Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti London universiteti bilan qo‘shma dasturni yo‘lga qo‘ydi
Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida London universiteti hamkorligida qo‘shma ta'lim dasturi yo‘lga qo‘yilishi munosabati bilan matbuot anjumani o‘tkazildi.
Tadbirda Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, Moliya vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi, “El-yurt umidi” jamg‘armasi rahbar va mas'ul xodimlari, Buyuk Britaniyaning O‘zbekistondagi elchixonasi va Britaniya kengashi vakillari, O‘zbekiston Respublikasining Buyuk Britaniyadagi favqulodda va muxtor elchisi, Finlandiyaning O‘zbekistondagi faxriy konsuli hamda London iqtisodiyot va siyosiy fanlar maktabi (LSE) professorlari qatnashdi. Anjumanda ikki tomon ta'lim dasturi bo‘yicha o‘zaro fikr almashdi.
Aytilganidek, ushbu qo‘shma ta'lim dasturiga 2021/2022 o‘quv yilidan boshlab buxgalteriya hisobi va moliya, iqtisodiyot, bank ishi va moliya bakalavriat ta'lim yo‘nalishlari bo‘yicha qabul amalga oshiriladi.
Dasturning o‘ziga xosligi shundan iboratki, bitiruvchilar Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti va London universiteti (University of London) diplomini qo‘lga kiritishadi. O‘qitish jarayoni to‘liq ingliz tilida bo‘lib, o‘quv materiallari va yakuniy nazorat sinovlari London iqtisodiyot va siyosiy fanlar maktabi (LSE) tomonidan tayyorlanadi va baholanadi. Bu esa o‘qish jarayonida shaffoflik va ta'lim sifatini ta'minlaydi.
Qo‘shma ta'lim dasturi faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida 4 bosqichdan iborat muhim jarayon muvaffaqiyatli amalga oshirildi. Bu haqda TDIU xorijiy maslahatchisi va eksperti Hamid Ergashev batafsil ma'lumot berdi:
“Birinchi bosqichda TDIU o‘qituvchi-professorlar anketalari tayyorlandi, o‘quv jarayonlari qanday tashkil etilgani haqida ma'lumotlarni London universiteti (University of London) rahbariyatiga taqdim etdik. Ularning ilmiy kengashi faoliyatimizni o‘rganib chiqdi. Ikkinchi bosqichda London universiteti (University of London) tomonidan universitetimizda qanday professorlar dars berayotgani, ularning salohiyati, qo‘shma dastur asosida ta'lim berishga imkoniyati yetadimi, TDIU bunga sharoit yaratib beroladimi, degan savollarga javob olindi.
Uchinchi bosqichda London universiteti federatsiya bo‘lgani uchun tarkibida 17 ta universitet bo‘lib, har biri shu dasturni ma'qullashi kerak edi. To‘rtinchi bosqichda London universiteti federatsiyasining vitse-prezidenti ruxsati talab qilinadi. Ular bizga akademik yo‘nalish yaratib berishadi. Butun o‘quv dasturi platformasini shakllantirishga London iqtisodiyot va siyosiy fanlar maktabi (LSE) ko‘maklashadi.
Ushbu qo‘shma ta'lim dasturi bitiruvchilarga mamlakatimiz va xorijning nufuzli tashkilotlarida o‘z faoliyatlarini olib borishlariga imkoniyat yaratib beradi. Loyiha orqali talabalar eng yaxshi bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lgan holda yangi g‘oyalar va tajribalar bilan yurtimiz kelajagiga munosib hissa qo‘shishiga ishonamiz”.
Dilnoza Abdurahimova, TDIU 1-bosqich talabasi:
“Hozir birinchi bosqich talabasiman. Keyingi o‘quv yilidan ushbu loyihada qatnashmoqchiman. Shu dastur qatnashchilariga yozgi ta'til jarayonida Londonda yozgi maktabda tahsil olish imkoniyati beriladi. Ushbu jarayonda talabalar London universitetida o‘z yo‘nalishlari bo‘yicha nufuzli professorlardan darslar olishadi.
Yo‘nalishim iqtisodiyot bo‘lgani uchun mintaqaviy iqtisodiyot yoki moliya yo‘nalishlarida bilimlarimni ham kuchaytirib kelmoqchiman. London universiteti o‘qituvchilari bergan bilimlarni bu yerda ham amaliyotga tatbiq qilmoqchiman”.
Qo‘shma ta'lim dasturiga 2021-2022 o‘quv yilidan boshlab abituriyentlar va bakalavriatning 1-bosqichini tamomlagan talabalar 2-bosqichda o‘qish uchun qabul qilinadi. Ta'lim davomiyligi 4 yil. Abituriyentlar uchun va 1-bosqichni tamomlagan talabalar uchun alohida imtihon tashkil etiladi. Bunda xalqaro til bilish sertifikati va matematika fani imtihonlari darajasida farq bo‘ladi. Bu haqda iqtisodiyot fanlari nomzodi, dotsent, xalqaro qo‘shma ta'lim dasturi koordinatori Fazliddin Nasriddinov batafsil axborot berdi:
“Qabul jarayoni ikki xil shaklda olib boriladi. Birinchi shaklda o‘qish jarayoni 4 yil davom etadi. Ya'ni bunda 1 yil tayyorlov (foundation), 3 yil asosiy o‘qish davri hisoblanadi. Abituriyentlar ushbu ta'lim shakliga hujjat topshirishadi. Ikkinchi shaklga esa istalgan OTMda 1-bosqichni tamomlagan talabalar hujjat topshirishi mumkin va ular imtihondan o‘tsa, 2-bosqichdan ushbu ta'lim dasturida o‘qishni boshlashadi”.
Mavzuga oid
15:51 / 07.11.2023
TDIUda 8-9 noyabr kungi darslar bekor qilindi
18:48 / 01.11.2023
Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida dolzarb mavzularda konferensiya va seminar o‘tkazdi
10:50 / 27.08.2023
Toshkent Davlat Iqtisodiyot Universiteti - O‘zbekistondagi ilk 5 yulduzli oliy ta’lim muassasasiga aylandi
10:52 / 15.08.2023