Jahon | 14:27 / 14.10.2022
58867
18 daqiqa o‘qiladi

Yoppasiga Qozog‘istonga qochayotgan rossiyaliklar. Ular dashtlarda tunab, mashinalarda yashamoqda

Safarbarlikdan qochayotganlar urushga bormaslik uchun so‘nggi pullarini sarflashga tayyor.

Qozog‘iston Rossiyada safarbarlik e’lon qilingach boshlangan yangi emigratsiya to‘lqinining asosiy yo‘nalishiga aylandi. Mamlakat ichki ishlar vazirligiga ko‘ra, bir oydan kamroq vaqt ichida Qozog‘istonga 200 mingga yaqin rossiyalik kirib kelgan. Ulardan qanchasi Qozog‘istonda qolishi, qanchasi boshqa davlatga yo‘l olishi va yana qanchasi turli sabablarga ko‘ra Rossiya Federatsiyasiga qaytishi mumkinligini taxmin qilish qiyin. Ammo Qozog‘iston ko‘plab ruslar o‘z hayotini imkon qadar tezroq va oldindan o‘ylangan rejasiz qayta tiklashi kerak bo‘lgan joyga aylanib bo‘ldi. «Meduza» nashri Qozog‘iston chegarasini kesib o‘tgan va hozirda shu davlatda bo‘lib turgan rossiyaliklar bilan suhbatlashdi.

Vlad Xabarovsk o‘lkasidan. U safarbarlik e’lon qilinga, Olmaotaga kelgan
Ofeliya Jakayeva / «Meduza»

***

Men Belgorod shahrida yashar edim. U yerga doimo raketalar kelib tushadi, dronlar uchib keladi, portlashlar yuz beradi. Biz ketishga qaror qildik, ammo moliyaviy ahvolimiz yaxshi emasdi, shu sabab mablag‘ni tejash maqsadida qoldik. Men uchinchi guruh nogironiman va harbiy xizmatga yaroqsizman. Ammo odamlar ba’zi noxush narsalar haqida gapira boshladi. Aytishlaricha, harbiy komissariatdagilar kechqurun kelishadi va hech nimani eshitmasdan olib ketib, qayergadir yuborishadi. Hatto siz xizmatga yaroqsiz bo‘lsangiz ham buni o‘sha yerda tushuntirishingiz kerak bo‘ladi. Natijada men va xotinim hech qanday tejamkorliksiz ketishga qaror qildik. Ayolim hozir ham qattiqroq ovozlardan seskanib tushadi.

***

Men Qozog‘istonga Omsk-Ostona poyezdida keldim. Chegara postida poyezdga chegarachi kirdi. Yuragim qattiq ura boshladi, lekin xotirjamlikni saqlashga harakat qildim. Bir chegarachi mening hujjatlarimni tekshirayotganda qo‘shni o‘rindiqdagi kishiga «Narsalaringizni yig‘ishtiring, sizga Rossiya Federatsiyasini tark etish taqiqlangan» deyishdi. Men unga bu xabarni deyarli darhol, hech qanday savollarsiz aytishganini ko‘rdim va xotirjam bo‘ldim. Chunki ular mening hujjatlarimni bir necha daqiqadan beri tekshirayotgandi, demak men ro‘yxatda emasman.

Albatta, sizni emas, boshqa birovni olib ketayotganlaridan xursand bo‘lish dahshatli tuyg‘u. Bu vagondagi hamma o‘zi uchun qayg‘urardi. Barcha o‘sha yigitni indamay kuzatdi.

***

Onam o‘g‘lini yo‘qotishni istamasligi va men ketishim kerakligini aytdi. Men tanishlarim bilan birga yo‘lga chiqdim. Biz Volgorodda mashina topdik va Qozog‘iston bilan chegaradagi Vishnevka nazorat-o‘tkazish punkti oldida tizilgan avtomobillar navbati oxirigacha yetib keldik. Keyin minglab insonlar navbatda turgan piyodalar navbati oxiriga borish uchun yana uch kilometr piyoda yurdik.

Qozog‘iston bilan chegaradagi Vishnevka nazorat-o‘tkazish punktida uxlayotgan yigit
Material qahramoni arxividan
Rossiyaliklar Vishnevka nazorat-o‘tkazish punktidagi bufer zonada navbat kutmoqda
Material qahramoni arxividan
Sirim — Mashtakovo chegara punktida furalar navbati
Baurjan Sabit / «Meduza»

Navbatda turgan odamlar yo‘l chetida palatkalar lagerini qurishdi, hammasi xuddi hippi-festivaliga o‘xshardi. Menda palatka yo‘q edi, biroq yaxshi odamlar ularning palatkasida isinib olishimga ruxsat berdi. Kechqurun havo harorati +5 darajagacha pasaydi. Yaxshiyamki, o‘sha kuni shamol ham, yomg‘ir ham bo‘lmadi.

***

Chegarada ancha tartibli bo‘ldik, yigitlar samarali navbat tuzdi. Chegarachilar beshtadan odamni o‘tkazayotgandi, shu sabab navbatdagilar beshta-beshta bo‘lib turdi. Har bir beshtalikda o‘z raqami bor edi va Telegram guruhda har doim keyingi beshtalik qaysi raqam ekani haqida ma’lumot berib turildi. Navbatda turganlar orasidan ko‘ngillilar tanlandi: ulardan biri nazorat-o‘tkazish punkti oldida turib, faqat ro‘yxatdan o‘tganlar o‘tishi, hech kim navbatni buzmasligi uchun pasportlarni tekshirdi.

O‘z navbatingiz taxminan qanchadan keyin kelishini hisoblash mumkin edi. Bir-birimiz bilan almashib, ikki-uch soat uxlashga muvaffaq bo‘ldim. Nazorat punktiga o‘n ikki soatdan keyin yetib bordim.

***

Safarga tayyorgarlik ko‘rmagandim, menda faqat palto va jyemper bor edi. Sovuqdan muzlab qolmaslik uchun tinmasdan yurib, harakat qilib turdim. O‘zlari bilan gaz gorelkalarini olib chiqqan yigitlar juda katta yordam berdi. Men olov yonida o‘tirdim va qaynatilgan qahva ichib, biroz isindim. Kechqurun juda qorong‘i bo‘ldi, odamlar telefon chiroqlaridan foydalandi.

Rossiyaliklar Vishnevka nazorat-o‘tkazish punktida.
Material qahramoni arxividan
Qozog‘iston, mashina oynasidan ko‘rinish.
Ofeliya Jakayeva / «Meduza»
Ulyanovskdan bo‘lgan Mixail. U chegarada bir yarim kun o‘tkazgan.
Baurjan Sabit / «Meduza»

Tungi soat ikkida neytral zonaga o‘tdim. Bu yerda odamlar ko‘p edi, mashinalar tirbandligi ham paydo bo‘lgandi. Rossiya chegarachilari qozoq chegarachilariga qaraganda bizni tez o‘tkazib yuborgandi. Bu kichik neytral hududda odamlar to‘plana boshladi. Butun tun davomida qozoq chegarachilari bor-yo‘g‘i o‘n kishini chegaradan o‘tkazdi – natijada nazorat-o‘tkazish punkti oldida katta olomon to‘plandi

***

Odamlar maysa ustida o‘tirdi, yotdi, isinish uchun qanday kiyimlari bo‘lsa hammasini kiydi. Issiq suv yo‘q edi. Gaz gorelkasining gazi qolmagan va issiq suv zaxirasi Rossiya nazorat-o‘tkazish punktida tugab bo‘lgandi. Bunday tirbandlik yana qancha davom etishini hech kim bilmasdi.

Men qurigan maysa ustida bitta paltoda uxladim. Besh soat mizg‘ib olishga muvaffaq bo‘ldim. Qahraton sovuqdan uyg‘onib ketdim hamda tushundimki, mening haroratim yuqori va kasal bo‘lganman.

***

Ba’zilar bir joyga to‘planib uxladilar. Men ham odamlar guruhining yonida tunadim. 14 soat neytral zonada bo‘ldim va jami 26 soatda Qozog‘iston chegarasini kesib o‘tdim.

