Sovuqqotgan O‘zbekiston, tushuntirgan rasmiylar va tap tortmayotgan Putin - hafta dayjesti
Energetika sohasi amaldorlari xalq bilan favqulodda muloqotga kirishdi. Gaz-svet bo‘yicha vaziyatni shu darajaga olib kelganlar kimligi aytilmayapti, lekin ular suvdan quruq chiqmasligi va’da qilindi. Rossiya kompaniyalari O‘zbekistonda qazib olgan gazining 100 foizini chetga olib chiqib ketgani rasman tan olindi. Putin gaz bitimi taklifi jiddiy ekanini aytmoqda. Yakunlanayotgan haftaning asosiy voqealari – Kun.uz dayjestida.
Biz 36 milliondan oshdik
Dasturimizni xushxabar bilan boshlaymiz. Bu hafta O‘zbekiston aholisi rasman 36 million kishiga yetdi. Davlat statistika qo‘mitasi xabariga ko‘ra, 36 millioninchi o‘zbekistonlik 8 dekabrda, Konstitutsiyamiz qabul qilinganining 30 yillik bayrami kunida dunyoga kelgan.
O‘zbekiston aholi soni bo‘yicha BMTga a’zo 193 ta davlat orasida 41-o‘rinni egallab turibdi. Yaqin yillarda yuqori qirqtalikka ham qo‘shilamiz.
Aholimiz soni 35 milliondan 36 millionga yetishi, ya’ni 1 millionga ko‘payishi uchun 1 yil-u 3 oy vaqt kerak bo‘ldi. Lekin buyog‘iga o‘sish sur’ati pasayib borishi mumkin. BMTning 2019 yildagi o‘rtacha prognozlariga ko‘ra, O‘zbekiston aholisi soni 2038 yilda 40 millionga, 2070 yilda esa eng yuqori nuqta – 44 mln 400 ming kishiga yetadi. Shundan keyin demografik regressiya boshlanib, 2100 yilda O‘zbekistonda 42 mln 200 ming kishi yashashi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, 2022 yilda dunyo aholisi soni 8 milliarddan oshdi. Olimlar kelasi yili tarixiy voqea – Hindiston aholisi Xitoydan oshib ketishini taxmin qilyapti.
Energiya inqirozi: Mas’ullar muloqotga ochildi
Aholi sonining o‘sayotganini hafta davomida energetika sohasi rahbarlari ham ko‘p tilga oldi. Ular gaz va elektrdagi muammolarni aholi va korxonalarning yildan yilga ko‘payib borayotgani bilan bog‘liq ekanini izohlarkan, jurnalistlar bilan noodatiy miqyosda keng va ochiq muloqotlarga kirishdi. Bosh vazir o‘rinbosari, energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov hafta davomida kamida to‘rtta ommaviy axborot vositasiga intervyu berdi, bunga qo‘shimcha vazirlik matbuot xizmati uning 30dan ortiq savollarga videojavoblarini e’lon qildi. Vazir o‘rinbosari Sherzod Xo‘jayev, “O‘ztransgaz” raisi Behzod Normatov va energotizimdagi boshqa qator mas’ullar ham OAVda ketma-ket chiqishlar qildi.
Hamma chiqishlardagi gaplarni umumlashtirib aytish mumkinki, mo‘jiza ro‘y bermaydi: qandaydir qisqa vaqt ichida hammasi zo‘r bo‘lib ketishidan umid qilmaslik kerak. Yaqin vaqtlarda ko‘p narsa ob-havoga bog‘liq bo‘lib qolaveradi.
Jamoatchilik bilan muloqotdagi bu favqulodda faollik Farg‘onada gazdan uzilgan korxona xodimlarining norozilik namoyishidan keyin boshlandi. O‘zbekiston tumanidagi gips zavodi ishchilari zavod gazdan uzilgani uchun ishsiz va daromadsiz qolganliklarini aytib chiqishdi. Mas’ullar esa hozirgidek sovuq vaqtlarda sanoat korxonalarining gazdan uzilishi qonuniy ekani, bu ularning gaz idorasi bilan shartnomasida yozilgani, bunaqa paytda gaz birinchi navbatda aholi uylari va ijtimoiy obektlarga yo‘naltirilishini ma’lum qilishdi.
Ichki ishlar boshqarmasi axborotiga ko‘ra, ishchilari norozilik uyushtirgan korxona gazdan qonuniy ravishda uzilganidan keyin o‘zboshimchalik bilan qayta ulanib olgan. Namoyishchilar esa mayda bezorilik va namoyish uyushtirish tartibini buzganlikda ayblanib, ma’muriy qamoq jazosiga hukm qilindi: ulardan biriga 10 sutka, yana 6 nafariga 5 sutka berildi. Rasmiylarga ko‘ra, gips zavodida murojaatda aytilganidek 10 mingta emas, 241 ta ishchi ishlaydi.
“Korxona rahbarlari shartnoma shartlariga ko‘ra vaqtida ogohlantirilgan. Ishchilar bilan tegishli targ‘ibot ishlarini olib borishi kerak edi”, – deya holatga munosabat bildirdi energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov. Uning izohlashicha, resurslar tanqisligi sharoitida jiddiy avariyalarning oldini olish maqsadida cheklovlar kiritishga to‘g‘ri kelyapti. Soddaroq qilib aytganda, butun energotizimda kollaps yuzaga kelmasligi uchun, bir hudud tarmoqdan uzilib, boshqasi ulanyapti va bor resurslar shu tariqa qo‘l rejimida taqsimlanyapti.
Rasmiylarga ko‘ra, elektr energiyasidagi uzilishlar 2 soatdan oshmasligi kerak. Amalda esa hatto Toshkentda ham uzilishlar bundan ko‘proq vaqtga cho‘zilyapti. Tabiiy gazdagi tanqisliklar esa hafta davomidagi sovuq sabab yana ham ortdi: yakshanba kuni Toshkentdagi barcha gaz-shoxobchalari yopilgan bo‘lsa, chorshanbadan boshlab vodiy viloyatlaridagi shoxobchalar ish vaqti yana ham qisqarib, kuniga 5 soat deb belgilandi.
Mirzamahmudov ayrim gaz-shoxobchalar boshqalariga qaraganda ko‘proq ishlashiga izoh berib, bu ularning joylashuvi bilan bog‘liq ekanini aytdi. Aholi tarmoqlariga ulangan gaz quyish shoxobchalarida cheklov ko‘proq, alohida tarmoq tortilgan shoxobchalarda esa kamroq bo‘ladi, deya tushuntirdi u.
7 dekabr kuni Prezident administratsiyasi rahbari Sardor Umrzoqov yig‘ilish o‘tkazdi. Unda energiya resurslari ta’minoti bo‘yicha respublika ishchi guruhi va kun-u tun ishlaydigan shtablar tuzildi, bosh vazir o‘rinbosarlari va prezident maslahatchilari viloyat hokimlariga biriktirildi. Selektorda O‘zbekiston gaz, elektr, ko‘mir va mazut importi bo‘yicha muzokaralarni faollashtirishi e’lon qilindi. Oradan ikki kun o‘tib, Energetika vazirligi Turkmanistondan elektr energiyasi importi kunlik 17-18 mln kVt-soatdan 20-21 mln kVt-soatga oshirilganini ma’lum qildi. Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi benzin ishlab chiqarishni 18 foizga, suyultirilgan gaz ishlab chiqarishni 70 foizga oshiryapti. Suyultirilgan gaz eksporti taqiqlandi.
Umrzoqov o‘tkazgan selektordan yana bir yangilik – Ai-80 benzini importi va chakana sotuvi vaqtincha aksiz solig‘idan ozod qilinadi. Bu chora natijasida shoxobchalardagi Ai-80 narxi 1000-1200 so‘mga arzonlashishidan umid qilinyapti. Energetika vaziri o‘rinbosari Sherzod Xo‘jayev shoxobchalarda benzinga 5500 so‘mlik narxni “yaqin kunlarda” ko‘rishimiz mumkinligini aytdi.
“Vaziyatni shu darajaga olib kelganlar suvdan quruq chiqib ketmaydi”
Tizimning bu darajaga kelib qolishiga kim aybdor va aybdorlar jazolanadimi degan savollarga energetika rahbarlari jazolash masalasi huquq organlarining vakolatida ekani, hozir asosiysi yechim haqida o‘ylash kerakligini aytib javob bermoqda. Bu savollar ortidan vazirlik “Milliy elektr tarmoqlari” raisi Dadajon Isaqulov va tizimdagi yana uch nafar mansabdorga mas’uliyatsizligi uchun hayfsan berdi. Lekin aybdorlar bo‘yicha asosiy bayonot Sardor Umrzoqovning ikkinchi selektorida yangradi. “Vaziyatni bu darajaga olib kelganlar suvdan quruq chiqib ketmaydi. Ayrimlari hatto hozir shu yig‘ilishda oramizda o‘tiribdi”, – dedi administratsiya rahbari juma kungi selektorda.
Umrzoqov suvdan quruq chiqishga umid qilayotganlar kimligiga aniqlik kiritmadi. Lekin bitta misolni aniq aytdi: Olmaliqdagi g‘isht zavodi gaz hisoblagichlardagi ko‘rsatkichni nol qilib qo‘yib, tarmoqqa noqonuniy ulanib olgan. Eng qizig‘i, bu holat aniqlangach, viloyat prokurori Prezident administratsiyasi mas’ullaridan shu zavodni tarmoqdan uzmaslikni so‘ragan. “Prokurorning manfaati bormi bunday noqonuniy ulanishga?” deb savol berdi Sardor Umrzoqov.
Ma’lum bo‘lishicha, Olmaliqdagi g‘isht zavodi egalarining Angrenda ham zavodi bor. Ular maxsus komissiya Olmaliqqa kelganini eshitib, darrov Angrendagi zavodni yopishgan. “Aniqlangan holatga ko‘ra, ularga ham huquqiy baho berilib, jinoiy javobgarlikka tortiladi. Ularning orqasida kim turganigacha aniqlaymiz. Hokimmi, prokurormi yoki soliqchimi, kim noqonuniy harakatga til biriktirgan bo‘lsa, javobgarlikka tortiladi”, – dedi Prezident administratsiyasi rahbari. Uning aytishicha, bunaqa holatlar hamma hududlarda bor.
Rossiyadan gaz importi: “ittifoq” so‘zidan voz kechildi, muzokaralar davom etmoqda
Energetika muammolari fonida, hafta davomida Rossiyaning gaz ittifoqi g‘oyasi ham kun tartibida bo‘lib turdi. Bu g‘oyani Qozog‘iston rad etgani haqidagi xabarlar ortidan, O‘zbekiston ham Rossiya bilan gaz bo‘yicha hamkorlik ittifoq shaklida bo‘lishini xohlamasligini aniq bildirdi.
“Hozirgi kunda allaqanday alyans, ittifoq emas, qo‘shni davlatlardan o‘z ehtiyojimiz uchun zarur bo‘lgan tabiiy gaz va elektr energiyasini import qilish bo‘yicha muzokaralar olib borilyapti. Bunda milliy manfaatlardan kelib chiqqan holda, o‘zimizning tarmoqlarni qandaydir birovga berib yuborish yoki boshqa orqali emas, oldi-sotdi tijoriy shartnomalar asosida hamkorlik qilish bo‘yicha muzokaralar olib borilyapti”, – dedi bosh vazir o‘rinbosari, energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov o‘z rasmiy bayonotida.
“Biz milliy manfaatlarimizni hech qachon xavf ostiga qo‘ymaymiz. Agarda siz aytayotgan choraga yo‘l qo‘yadigan bo‘lsak ham, faqatgina tijoriy oldi-sotdi shartnomalari orqali amalga oshiramiz. Buning evaziga biror siyosiy shart qo‘yilishiga yo‘l qo‘ymaymiz. Agar gazni chegaramizgacha olib kelib, bizga ma’qul narxda bersa, olamiz, bo‘lmasa yo‘q”, – dedi Mirzamahmudov Kun.uz bilan suhbatda.
Bunga munosabat bildirgan Kreml rasmiy so‘zlovchisi Dmitriy Peskov siyosiy shartlar qo‘yilayotganini rad etdi. Rossiya prezidenti Vladimir Putin esa bu haqdagi savolga javoban avvaldan aytib kelinayotgan “soyuz” so‘zini emas, “alyans” so‘zini ishlatdi va bu hamkorlik hamma uchun manfaatli bo‘lishini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu alyansni yaratish masalasida “yengib o‘tib bo‘lmaydigan birorta to‘siq yo‘q”.
Putin bu so‘zlarini Bishkekda bo‘lib o‘tgan Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi sammitidan keyingi matbuot anjumanida aytdi. U YeOII doirasida yagona gaz bozorini yaratishga tayyorgarlik ko‘rilayotganini eslatib, O‘zbekiston ham bundan chetda turmaydi deb umid qilishiga shama qildi.
Sobiq metropoliya O‘zbekiston haqida O‘zbekistonning ishtirokisiz xohlagancha gapirayotgan bir paytda, prezident Shavkat Mirziyoyev YeOII sammitida qatnashmagani e’tirofga loyiq. Qirg‘iziston Tashqi ishlar vazirligi Mirziyoyev Bishkekka 9 dekabr kuni kelishini xabar qilgan edi, lekin yakunda O‘zbekiston nomidan sammitda bosh vazir Abdulla Aripov ishtirok etdi. Shavkat Mirziyoyevning Qirg‘izistonga davlat tashrifi keyinroq, alohida tashkil etiladi.
“Lukoyl” va “Gazprom” O‘zbekistonda qazib olgan gazining 100 foizini chetga olib chiqib ketgani tan olindi
Rossiya masalasi tushunarli, lekin yonimizda Turkmaniston bor-ku, yetishmayotgan gazni ulardan sotib olsak bo‘lmaydimi? Bu savolga javoban Jo‘rabek Mirzamahmudovning aytishicha, hozir ham Turkmanistondan gaz import qilinyapti.
“Buni oshirish bo‘yicha ular bilan ham muzokaralar olib borilgan. Ma’lum kelishuvlarga erishilgan, lekin mana ko‘rib turganingizdek, to‘liq hozirgi kundagi ehtiyojni qondirmayapti. Turkmanistonning ham qazib chiqarish hajmlari bo‘yicha o‘zining majburiyatlari bor”, – dedi energetika vaziri.
Energetika tizimidagi rasmiylardan birining bizga anonim ravishda aytishicha, Turkmanistondan gaz importini oshirishning ayrim jihatlari bor. Janubdagi qo‘shnimizda haqiqatan ham gaz ko‘p, lekin ular avvalo o‘z aholisi va Xitoyga gaz yetkazish bo‘yicha majburiyatlarini bajarishi kerak. O‘zbekistonga eksportni oshirish uchun qazib olishni ko‘paytirishga to‘g‘ri keladi, buning uchun investitsiyalar va muzokaralar kerak. Muzokaralarda esa Amudaryo suvi masalasi o‘rtaga chiqadi. Qolaversa, yana bir omil bor – O‘zbekistonda gaz yetishmovchiligi yil bo‘yi emas, faqat sanoqli oylarda kuzatiladi. Shuningdek, Turkmanistondan elektr importini sezilarli oshirishga tarmoqlarning o‘tkazuvchanligi yo‘l bermaydi.
O‘zbekiston o‘zida yetmayotgan gazni nega sotyapti, degan savolga esa “O‘ztransgaz” raisi Behzod Normatov javob berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirda tabiiy gaz eksporti yuz foiz to‘xtatilgan. Bu intervyuda O‘zbekistonda maxfiy shartnomalar asosida gaz qazib olayotgan Rossiya kompaniyalari bo‘yicha muhim fakt ehtimol birinchi marta tan olindi: avvallari bu kompaniyalar o‘zlari qazib olgan o‘zbek gazini yuz foiz chetga olib chiqib ketgan.
“4 yil oldinga solishtiradigan bo‘lsak, eksportimiz 3-4 barobarga kamaygan, chunki ichki iste’mol oshib boryapti. Ular bilan gaplashiladi. Oldinlari ular qazib chiqarayotgan gaz 100 foiz chet elga chiqib ketgan bo‘lsa, hozirgi paytda bu gazning 15-20 foizigina yil davomida eksport qilinyapti. Eksportni asosan yoz, bahor va kuzning boshlanishida qilamiz, ya’ni elektr energiya va gaz iste’moli kamroq bo‘lgan paytda qilib beramiz”, – deya tushuntirdi Behzod Normatov.
Hozirgidek o‘tkir defitsit sharoitida rasmiylar energiyani tejash haqida ham gapirishyapti, va bu chaqiriqlar uchun doimgidek tanqidga uchrayapti. O‘chayotgan svet, lipillab yonayotgan gaz fonida bunday da’vatlar hech kimga yoqmasligi aniq. Lekin bu safar og‘zaki da’vatlar quruq gap bo‘lib qolmasligi uchun energiyani isrof qiladiganlarga nisbatan amalda ham ta’sir chorasi ko‘rilishi mumkin.
“Bazaviy tariflarni o‘zgarishsiz qoldirib, ma’lum bir miqdordan ko‘proq iste’mol qilingan holatlarda uning narxini keskin oshirish bo‘yicha takliflar berilgan. Hozirgi kunda mazkur takliflar hukumat tomonidan ko‘rib chiqilmoqda”, – dedi energetika vaziri o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev.
Kun.uz'ning energetika tizimidagi manbasiga ko‘ra, vazirlik hukumatga taklif sifatida kiritgan limit – oyiga 1000 kVt-soatga teng. Takliflar orasida bahorgacha shu oylik limitdan ko‘p elektr energiya ishlatgan xonadonlarni keyingi oy boshigacha tarmoqdan uzib qo‘yish varianti ham bor.
Manbaning so‘zlariga ko‘ra, aholi xonadonlari orasida oyiga ming kilovattdan ko‘p elektr ishlatadiganlarning ulushi 3-5 foizni tashkil etadi, ya’ni daromadi yuqori qatlam. Taklif etilayotgan chora bilan, iste’molchilarning mutlaq ko‘pchiligi uchun narxni o‘zgartirmasdan, bir necha qavatli uylarda yashovchi badavlat xonadonlarni hozirgidek defitsit va uzilishlar sharoitida energiyani isrof qilmaslikka undash ko‘zda tutilgan. “Shunday xonadonlar borki, oyiga minglab kVt-soat elektr ishlatadi, bu isrofdan boshqa narsa emas”, deydi biz suhbatlashgan tizim vakili.
Koronavirus paytida Nurmat Otabekov kundalik bayonotlari bilan hammaga tanish bo‘lib qolgan edi. Hozirgi sovuq kunlarda shunga o‘xshash vazifani o‘z zimmasiga olgan Sherzod Xo‘jayevni ham ko‘pchilik tanib ulgurdi. Gaz-svet mavzusiga Xo‘jayev aytgan yaxshi xabar bilan yakun yasaymiz. Uning so‘zlariga ko‘ra, yangi yil bayrami kunlarida svet o‘chmaydi. Chunki bayram kunlari ta’lim muassasalari va ishxonalar ishlamaydi, shuning hisobiga elektr energiyasiga talab sezilarli pasayadi, natijada aholi uylariga ko‘proq energiya yo‘naltirish mumkin bo‘ladi.
Bu hafta yana nimalar ro‘y berdi?
Bu galgi dayjestimiz noodatiy ravishda deyarli bitta mavzu – gaz-svet xabarlaridan iborat bo‘ldi. Chunki butun hafta davomida o‘zbekistonliklar uchun shundan boshqa mavzular ancha keyingi o‘rinlarda edi. Haftaning boshqa xabarlarini qisqacha sanab o‘tamiz.
Senat 2 kunlik sammit mehmonlarini ovqatlantirishga 1 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ sarflagan. Sentyabrdagi tadbir Parlamentlararo ittifoqqa a’zo davlatlar ayol rahbarlarining 14-sammiti edi. O‘zbekistonliklar hisobidan dasturxonga tortilgan tansiq taomlarning nomlari aksariyat o‘zbekistonliklar uchun notanish.
O‘zbekiston va Qirg‘iziston fuqarolari ikki davlat chegarasini faqat ID-kartani ko‘rsatgan holda kesib o‘tadigan tartib joriy etilishi mumkin. Qirg‘iziston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosarining aytishicha, bu boradagi kelishuv Shavkat Mirziyoyevning Bishkekka tashrifi paytida imzolanishi reja qilingan.
Milliy universitetdan yo‘qolgan nodir qo‘lyozmalar ishi: kutubxona rahbari ozod qilindi. Apellyatsiya sudi Irina Kislitsina kitoblarni o‘zlashtirgani tasdiqlanmagan deb topdi. Sudlanuvchining harakatlari JK 167-moddasi (talon-toroj)dan 207-moddasi (mansabga sovuqqonlik)ga qayta kvalifikatsiya qilindi.
Toshkentda qiymati 1,1 mln dollarlik moliyaviy piramida yaratgan yigit ushlandi. 23 yoshli yigit yuqori foiz bilan qaytarishni va’da qilib, 50 dan ortiq odamdan katta miqdorda pul yig‘ib olgan. Odamlar firibgarning 15 kundan 30 kungacha muddat ichida pullarni 18-23 foizga ko‘paytirib qaytarish va’dasiga uchgan.
Ko‘chmas mulk va avtomobilni boshqa shaxsga o‘tkazishda davlat boji miqdori o‘zgardi. Avtotransportni boshqa shaxsga o‘tkazish shartnomasini tasdiqlaganlik uchun davlat boji 3 BHM bo‘ldi (ilgari dvigatel quvvati, ot kuchiga va ishlab chiqarilgan sanasiga qarab 2 BHMdan 10 BHMgacha edi). Toshkent, Nukus shaharlari va viloyatlar markazlarida uy oldi-sotdisi boji 1 BHM, boshqa hududlarda 0,5 BHM deb belgilandi (ilgari mol-mulk maydoniga qarab 0,5 BHMdan 3 BHMgacha edi).
Ichki ishlar xodimlari Toshkentda yashaydigan ikki jurnalistning ijtimoiy tarmoqdagi kommentlari yuzasidan ularning viloyatda yashaydigan onalarini so‘roq qildi. Voqea shov-shuv bo‘lgach, vazirlik mas’ul xodimlarga tanbeh berilganini bildirdi. Samarqandning Narpay tumani va Qashqadaryoning Qarshi shahar IIB rahbariyatining “shaxsiy tashabbuslari” bo‘lgani aytildi.
Biznesmen-amaldorlar o‘z biznesini ishonchli boshqaruvga berib, davlat ishida ishlashda davom etaverishi mumkin. Ishonchli boshqaruvga berganlik haqida hujjat qilib qo‘yilsa bo‘lgani. Hukumatning tegishli qarori loyihasi muhokamaga qo‘yildi. Ayni paytda, Qiziltepa hokimi tadbirkorlik bilan shug‘ullanyapti. Unga qarashli firma tumandagi davlat buyurtmalarini qo‘lga kiritgan.
O‘zbekiston Hayraton – Mozori Sharif temiryo‘lini boshqarish huquqini boy berdi. Toliblar Hayraton – Mozori Sharif temiryo‘lini boshqarish huquqini “O‘zbekiston temiryo‘llari”dan olib, undan ancha arzonroq narx taklif qilgan Qozog‘istonning Mansour Fatih kompaniyasiga berdi.
Mavzuga oid
20:00 / 09.11.2024
Mashina importiga yangi to‘siq, ikki karra qimmatlagan propan va “zamhokim”ga 2 mln $ pora - hafta dayjesti
21:45 / 02.11.2024
Yo‘llardagi qoidabuzarliklar uchun yangi jarimalar, ochilgan «is gazi mavsumi» va saylov yakunlari - hafta dayjesti
21:48 / 26.10.2024
Allamjonovga suiqasd, qonun ustuvorligida pasayish va Yevropaga yo‘l - hafta dayjesti
22:40 / 19.10.2024