Jamiyat | 10:50 / 06.06.2019
27921
8 daqiqa o‘qiladi

Ziyoratgoh yonidagi o‘yin-kulgilar va ko‘chirish ishlaridan norozi chustliklar

Uy buzilishlari yangi davrning og‘riqli nuqtalaridan bo‘ldi, desak adashmaymiz. Odamlar o‘z yashab turgan boshpanalaridan, savdogarlar do‘konlaridan, tadbirkorlar binolaridan oddiygina, biror qonunga amal qilinmasligi oqibatida ajrab qolishi holatlari ko‘p kuzatilmoqda.

Bunday masala yuzasidan prezidentimiz o‘z ma'ruzasida qat'iy fikr bilan chiqqandi. «Mulk egasiga zararni to‘liq qoplanmaguncha, davlat va jamiyat ehtiyoji uchun yer uchastkalarini olib qo‘yish va ko‘chmas mulkni buzish tartibi bekor qilindi», deya ta'kidlagandi Shavkat Mirziyoyev.

Kun.uz tahririyatiga navbatdagi murojaat ham shunga o‘xshash holat yuzasidan bo‘ldi.

Video: Youtube

Video: Mover (tas-ix)

Chustliklar - «Ogohlantirish yo‘qmi?»

«17 mart kuni dabdurustdan kadastrdan kelishib uy maydonlarini o‘lchay boshlashdi. Yonimizdagi bog‘da yig‘ilish o‘tkazildi. Aytishlaricha, zudlik bilan sentyabrgacha bog‘ni kengaytirish kerak ekan. Hech qanday ogohlantirishsiz. Xohlasangiz ham xohlamasangiz ham shu deyishdi. Xohishlarimiz inobatga olinmas ekan. Bog‘ni kengaytirish uchun uylarimiz buzilar ekan. Bizni hayron qoldiradigan jihat shuki, nega shundoq ham zich Chust markazida bog‘ yana ham kengaytiriladi? Nega?», deydi Mashrabboy Sharipov.

«Bu joylar bizga otameros hisoblanadi. Bizdan bir og‘iz so‘ramasdan, bu joylaringni qo‘shamiz deyishyapti. Avvalo bizni ko‘ndirish, bizning aytganimizni qilish kerak-ku? Mayli, joyni berish bo‘yicha davlatga qarshi bormaymiz. Lekin, bizga sharoit yaratib berilishi kerak emasmi? Tumanda qancha bo‘sh joylar turibdi», deydi yana bir murojaatchi Ilyos Toshmatov.

E'tiborsiz qolgan ziyoratgoh

«Biz uchun yangi uylar qurilgunga qadar kollej yotoqxonasiga joylashishimiz kerak ekan. Bunga qarshiligimizni aytdim. Biz qanday qilib yotoqxonaga chiqamiz? Bola-chaqamiz bor. 90 yoshli buvimiz bor. 80 yoshli nogironligi bo‘lgan onaxonimiz bor. Mening o‘zim ham 65 yoshdagi nafaqadagi ayolman. Shu sanaganlarim to‘rt kishiga hamshira qizim qaraydi. Uy qurib berasizlarmi yoki kottej berasizlarmi deb so‘rasam, «Hokimlik oltin baliqmas sizga!» degan javobni oldim. Bir tarafimiz bolalar bog‘chasi. Shu tarafga karusellarni ko‘chirmoqchimiz, deb tushuntirishdi. Bu yerda 150ta xonadon bor.

Bu yer Mavlono Lutfulloh ziyoratgoh maskani va hamma kelayotgan odamlar ziyorat maqsadida keladi, deb aytdik. Ziyoratgoh yonida diskotekalar, o‘yin-kulgilar bo‘lib yotibdi. Nuroniy otaxonlar ham tashqarida o‘tiradigan bo‘lgan. Teparoqda masjid bor. Ta'ziya bo‘lsa, o‘sha joyda janoza o‘qiladi. O‘sha joylarga ham diskoteka, qo‘shiqlar ovozi yetib boradi. Al-Buxoriy, Naqshbandiy ziyoratgohlariga bordik. U yerlarda ancha yaxshi sharoit qilingan ekan», deydi Anorxon Ibragimova.

«Bizga biror ogohlantirish kelmadi. Shunday kelishyapti-da, «Joylarni bo‘shatinglar» deyishdi. Biz qayerga boramiz? «Yotoqxonaga bor» emish. Biz talaba yoshidagi odamlarmizmi? Yonimizdagi ziyoratgoh joyni ham «podaxona»ga aylantirib yuborishdi. Kechqurun kelsangiz bilasiz. Yoshlar bu joylarda nima qilsa qilmoqda», deydi Zakiya Isamiddinova.

«Bu joylarni o‘zi har bahor kelib uylarimiz buzilishi haqida g‘ulg‘ula solib ketishadi. Qo‘llarida na qog‘oz bor na boshqa. Bizga berilayotgan vaqt ham juda kam», deydi Shokir Abidov.

