Jahon | 18:38 / 25.03.2021
9781
9 daqiqa o‘qiladi

Koronavirusga qarshi ixtirolar va kambag‘al dunyo oldidagi patent to‘sig‘i. Xalqaro huquq nima deydi?

Xalqaro normalarga asosan, hozirgi pandemiya sharoitida biror-bir ixtiro Covid-19ga qarshi kurashda qo‘l kelsa, unga nisbatan huquq egasining roziligi olinmay, so‘zsiz majburiy litsenziya tartibi qo‘llanishi lozim. Intellektual mulk huquqi bo‘yicha ekspert Abdumo‘min Yuldashov Kun.uz'ga taqdim etgan maqolasida shu haqda so‘z yuritadi.

Foto: Motortion Films/Shutterstock

Insoniyat asrlar davomida o‘z boshidan turli epidemiyalarni o‘tkazgan, hozir ham koronavirus pandemiyasi davom etmoqda. Yechim – viruslarga qarshi preparatlar va vaksinalar. Ammo patentlangan farmatsevtik vositalar past va o‘rta daromadli davlatlar uchun qimmatlik qiladi. Shunday vaziyatda qonunlar, xalqaro me'yorlar ularga yon bosadi.

Oxirgi 1-1,5 yil mobaynida jahonni qamrab olgan Covid-19 pandemiyasi bugungi kunda ham dunyo aholisini vahimada ushlab turibdi. Pandemiya davom etayotgan bo‘lsa ham, virusni jilovlashning eng samarali usuli – turli vaksinalar ixtiro qilinib, sinovdan o‘tkazilmoqda, ko‘plab davlatlarda vaksinalarni ommaviy qo‘llash ham allaqachon boshlandi.

Ixtirolar va tarix

Hozir farmatsevtika yo‘nalishidagi har bir ixtiro dunyoni koronavirus pandemiyasidan qutqarishda muhim. Koronavirus kabi tarixda bo‘lgan turli epidemiyalar va yuqumli kasalliklarni yengish davrida ham ixtirolar insonlar hayotini saqlab qolgan.

Masalan, angliyalik shifokor Eduard Jyenner 18-asr oxirida butun dunyoda keng tarqalgan suvchechak kasaligiga qarshi dastlabki vaksinani yaratib, insonlar hayotini asrab qolgan. O‘sha davrda bu kasallikning o‘zidan 40 million inson halok bo‘lgani Eduard Jyennerning ixtirosi qanchalik muhim bo‘lganini ko‘rsatadi.

Tarixda yana bir ixtirochi – aqshlik virusolog Jonas Solk 1955 yilda ilk bor poliomiyelitga qarshi vaksinani ixtiro qilgan va u o‘zining bu ixtirosini patentlashdan voz kechgan. Jonas Solkning vaksinasi patentlanmagani undan barcha erkin foydalanishiga yo‘l ochib bergan va ijtimoiy mulkka aylangan vaksina dunyoda kasallikdan zararlanish holatlarini 96 foizga pasaytirgan.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, agarda Jonas Solk o‘z vaksinasini tijoratlashtirganda u 7 mlrd AQSh dollari miqdorida daromad topgan bo‘lardi.

Yana bir amerikalik olim Albert Seybin ham poliomiyelitga qarshi vaksinasidan foydalanish uchun bepul asosda litsenziya bergan va keyinchalik undan ijtimoiy mulk sifatida foydalanishni nazorat qilish vakolatini Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ixtiyoriga topshirgan. Olimlarning bu tashabbuslari vaksinalarni jilovlashga yordam bergan.

Ixtirolar himoyasi – qonunlarda

Olimlarning tashabbuskorligini qo‘llab-quvvatlagan holda intellektual mulk yaratuvchilari, ya'ni ixtirochilarning huquq va manfaatlari qonun bilan himoya qilinishini unutmaslik lozim.

O‘zbekiston Fuqarolik kodeksining 169-moddasida intellektual mulk obektlari ham mulk sifatida belgilangan. Mutlaq huquq obekti bo‘lgan intellektual faoliyat natijalaridan boshqa shaxslar faqat huquq egasining, ya'ni patent tegishli bo‘lgan yuridik yoki jismoniy shaxsning ruxsati bilangina foydalanishi mumkin.

Lekin intellektual mulk sohasidagi xalqaro va milliy hujjatlar lozim bo‘lgan hollarda patent bilan muhofaza qilingan ixtirolardan huquq egasining roziligisiz foydalanishga ruxsat beradi. O‘zbekiston qonunchiligiga ko‘ra, patentlar bilan muhofaza qilinayotgan sanoat mulki obektlaridan tarkib topgan vositalarni tabiiy ofatlar, halokatlar, epidemiyalar va boshqa favqulodda holatlarda qo‘llash patent egasi mutlaq huquqining buzilishi sifatida e'tirof etilmaydi.

Bu norma aholi sog‘lig‘ini saqlashning ustuvor tamoyillarini hisobga olgan holda ishlab chiqilgan.

Virusga qarshi preparatlar ommalashishi

Tarixda turli viruslar tarqalishi va ularning jilovlanishida tibbiy preparatlarning, vaksinalarning narxi pasayishi muhim bo‘lgan.

Masalan, 2001 yildan 2010 yilgacha OIV, tuberkulez, qizamiq kabi yuqumli kasalliklarga qarshi dori vositalarining narxi daromadi o‘rta va past bo‘lgan mamlakatlarda deyarli 99 foizga tushgan. Yuqori faollikdagi virusga qarshi preparatlar (ARV) 2000-yillar boshida kishi boshiga daromadi o‘rta va past bo‘lgan davlatlarda 10-15 ming AQSh dollarini tashkil etgan bo‘lsa, 2010 yilga kelib ularning narxi 60-100 AQSh dollargacha tushgan.

Viruslarga qarshi preparatlarning narxi tushish jarayoni birinchi navbatda turli dori vositalarini chiqaruvchi kompaniyalar soni oshishi bilan xarakterlansa, yana bir jihati intellektual mulk bilan bog‘liqdir.

Aholi sog‘lig‘ini ta'minlashda Jahon Savdo Tashkilotining TRIPS bitimi (Intellektual mulk huquqining savdo jihatlari bo‘yicha xalqaro kelishuv) muhim o‘rin tutadi.

TRIPSda bir qator normalar mavjud bo‘lib, ular aholi sog‘lig‘ini saqlash maqsadida asosiy dori vositalaridan foydalanish imkoniyatini oshirishga qaratilgan. Ular «TRIPS bitimining moslashuvchan qoidalari» turkumidan o‘rin olgan. Lekin TRIPS bitimi qabul qilinganidan 2000-yillar boshigacha daromadi past mamlakatlarning ushbu moslashuvchan qoidalarni qo‘llash bilan bog‘liq harakatlari zoye ketgan.

2001 yilda Doha shahrida bo‘lib o‘tgan JSTning vazirlar konferensiyasida «TRIPS bitimi va jamiyat salomatligi bo‘yicha Doha deklaratsiyasi» qabul qilingan. Aynan shu deklaratsiya dori vositalaridan foydalanishga imkoniyat yaratish bo‘yicha «TRIPS bitimining moslashuvchan qoidalari»ning amalda bo‘lishiga sharoit yaratgan. Deklaratsiya qoidalarida fors-major holatlari qatori epidemiya sharoitida daromadi o‘rta va past bo‘lgan mamlakatlarga zarur tibbiyot mahsulotlarini majburiy litsenziya asosida berish qayd etilgan.

Shundan so‘ng 2001-2016 yillar davomida patent bilan muhofazalangan ixtirolardan foydalanish uchun 176 ta majburiy litsenziya olingan. Ular 14 turdagi turli kasalliklarga qarshi kurashda samara bergan.

Internet ma'lumotlariga qaraganda, o‘tgan yili italiyalik shifokorlar koronavirusga chalingan bemorlarni davolashda, ularni kislorod bilan ta'minlaydigan CPAP nomli niqobli bosh kiyimlar yetishmasligi sababli patentga bo‘lgan huquqlarni buzsa ham, uning ma'lum bir qismlarini 3D shaklida ishlab chiqarishga majbur bo‘lishgan.

Pandemiyalar davrida istisnolar

Epidemiyalar davrida farmatsevtik mahsulotlardan foydalanishda istisnolar bo‘lishi kerakligi e'tibordan chetda qolmagan. Masalan, JSTni tuzish bilan bog‘liq Urugvayda bo‘lib o‘tgan muzokaralarning boshlanishida ham ishtirokchi davlatlarning deyarli 50tasi farmatsevtika vositalarini patent bilan muhofaza qilmaslik taklifini bildirgan edi.

Pandemiya holatlarida mamlakatlar dori vositalari va patent olingan ixtirolarga nisbatan huquq egasidan ruxsat olmagan holda majburiy litsenziya berish tamoyilini qo‘llaydi. Hozirgi zaruriyatda ham agar biror-bir tibbiy vosita Covid-19 virusini davolashda qo‘l kelishi mumkin bo‘lsa, unga nisbatan so‘zsiz majburiy litsenziya tartibi qo‘llaniladi.

Kanadada koronavirus bilan bog‘liq voqealar fonida, Kanadada tibbiyot vositalariga nisbatan majburiy tartibda litsenziya berilishini tezlashtirishga qaratilgan tegishli qonun hujjati ham qabul qilindi.

Tadqiqotlarga ko‘ra, «TRIPS bitimining moslashuvchan qoidalari»dan, ya'ni farmatsevtika mahsulotlaridan foydalanishni osonlashtirish tartibidan janub davlatlari: Braziliya, Argentina, Hindiston ko‘p foydalangan bo‘lsa, Sharqiy Yevropa, Kavkazorti va Markaziy Osiyo davlatlari ushbu tizimdan foydalanishmagan.

O‘zbekistonda ham bu qoida 2002 yilda yangi tahrirda qabul qilingan «Ixtirolar, foydali modellar va sanoat namunalari to‘g‘risida»gi qonunda o‘z aksini topgan.

Aytish mumkinki, intellektual mulk nafaqat o‘z egasi uchun daromad manbayi, balki zarur bo‘lganda jahon aholisi uchun turli kasalliklar va boshqa favqulodda holatlarni bartaraf etishning so‘nggi tirgagi vazifasini ham o‘tashi mumkin. Bunda ixtironing muhofazasini ta'minlash bilan bir qatorda, undan boshqa shaxslar foydalanishiga mavjud tartib va umume'tirof etilgan insoniy qadriyatlar nuqtayi nazaridan ruxsat berish muhim ahamiyatga ega.

Sababi zarur dori vositalaridan foydalanish uchun imkoniyatning yetarli bo‘lmasligi faqat sog‘liqni saqlash tizimining emas, balki intellektual mulk va gumanitar huquq bilan ham bog‘liq muammodir.

Abdumo‘min Yuldashov
Toshkent davlat yuridik universiteti katta o‘qituvchisi,
yuridik fanlari bo‘yicha falsafa doktori,
Butunjahon intellektual mulk tashkiloti Arbitraj va mediatsiya markazi yosh a'zosi

Mavzuga doir:

Mavzuga oid