O‘zbekiston | 12:49 / 28.08.2021
2810
2 daqiqa o‘qiladi

Xorazmda gaz-porshenli elektr stansiya qurilishi boshlandi

Xorazm viloyati, Yangiariq tumanining «Vakillar» mahallasida gaz-porshenli elektr stansiyasi qurilishiga tamal toshi qo‘yildi.

Tantanali tadbirda viloyat hokimi Farhod Ermanov, tuman hokimi Anvar Davletov, soha mutaxassislari, mehnat faxriylari va xorijlik investorlar ishtirok etishdi.

Viloyatda gaz-porshenli elektr stansiya qurilishi Prezidentning 24.07.2021 yildagi PQ-5193-sonli va PQ-5195-sonli qarorida nazarda tutilgan.

Hujjatga asosan, «Hidro Enerji Elektrik Uretim Sanayi A.Ş.» (Turkiya) kompaniyasi 174 MVt bo‘lgan gaz-porshenli elektr stansiyasini qurish investitsiya loyihasini amalga oshiradi. 

Loyihani amalga oshirish maqsadida «Odaş Enerji SA» MChJ (loyiha kompaniyasi) tashkil etilgan. Qurilish davridagi o‘z majburiyatlari lozim darajada bajarilishining ta'minoti sifatida u 1,3 mln dollar miqdorida bank kafolatini taqdim etadi.

Hujjatlar bilan «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJ va loyiha kompaniyasi o‘rtasida investitsiya loyihalari doirasida elektr energiyasini sotib olish to‘g‘risidagi bitim ham ma'qullangan. 

Unga ko‘ra, «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJ 25 yil davomida elektr energiyasini kafolatlangan tarzda xarid qilish majburiyatini oladi va to‘lovni milliy valutada amalga oshiradi.

Loyiha amalga oshirilishi natijasida jami 60 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.

Mavzuga oid