Ota o‘g‘li bilan chegaradan o‘tmoqda. Sirim — Mashtakovo nazorat-o‘tkazish punkti
Baurjan Sabit / «Meduza»
Sirim — Mashtakovo nazorat-o‘tkazish punkti hududidagi dasht
Baurjan Sabit / «Meduza»

***

Chegaradan o‘tgach bo‘m-bo‘sh, faqatgina tashlandiq yo‘l bor keng dashtni ko‘rdik. Bizni valuta almashtiruvchilar kutib oldi va rasmiy kursdan pastroq narxga rublni tengega almashtirishni taklif qildi. Odamlar bir rublga sakkiz tenge beriluvchi rasmiy kurs o‘rniga, ulardan besh-olti tenge evaziga valutalarini ayriboshladi.

***

Qozog‘istonga o‘tganlarni taksichilar kutib olardi. Ular asosan chegaraga yaqin qishloqlardan kelgan odamlar edi. «GAI» xodimlari ular bilan til biriktirib, doimiy ravishda hammani ushbu mashinalarga o‘tirishga va piyoda bir soatda yetib borish mumkin bo‘lgan joyga qimmat narxda mashinada ketishga da’vat qilib turdi.

***

Bosh ko‘tarish holatlari ham bo‘ldi. Yigitlar bilan mashinaga chiqmasdan, piyoda eng yaqin aholi punkti, Jonibek qishlog‘igacha bordik. Mahalliy aholi bizga yaqinlashib: «Yo pul berasiz, yo o‘tmaysiz», deya tahdid qildi. Pul berishga to‘g‘ri keldi. Bir necha shunday holatlardan keyin politsiyaga qo‘ng‘iroq qildik.

Rossiyadan Olmaotaga kelgan yigit
Ofeliya Jakayeva / «Meduza»

Yigitlar bilan Jonibekdagi «Sim-Sim» kafesiga kirdik. Bu yerda mahalliy bombillar (taksist) to‘plangandi. Kafe egasi mahalliy bombillar bilan birga begona taksilar yo‘lovchi olishiga yo‘l qo‘ymadi.

Uralskkacha bir kishi uchun 6 ming (bir million so‘m), Atiraugacha esa 7 ming (bir million ikki yuz ming so‘m) rubl narx to‘lash kerak edi.

Chegarani mendan bir necha soat keyin kesib o‘tgan yigitlar, mashina narxlari keyinroq bir kishi uchun 15 ming rublgacha (ikki million olti yuz ming so‘m) ko‘tarilganini aytdi.

Uralskdagi «Atameken» bolalar lageri qo‘riqchisi yotoqxona uchun talonlarni tekshirmoqda. «Atameken» lageri 100 o‘rin uchun mo‘ljallangan. Xodimlarning so‘zlariga ko‘ra, joylar ochilishi bilanoq barchasi band bo‘lgan. 
Baurjan Sabit / «Meduza»
Uralsk shahri atrofidagi «Gazel». Unda ryazanlik Roman yashamoqda.
Baurjan Sabit / «Meduza»

Atiraudagi barcha hostellar Rossiyadan kelganlar tomonidan band qilib bo‘lingan ekan. Biz ulardan birining egasidan arzimagan pul evaziga dushga kirishga ruxsat oldik. U yerdan oldinroq sotib olgan chiptalarimiz bilan poyezdda Olmaotaga jo‘nadik. Keyinroq chipta ham qolmadi, mening do‘stim besh kun Atirauda qolib ketdi.

***

Olmaotada birinchi marta yerto‘lada joylashgan hostelda yashadim. Bir-ikki kishidan tashqari barcha Rossiyadan kelgan yigitlar edi. Bu yerda men birinchi marta do‘stlarim yordamidan foydalandim: ulardan ochlikdan o‘lib qolmaslik uchun pul berib turishlarini so‘radim. Hozir yana bir qancha do‘stlarim keldi va men ular bilan birga yashayapman.

Gleb safarbarlik e’lon qilingach, Moskvadan Olmaotaga kelgan.
Ofeliya Jakayeva / «Meduza»
Eloman (ko‘ngilli) Olmaota vokzalida rossiyalikni kutib olmoqda: «Men chegarada odamlar qanday navbatda turgani, kimdir yomg‘ir ostida qolgani haqidagi yangiliklarni o‘qidim. Odamlar yordam so‘rayotgan chatlarni kuzatdim. Kelayotganlar bilan gaplashib, ularning yuzlarida qo‘rquv ko‘rdim. Shundan keyin ularga yordam berishga tayyor bo‘lgan odamlarni yig‘a boshladim — hozir bizda 30 ga yaqin ko‘ngillilar bor. Ba’zida o‘z pullarimizga hostellarni band qilyapmiz, lagerlarga boryapmiz, pul yig‘ishni tashkillashtiryapmiz. Biz taxminan 200 kishi joylashishiga yordam ko‘rsatdik. Oziq-ovqat sotib olyapmiz, vokzallarda odamlarni kutib olyapmiz»
Ofeliya Jakayeva / «Meduza»
Mariya (ko‘ngilli, «Relokatsiya v Kazaxstan» chati administratori): «Chat uyushgan holda tashkil etilgan. Befarq bo‘lmagan odamlar ushbu chatga kirishadi. Agar keluvchilar boshpanasiz qolgani haqida yozsa, olmaotaliklardan biri uni qabul qiladi. Kimnidir shunchaki ovqatlantirish kerak bo‘ladi. Bugun bir ayol kvartira topgan yigitlardan biriga stol va stul berdi. Biz maslahatlashamiz, turar joy topishga yordamlashamiz, vaziyatni nazorat qilamiz, issiq kiyimlar topamiz, viza va pasportlar bo‘yicha ma’lumotlar beramiz va odamlar dardi arishi payida bo‘lamiz»
Ofeliya Jakayeva / «Meduza»
Olmaotadagi aholiga xizmat ko‘rsatish markazi binosi oldida navbatda turgan rossiyaliklar
Ofeliya Jakayeva / «Meduza»
Aholiga xizmat ko‘rsatish markazi binosida navbatda turgan rossiyalik
Ofeliya Jakayeva / «Meduza»
Olmaotada aholiga xizmat ko‘rsatish markazidagi navbat
Ofeliya Jakayeva / «Meduza»

Kvartira ijaraga olish qiyin, chunki talab oshishi fonida narxlar ham ko‘tarilgan. Shahar chekkasidagi bir xonali kvartiralar narxi 200-300 ming tengedan (4,5-7 million so‘m) boshlanadi. Vaholanki, rossiyalik qochqinlar kelishidan oldin shahar markazidagi yaxshi ta’mirlangan kvartirani 180 ming tengega (4 million so‘m) ijaraga olish mumkin bo‘lgan. Ayrimlar hozir markazda joylashgan kvartiralarni bir million tengega (23 million so‘m) ijaraga olmoqda. Bu mahalliy aholi uchun ajoyib summa.

***

Hostelda biz bir xonada to‘rt kishi edik, hamma safarbarlikdan qochib kelganlar edi.

Timofey Yekaterinburgdan. Safarbarlik e’lon qilingach, mamlakatni tark etgan, hozirda Olmaotadagi hostelda yashamoqda.
Ofeliya Jakayeva / «Meduza»
Olmaotadagi hostel
Ofeliya Jakayeva / «Meduza»
Hostelga joylashgan rossiyalikning shaxsiy buyumlari
Ofeliya Jakayeva / «Meduza»

***

Mening oilam 18 soatdan beri rulda bo‘lgan yigitga uydan joy berdi. Uni kvartira bo‘yicha aldashibdi, bu odamni shunchaki tashlab ketib bo‘lmasdi. U umidsizlikka tushgan, charchagan va och edi. Yigit biznikida bir hafta yashadi, keyin u bilan birga unga doimiy kvartira qidirdik. Uylar sharoiti ular uchun so‘ralayotgan narxga mos kelmasdi. Keyin uyidagi ta’mirlash ishlari tugaguncha yigit shu yerda yashashi va ta’mirlashni kuzatishi uchun uni ikki oyga bepul ijaraga qo‘yishga rozi bo‘lgan yaxshi inson topildi.

***

Muammo, bir hayot tugagani va butunlay boshqa hayot boshlanganini qabul qilish qiyinligi bilan bog‘liq bo‘ldi.

Olmaotadagi rossiyalik
Ofeliya Jakayeva / «Meduza»
Olmaota vokzali
Ofeliya Jakayeva / «Meduza»
Belgorodlik Vadim Olmaotadagi Aholiga xizmat ko‘rsatish markazida
Ofeliya Jakayeva / «Meduza»

***

Notanish insonlar umumiy muammo fonida birlashdi.

