O‘zbekiston | 08:57 / 20.04.2022
2144
6 daqiqa o‘qiladi

Nogironligi bo‘lgan shaxslarga kitoblar yetkazish uchun «biblioskuter»lar qatnovi tashkil etiladi

Foto: Kun.uz

Prezidentning “Ko‘zi ojiz va ko‘rishda nuqsoni bo‘lgan shaxslarning ijtimoiy-madaniy faolligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e’lon qilindi.

Quyidagilar nogironligi bo‘lgan, ko‘zi ojiz va ko‘rishda nuqsoni bo‘lgan hamda bosma axborotni idrok etishda qobiliyati cheklangan shaxslar uchun axborot-kutubxona xizmatini sifat jihatidan rivojlantirish eng muhim yo‘nalishlari etib belgilanadi:

  • zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etish asosida nogironligi bo‘lgan shaxslar ilmiy, ta’lim, axborot va madaniy ehtiyojlarini qondirish;
  • ko‘zi ojiz va ko‘rishda nuqsoni bo‘lgan shaxslar ta’lim olishi, muqobil shakldagi o‘quv materiallaridan foydalanish imkoniyatini kengaytirish orqali bilim saviyasini oshirish;
  • ijtimoiy moslashuv va reabilitatsiya dasturlari doirasida axborotdan foydalangan holda mustaqil ta’lim olish va muloqot doirasini kengaytirish imkoniyatlarini oshirish;
  • maxsus materiallardan (Brayl shriftidagi adabiyotlar, bosma, audio, multimedia va raqamli), internetdan sifatli foydalanish imkoniyatini kengaytirish;
  • an’anaviy xizmat ko‘rsatish usulidan axborot-kutubxona xizmati zamonaviy uslublariga o‘tish hamda ko‘chma kutubxonalar tizimini joriy qilish;
  • axborot-kutubxonaning masofaviy xizmat ko‘rsatish zamonaviy tizimini rivojlantirish va keng tatbiq qilish;
  • nogironligi bo‘lgan shaxslarning axborot madaniyatini, tarix va milliy madaniyatga qiziqishini shakllantirish va kuchaytirish, mutolaa madaniyatini oshirish.

Madaniyat vazirligi, Moliya vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, Ma’naviyat va ma’rifat markazi hamda Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligi bilan birgalikda ko‘zi ojiz va ko‘rishda nuqsoni bo‘lgan shaxslar bilim olishi, muqobil shakldagi o‘quv materiallaridan foydalanish imkoniyatini kengaytirish borasida 2022 yilda quyidagi chora-tadbirlarni amalga oshiradi:

a) 2023 yil 1 iyunga qadar ko‘zi ojiz, ko‘rishda nuqsoni bo‘lgan va bosma axborotni idrok etishda qobiliyati cheklangan barcha yoshdagi shaxslar uchun muqobil materiallar turlari bo‘yicha yagona katalogini tayyorlaydi.

Bunda, katalog milliy va xorijiy adabiyotlar, bolalar adabiyotlari, o‘quv-metodik materiallari, ilmiy, fundamental va amaliy nashrlardan tarkib topadi hamda har yili yangi materiallar bilan to‘ldirib boriladi;

b) 2023 yil 1 avgustga qadar Brayl yozuvida va muqobil adabiyotlarni chop etishga mo‘ljallangan 7 ta minitipografiyalar xarid qilinadi va hududlararo ko‘zi ojizlar kutubxonalari jihozlanishi ta’minlanadi.

Bunda, minitipografiyalar tomonidan yagona katalogdagi materiallarni bo‘rtma matnlar, nota yozuvlari, shrifti kattalashtirilgan illyustratsion materiallar, bo‘rtma-grafik va didaktik qo‘llanmalar asosida chop etilishi hamda ko‘zi ojizlar kutubxonalarini mazkur turdagi materiallar bilan butlab borishi yo‘lga qo‘yiladi;

v) 2022 yil 1 sentabrga qadar barcha ko‘zi ojizlar kutubxonalari va markaziy kutubxonalar, xorijiy kutubxonalar bilan muqobil formatdagi kitob va materiallarni o‘zaro qulay tarzda elektron almashish imkonini beruvchi hamda audio- va videokitoblar tarqatishga ixtisoslashgan yagona onlayn platformani joriy etadi.

Bunda, Butunjahon intellektual mulk tashkilotining Ommabop kitoblar konsorsiumi doirasida “kitob servisi” – muqobil formatdagi kitoblar global onlayn arxivi bazasiga ko‘zi ojizlar kutubxonalari integratsiya qilinadi;

g) 2023 yil 1 sentabrga qadar Markaziy ko‘zi ojizlar kutubxonasida tiflo-sharhlash va audiokitoblar bazasini tashkil etish maqsadida ovoz yozish studiyasini tashkil etadi va mazkur studiyani malakali mutaxassislar hamda zaruriy uskunalar bilan ta’minlaydi;

d) 2023 yil yakuniga qadar yagona katalogga kiritilgan barcha materiallarni raqamli shakllardagi muqobil formatlariga o‘tkazilishini hamda barcha ko‘zi ojizlar kutubxonalariga yetkazilishini ta’minlaydi;

ye) 2023 yil 1 sentabrga qadar audiokitoblar va audioteatrlar ma’lumotlari bazasiga ega bo‘lgan “Kitobxon” mobil ilovasi ishlab chiqiladi hamda ko‘zi ojiz kitobxonlar o‘rtasida ommalashtirish choralari ko‘riladi.

Shunday tartib o‘rnatiladiki, unga ko‘ra:

a) respublika markaziy ko‘zi ojizlar kutubxonasi Madaniyat vazirligi tizimidagi barcha madaniyat va san’at muassasalaridagi kutubxonalarni zarur adabiyotlar bilan ta’minlash, kutubxonachi mutaxassislar malakasini oshirishda amaliy-metodik yordam ko‘rsatuvchi muassasa hisoblanadi;

b) bir tuman yoki shahar miqyosida 150 nafardan ortiq ko‘rish bo‘yicha nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun ko‘zi ojizlar kutubxonasi filiali tashkil etiladi;

v) 2022 – 2023 yillar davomida nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun kitoblarni yashash manziliga o‘z vaqtida va sifatli yetkazish maqsadida kutubxonalar uchun mahalliy budjet mablag‘lari hisobidan zamonaviy ixcham jami 70 ta “biblioskuter”lar tashkil etilib, qatnovi yo‘lga qo‘yiladi;

g) Markaziy ko‘zi ojizlar kutubxonasi va uning hududiy ko‘zi ojizlar kutubxonalari barcha xodimlari lavozim maoshlarini mehnatga haq to‘lash bazaviy lavozim maoshlari miqdoriga hamda Yagona tarif setkasi bo‘yicha mehnatga haq to‘lash tasdiqlangan razryadlariga asosan belgilashda tarif koeffitsiyentlari miqdori davlat budjeti hisobidan 1,5 baravarga oshirilgan holda qo‘llaniladi.

Maktabgacha ta’lim vazirligi Xalq ta’limi vazirligi, Madaniyat vazirligi bilan birgalikda 2022 yil 1 sentabriga qadar ko‘zi ojiz bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internatlar tarkibida shtat jadvallariga muvofiq cheklangan xodimlar doirasida maktabgacha ta’lim muassasalarini tashkil etish choralarini ko‘radi hamda unda 3 yoshdan ko‘zi ojiz tarbiyalanuvchilarni qabul qilishni tashkil etadi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid