Jahon | 18:27 / 26.01.2020
38612
2 daqiqa o‘qiladi

Tomskda halok bo‘lgan o‘zbekistonliklar ishlagan kompaniya direktori hibsga olindi

Foto: Taisiya Voronsova/TASS

Tomsk oblasti Asinovskiy tumanida yong‘in oqibatida halok bo‘lgan O‘zbekiston fuqarolari ishlagan «Grin vud» MChJ o‘rmon kesish kompaniyasi direktori huquqni himoya qilish idoralari tomonidan qo‘lga olindi, deb xabar berdi RIA Novosti.

«Tomskda Grin vud» MChJ direktori qo‘lga olindi. U hozirda tergov izolyatorida saqlanmoqda», - dedi agentlik suhbatdoshi.

Xabar qilinishicha, Rossiya tergov qo‘mitasi tomonidan ushbu holat bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. 

Ochiq ma'lumotlarga ko‘ra, "Grin vud" kompaniyasi 2011 yilda Tomsk oblasti Asino shahrida ro‘yxatga olingan. Sun Anni ismli shaxs 2019 yildan buyon uning direktori hisoblanadi.

Eslatib o‘tamiz, 21 yanvarga o‘tar kechasi Rossiyaning Tomsk viloyati Asino tumanidagi bir qavatli yog‘och uyda yong‘in ro‘y berib, uyning 208 metr kvadrat maydoni yonib ketgandi.

Dastlabki xabarlarda yong‘in oqibatida 11 kishi halok bo‘lgani, ulardan 10 nafari O‘zbekiston fuqarolari ekani aytilgandi. Keyinroq yong‘in oqibatida halok bo‘lgan o‘zbekistonliklar soni 11 kishiga yetgani xabar qilingandi.

26 yanvar kuni halok bo‘lgan 10 nafar O‘zbekiston fuqarolari jasadlari Toshkent shahriga olib kelindi.

TIVning ma'lum qilishicha, qolgan ikki nafar marhum jasadlari DNK tahlili natijalari aniqlangandan keyin yuboriladi.

Mavzuga oid