Jahon | 18:39 / 19.09.2023
7949
2 daqiqa o‘qiladi

JSST kovidning yangi to‘lqinidan ogohlantirdi va barcha mamlakatlarni emlanishga chaqirdi

So‘nggi kunlarda koronavirusdan kasallanish holatlari ko‘paygani qayd etilmoqda.

Foto: AP

Pandemiyaning tugashi rasman may oyi boshida e’lon qilingan bo‘lsa-da, sentabr boshidan beri Qo‘shma Shtatlarda koronavirus bilan kasallanganlar soni tez o‘sishda davom etdi va 2020 yil bahorida deyarli butun mamlakat bo‘ylab tarqalgan birinchi to‘lqin darajasiga yetdi

AQSh rasmiylariga ko‘ra, 27 avgustdan 2 sentabrgacha bo‘lgan haftada shifoxonaga yotqizish talab qilinadigan bemorlar soni deyarli 9 foizga oshgan. Koronavirusga chalingan bemorlarning o‘lim darajasi deyarli 5 foizga ko‘paygan.

Kovidni modellashtirish bo‘yicha yetakchi ekspertlardan biri Jyey Vayland hisob-kitoblari shuni ko‘rsatadiki, 8 sentabrga kelib, Qo‘shma Shtatlarda koronavirus bilan kasallanganlarning haqiqiy soni har kuni taxminan 720 mingga ko‘paygan. Bu shuni anglatadiki, hozir Qo‘shma Shtatlarda aholining deyarli 2 foizi infeksiyalangan. