O‘zbekiston | 22:02 / 26.03.2022
12539
4 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda mahalliy qatnovlarga ixtisoslashgan Silk Avia aviakompaniyasi ish boshlaydi

O‘zbekistonda mahalliy parvozlar uchun alohida aviakompaniya – Silk Avia tashkil etilmoqda. Uzbekistan Airports raisi Ra’no Jo‘rayevaning ma’lum qilishicha, yangi kompaniya ochilishi bilan 40ga yaqin ichki reyslar yo‘lga qo‘yiladi. Kuzgacha 70 o‘rinli uchta samolyot olib kelinib, parvozlarni boshlash reja qilinmoqda.

Foto: Uzbekistan Airports

“Uzbekistan Airports” boshqaruvi raisi Ra’no Jo‘rayeva Toshkent xalqaro investitsiya forumidagi nutqida ichki parvozlarni amalga oshirish uchun tashkil etilayotgan “Silk Avia” aviakompaniyasiga oid ayrim tafsilotlarni ma’lum qildi.

Turizm sohasiga investitsiyalarni jalb qilish mavzusidagi muloqot davomida Ra’no Jo‘rayeva ichki turizmni rivojlantirishga to‘xtalar ekan, o‘tgan yildan boshlab “Silk Avia” mintaqaviy aviakompaniyasini tashkil etish ishlari boshlanganini ta’kidladi.

Uning aytishicha, yangi aviakompaniya O‘zbekiston ichida aviaqatnovlarga bo‘lgan talabni qondiradi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekiston bo‘ylab 40ga yaqin yo‘nalish – nafaqat poytaxtdan viloyatlarga, balki viloyatlar o‘rtasida ham yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilgan.

“Bu yerda mintaqaviy aviatashuvlar yo‘q va ularni rivojlantirish kerak. Biz hozirda 40ga yaqin yo‘nalishni ochmoqchimiz. Bu ichki turizm rivojiga ham katta hissa qo‘shadi. E’tibor bersam, Samarqand, Buxoro, Xiva kabi sayyohlik yo‘nalishlariga ham insonlar yo chipta yo‘qligi, yoki qimmatligi sabab poyezd, avtobus yoxud taksida borishga majbur.

Men ichki yo‘nalishlar bo‘yicha statistik ma’lumotlarni ko‘rib chiqdim – 2021 yilda biz millionga yaqin yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatdik. Albatta, talab katta. Aholi mamlakat bo‘ylab harakatlanishda qiyinchiliklarga duch kelmoqda. Shuning uchun biz ishlarni jadal sur’atlarda olib bormoqdamiz. Umid qilamizki, kuzgacha samolyotlarni yetkazib beramiz va ilk parvozlarni amalga oshirishni boshlaymiz”, deya Ra’no Jo‘rayevaning so‘zlarini keltirmoqda Uzbekistan Airports matbuot xizmati.

Kompaniya rahbari, shuningdek, birinchi bosqichda 70 o‘rinli uchta samolyot kelishi kutilayotganini ta’kidladi. Uning aytishicha, bunday sig‘imga ega samolyotlar mahalliy aviatashuvlar uchun maqbuldir.

Ra’no Jo‘rayeva, shuningdek, mahalliy aviakompaniya bazasi yangi “Samarqand” aeroportida joylashishini ma’lum qildi.

Mazkur aeroportni qayta qurish ishlari 2019 yilda boshlanib, kuni kecha foydalanishga topshirilgan edi. Jo‘rayeva Samarqand aeroporti zamonaviy va ma’lum darajada eksperimental loyiha ekanini qayd etdi.

“Bu 2019 yildan buyon amalga oshirila boshlangan ulkan loyiha bo‘lib, uning yuqori nuqtasi 2021 yilga to‘g‘ri keldi. Eng qiyini, aeroport faoliyatini to‘xtatmay turib, aerodrom va aerovokzal qurish edi. Aerodrom majmuasi ochilishidan taxminan bir oy oldin parvozlar to‘xtatildi.

Har birimizning o‘z investitsiya dasturimiz – davlat hamkorligida aerodrom, xususiy sherikchilikda bo‘lganlarda esa terminal qurish vazifasi bor edi. Umuman olganda, loyiha qiymati,taxminan 150 million dollarga to‘g‘ri keldi. Biz uni tom ma’noda 18 mart kuni ochdik.

Hozir biz bojxona va chegara nazorati, yo‘lovchilar va yuklarni ro‘yxatga olish uchun yangi yechimlar orqali o‘tkazish imkoniyatini oshirishga qodir bo‘lgan, xizmat ko‘rsatish texnologiyasi joriy etilgan aerovokzal majmuasini foydalanishga topshirishni yakunlamoqdamiz. 1 apreldan yangi terminal to‘liqligicha ishlab, xalqaro qatnovlarga xizmat ko‘rsatadi”, – deya xulosa qildi Uzbekistan Airports raisi.

Eslatib o‘tamiz, 18 mart kuni Samarqand aeroportining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tgan edi. Yangi terminal qurish loyihasi “Air Marakanda” MChJ XK va “Uzbekistan Airports” AJ davlat hamkori o‘rtasida, O‘zbekiston aviatsiya tarixida birinchi davlat-xususiy sheriklik shartnomasi doirasida amalga oshirildi.

Mavzuga oid