilari ADWEEK doirasida ilk reklama festivalini o‘tkazishga qaror qilishdi, u milliy reklama va kreativ maktabi rivoji uchun platforma, mamlakatimiz kreativ agentliklari reytingini yaratish uchun asos bo‘lishi lozim.

TAF! Kreativ tanlovi haftalik arafasida o‘tkaziladigan eng qiziqarli tadbirlardan biri bo‘ladi. Uning doirasida hozirdanoq qizg‘in ishlar bormoqda, tanlov qatnashish istagida bo‘lgan barcha agentliklar uchun ochiq. Ishlar onlayn ravishda, uchta toifa va 14ta nominatsiya bo‘yicha qabul qilinadi. Bu yil, avvalgi yildagi kabi, hakamlar hay'ati tadbirga taklif etilgan kreativ va reklama sohasidagi ekspertlardan tashkil topadi. Tanlov g‘oliblari va laureatlari ADWEEK marketing va reklama haftaligini yakunlab beruvchi tantanali taqdirlash marosimida e'lon qilinadi.

12–13 aprelda «Zarafshon» konsert zalida o‘tadigan TAF! birinchi xalqaro reklama konferensiyasi bundanda qiziqarli va o‘ziga xos bo‘lishi kutilmoqda. Konferensiyada Rossiya, Qozog‘iston va Qirg‘izistondan taklif etilgan ekspertlar ma'ruza qiladi. Konferensiyaning bosh g‘oyasi – reklama va kreativ sohasining eng yaxshi vakillarining o‘z biznesingizda qo‘llash mumkin bo‘lgan tajribalarini o‘zlashtirishdir. Konferensiya «qaymog‘i» o‘ziga xos «voqealar tahlili» bo‘ladi – unda TAF! kreativ tanlovi ishtirokchilarining ishlari tahlil qilinadi.

Joriy yilda haftalik tadbirlarida pullik ishtirok ko‘zda tutilgan, faqat ko‘rgazma bundan mustasno – unga kirish avvalgidek bepul. Chiptalar qimmat emas, marketing va reklama bilan qiziquvchi barcha uchun hamyonbop.

Haftalik tashkilotchilari o‘z sa'y-harakatlari bilan yangi professional formatni, ta'bir joiz bo‘lsa, mamlakatda marketing rivojlanishi uchun zamin yaratayotganliklarini ta'kidlaydilar. Uning hayotga qobilligi butkul O‘zbekiston marketing va reklama sohasining taqdiriga befarq bo‘lmagan barchaning faol ishtirokiga bog‘liqdir.

ADWEEK marketing va reklama haftaligi to‘g‘risidagi batafsil axborot, konferensiya dasturi, ko‘rgazma haqidagi ma'lumot – www.adweek.uz saytida. TAF! birinchi Toshkent reklama festivali haqidagi barcha ma'lumot bilan www.tafest.uz saytida tanishishingiz mumkin. 

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid