Andijonda sodir bo‘lgan yong‘inda 3 nafar fuqaro vafot etdi
Xonadonlardan birida sodir bo‘lgan yong‘inni bartaraf etish jarayonida 3 nafar fuqaroning kuygan holdagi jasadi topilgan.
FVVning xabar berishicha, 22 dekabr kuni soat 19:15 da Andijon shahar, S.Abdullayev 5-tor ko‘chasida joylashgan yashash uyida yong‘in sodir bo‘layotgani to‘g‘risida Andijon shahar FVBga xabar kelib tushgan.
Shunga ko‘ra 4 ta yong‘in-qutqaruv ekipajlari voqea joyiga soat 19:19 da yetib borib, yong‘in soat 19:23 da qurshab olingan va 19:32 da o‘chirilgan.
Hodisa natijasida uyning taxminan 70 kv m maydonda tomi, shifti va uy-jihozlari yongan.
Yong‘inni bartaraf etish jarayonida 3 nafar fuqaroning kuygan holdagi jasadi topilgan.
“Shuningdek hodisa joyiga FVB, IIB, SSB va prokuratura xodimlari yetib borgan. Hozirda yong‘in sababi va moddiy zarar miqdori aniqlanmoqda”, – deyiladi xabarda.
Avvalroq, Andijon tumanidagi xonadonda sodir bo‘lgan yong‘in oqibatida bir nafar fuqaro vafot etgani va yana biri shifoxonaga yotqizilgani xabar qilingan edi.