«Bizga na yer ko‘rsatildi, na tayinli yashash joyi. Yotoqxonaga chiqinglar deyishdi. Pul beramiz degani yo‘q. Biz xavotirga tushib qoldik. Masalan, mening yurak kasalim bor. Haligacha tushunmayapman. Yotoqxonada qanday yashaymiz?», deydi Yo‘ldasheva Tubinisso.

«Mening uyim ushbu park yonida joylashgan. Yoz kelgach, bu ziyoratgoh atrofida yurib bo‘lmaydi. Shovqin, diskotekalar, aroqxo‘rlik, maishatbozlik, yoshlar bir tarafda quchoqlashgan, qisqasi rasvo holat. Kuz kelishiga bu joylar chiqindixonaga aylanadi. Bu parkni kengaytirishning nima keragi bor?», deydi yana bir murojaatchi Marhamatxon Arlanova.

Shundan so‘ng, murojaatlarda aytilayotgan ziyoratgoh hududiga kirib o‘tishga qaror qildik. Mavlono Lutfulloh ziyoratgohiga kelgan vaqtimizda bu yerga kelganlar Qur'on tilovat qilib o‘tirgan bir vaqtda yonginasida diskoteka shovqiniga guvoh bo‘ldik. Ziyoratgoh hududiga yaqin joyda o‘tirgan bir guruh yoshi ulug‘ otaxonlar bilan suhbatlashganimizda, ular ham o‘z e'tirozlarini bildirishdi. Doim shovqin bo‘lishi, hech kim ularning so‘zlariga quloq tutmayotganini aytishib shikoyat qilishdi. Ushbu muqaddas qadamjoni aylanganimizdan so‘ng, shikoyatlar sababchisi Chust tumani hokimiyati tomon yo‘lga tushdik.

Mutasaddilarga quloq tutib

Ahmadjon Xolmirzayev

Chust tumani hokimligida qurilish masalalari bo‘yicha hokim o‘rinbosari Ahmadjon Xolmirzayev bilan suhbatlashdik. Mansabdor shaxsning aytishicha, u bu sohada katta tajribaga ega va shu kungacha undan hech kim norozi bo‘lmagan ekan.

«Mustaqil baholovchi tashkilotlar ushbu hududdagi uy-joylarni narxlashdi. Hech kimni norozi qilmaydigan tarzda bu ishni bajaramiz. Mablag‘ masalasi viloyat hokimligidan hal bo‘lishini kutib turibmiz. Uylar ko‘chiriladigan hudud masalasi hal bo‘lganidan keyin buziladi. Men o‘zim ham gaplashganman. Qonunda qanday belgilangan bo‘lsa, shunday qilinishini aytganman.

Biz aholi bilan uchrashganmiz, tushuntirganmiz. Buzish ishi oson ish emas. Ustiga-ustak markazda joylashgan bu uylar. Avvalo, chumolining ham uyi buzilmasin. Bu sohada 30 yildan beri ishlayman. Qonunchilikda ham uy-joyga kompensatsiya berilishi kerakligi, qolaversa, yashash joyi bilan ta'minlanishi kerakligi, haqidagi joyi bor. Ular so‘zlarimizni noto‘g‘ri talqin etishdi. «Lozim bo‘lsa, bizda bo‘shagan yotoqxona bor», deb aytganman. Shuningdek, ko‘pqavatli binolardan uy ham olish mumkin. Boshlang‘ich to‘lovi kompensatsiya bilan to‘lanishini tushuntirdik. Baholangan uylar ichida 800 million so‘m chiqqani ham bor. Baholovchini jo‘natsak, uylariga kiritishmadi. Kadastr hujjatlariga qarab baholari chiqarildi. Prezidentimiz kelgan vaqtida Chust xalqidan vakil chiqib, bu bog‘ni kengaytirishni so‘ragan. Keyin yig‘ilish bayoniga qarab qaror qilingan. Aholi ogohlantirilgani haqida dalillarim ham bor. Lekin yana bir bor aytaman, aholini rozi qilib quramiz.

Ziyoratgoh masalasiga kelsak, men o‘zim mansabga oktabr oyida kelganman. Kelganimdan beri birorta oshiqcha narsa qurdirmadim. O‘sha siz aytayotgan shovqinli joylarda tadbirkorlar ishlaydi, hammasining qo‘lida hujjati bor. Attraksionlar juda ko‘payib ketgan. Har bir attraksionning muhofaza zonasi bo‘ladi. Biz u joylarda endi faqat yangilari qolishiga ruxsat beramiz. Loyiha bo‘yicha ish qilamiz», deydi amaldor.

Mansabdor shaxsning izohlarini eshitdik. Bu amaldor yangi kelgan bo‘lsa, oldindan ishlayotganlar bu ziyoratgoh masalasida chora ko‘rsa bo‘ladi-ku? Chust aholisining uy-joy masalasidagi muammolari hal qilinishiga umid qilamiz. Biroq, Mavlono Lutfulloh ziyoratgohi atrofidagi shovqinlar va hurmatsizlik hali uzoq davom etadigan ko‘rinadi. Mo‘ysafidlar bu hududga hali-beri yaqinlasha olmasligi dilni xira qiladi, albatta...

Mavzuga oid