O‘zbekiston | 16:54 / 15.07.2019
22730
5 daqiqa o‘qiladi

Viktor Mahmudov va Po‘lat Bobojonov Qoraqalpog‘iston Respublikasi hamda Xorazm viloyatiga bordi

Po‘lat Bobojonov / Foto: IIV axborot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibi Viktor Mahmudov va O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri, general-leytenant Po‘lat Bobojonovning Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatiga tashrifi amalga oshirildi.

O‘zbekiston Respublikasi IVV Jamoatchilik va OAV bilan aloqalar boshqarmasi xabariga ko‘ra, tashrif davomida Qoraqalpog‘iston Respublikasining Nukus shahrida joylashgan Ichki ishlar vazirligi tarkibidagi “Temurbeklar maktabi” harbiy-akademik litseyini kapital ta'mirlash bo‘yicha ishlab chiqilgan loyihalar bilan tanishildi. Binoning umumiy qiyofasini yaratishda mahalliy iqlim sharoitlarini hisobga olish hamda milliylik jihatlariga alohida e'tibor qaratish lozimligi ta'kidlandi.

Saf maydoniga Sohibqiron Amir Temur byustini o‘rnatish, zamonaviy axborot-resurs markazi va kutubxona tashkil qilish,zaruriy adabiyotlar bilan boyitish,o‘quvchilar tomonidan muntazam ravishda badiiy va ilmiy-ommabop adabiyotlarni o‘qish tizimini ishlab chiqish, shuningdek, o‘quvchilarda musiqa, rassomchilik, adabiyot, teatr va boshqa san'at turlariga qiziqishni oshirish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha tavsiyalar berildi.

Shuningdek, mehmonlar Shimoliy-g‘arbiy harbiy okrugga qarashli harbiy qismda bo‘lib, ixtisoslashtirilgan o‘quv kurslarining borishi bilan yaqindan tanishib, xodimlar bilan suhbatlashdilar.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi IIVda yangi tashkil etilgan vaziyatlar markazi ham tashrif ishtirokchilarida qiziqish uyg‘otdi. Mazkur markazdan turib Nukus shahrining maydon va xiyobonlari, istirohat bog‘lari, ko‘ngilochar maskanlari, bozor va bekatlarga o‘rnatilgan 255 ta videokuzatuv kameralari orqali kuzatish imkoni yaratilgan. Shundan 10 ta intellektual videokuzatuv kameralari orqali qidiruvdagi jinoyatchilarni tanib olish mumkin bo‘lsa, 40 ta kamera orqali avtoulovlarning davlat raqam belgilarini tekshirish va ma'muriy huquqbuzarlik sodir etganlarini aniqlash mumkin.

Bundan tashqari, 10 ta joyga o‘rnatilgan maxsus aloqa vositalari orqali fuqarolar turli murojaatlar bo‘yicha tezkor navbatchi bilan bevosita bog‘lanishi yo‘lga qo‘yilgan.

Tashrif ishtirokchilari Milliy gvardiya maxsus batalonining yangi shaharchasi, Mudofaa ishlari boshqarmasiga qarashli mutaxassislarni tayyorlash markazi, Berdaq nomidagi kino-konsert zali, Nukus shahrida bunyod etilayotgan Prezident maktabi hamda Orolbo‘yi mintaqasi bolalari uchun reabilitatsiya markazi hisoblangan “Imkon” maktabgacha ta'lim davlat muassasasiga ham tashrif buyurib, ushbu maskanlardagi qurilish va bunyodkorlik ishlari bilan ham yaqindan tanishdilar.

Xorazm viloyatiga amalga oshirilgan tashrif ixtisoslashtirilgan o‘quv-amaliy kurslari bilan tanishuvdan boshlandi.

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibi va ichki ishlar vaziriga Ichki ishlar va Mudofaa vazirliklari, Milliy gvardiya hamda Namangan, Andijon, Farg‘ona va Xorazm viloyatlari hokimliklarining qo‘shma qarori asosida joriy yilning 1 iyun kunidan e'tiboran tashkil etilgan ixtisoslashtirilgan o‘quv-amaliy kurslarining borishi yuzasidan axborot berildi.

Xodimlar bilan o‘tkazilgan suhbat jarayonida, o‘quv kurslarida xodimlarning chet el fuqarolari bilan dastlabki muloqotga kirishishi uchun ingliz tili mutaxassislarini jalb etgan holda qo‘shimcha mashg‘ulotlar o‘tkazish, jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan kelib tushayotgan murojaatlarni hal etish jarayonida ayrim vaqtlarda sud organlari bilan bog‘liq bo‘lgan muammolar yuzaga kelayotganligi sababli, sudyalarini taklif qilgan holda o‘zaro fikr almashishlarni tashkil etish bo‘yicha takliflar bildirdi.

Vazir xodimlar tomonidan bildirilgan barcha takliflarni atroflicha o‘rganib chiqib, maqsadga muvofiq deb topilganlarini kelgusida amaliyotga joriy etish yuzasidan mas'ul xodimlarga ko‘rsatmalar berdi.

Tashrif davomida Milliy gvardiya maxsus batalonining yangi shaharchasi, Xorazm viloyati Mudofaa ishlari boshqarmasi mutaxassislarni tayyorlash markazida amalga oshirilayotgan qurilish ishlari ham ko‘zdan kechirildi.

Mavzuga oid