Men bu yerga mart oyida kelgan tanishimning javobini kutayotgandim, lekin menda mahalliy sim-karta yo‘q edi. Ko‘chadan wi-fi aloqasini topdim. Keyin notanish rossiyalik qochoqlardan chekish uchun sigaret so‘radim. Shunda ular meni o‘rab oldi va mendan «yordam kerakmasmi?», «pulga muhtojliging yo‘qmi?» deya so‘ray boshlashdi. Ular buni deyarli o‘n marta so‘radi.

***

Qochqinlar bir-biri bilan muloqotda bo‘lib turdi. Biz Qozog‘istonga qochib kelgan bir IT’chi yigit bilan tanishdik. U telegram guruhda barcha raqamli sohada ishlaydiganlar ko‘rishishga chaqirdi. Biz kafeda o‘tirdik, ma’lumot va hissiyotlarimizni almashdik.

***

Qozog‘istonga ko‘proq oddiy odamlar kelyapti. Bu o‘zlarining qandaydir insoniy hayot tarzini saqlab qolmoqchi bo‘layotgan odamlarning emigratsiya to‘lqinidir. Faollar asosan Gruziya va Boltiqbo‘yi mamlakatlariga jo‘nab ketdi.

Uralskdagi Cinema Park kinoteatri rossiyaliklar tunashiga joy bermoqda
Baurjan Sabit / «Meduza»
Cinema Park kinoteatridagi rossiyalik kinozalga kirishda uxlamoqda, chunki ichkarida joy qolmagan
Baurjan Sabit / «Meduza»
Uralsk
Baurjan Sabit / «Meduza»

***

Men ruslarga nisbatan hech qanday salbiy xatti-harakatni deyarli uchratmadim. Faqat bir marta bu yuz berdi. Ko‘plab rossiyaliklar shaxsiy identifikatsiya raqami uchun navbatda turgan Davlat xizmatlari markazida oziq-ovqat yetkazib beruvchisi baland ovozida «shimollik yevropoidlar juda ko‘p kelgan, DXMga kirishning iloji yo‘q» deya shikoyat qildi. Umuman olganda, mahalliy odamlar bizga do‘stona munosabatda.

***

Biz transport kartasini sotib olishga harakat qildik, biz adashib qolgan odamlarga o‘xshardik. Mahalliy qozoq yigiti kelib: «Rossiyadanmisiz? Balki ovqatlanarsizlar?» deb so‘radi.

Biz transport kartasini qayerdan sotib olish mumkinligini so‘ragan boshqa bir ayol esa, shunchaki o‘zinikini cho‘ntagidan olib, bizga berib yubordi.

***

Ehtimol, bu mahalliy madaniyatdir. Biz shahar avtobusiga chiqdik, sumkalarimizni yechib, qo‘limizga oldik. Yonimizdagi o‘rindiqda o‘tirganlar bizga qulayroq bo‘lishi uchun sumkalarimizni olib, tizzalariga qo‘yishdi. Men bunaqasini Rossiyada ko‘rmaganman.

***

Qozog‘istonning boshqa shaharlariga borishni xohlamayman. Bilishimcha, faqat Olmaota ruslarga shunday do‘stona munosabatda. Bu yer xavfsiz va bu yerda Rossiyadagi turmush tarzini qayta tiklash mumkin.

Olmaota
Ofeliya Jakayeva / «Meduza»
Olmaota
Ofeliya Jakayeva / «Meduza»

Olmaotalik taksi haydovchisi biz Ukrainaga odamlarni o‘ldirishga bormay qochganimizdan juda xursand ekanligini aytdi.

***

Avtobusda yurayotgan mahalliy aholining gaplarini eshitib qoldim, ular urush haqida gapirayotgandi. Ular Rossiyani bosqinchi dedi va Ukraina o‘zini himoya qilayotganini aytdi. Bu yerda nihoyat bu haqda bemalol aytish mumkin edi, mening kichik rus shaharchamda esa bu haqda gapirishsa odamlar bir-biri bilan janjallashib ketar edi.

***

Ma’naviy jihatdan qiyin. Hali yangi hayot qurish kerak. Ammo biz qochganimizdan baribir xursandmiz. Biz urushni qo‘llab-quvvatlamaymiz va mening shahrimda urushga qarshi biror narsa deyishning iloji yo‘q, chunki atrof to‘la «paxtakorlar». Hozircha qaytishni rejalashtirganimiz yo‘q.

Mavzuga oid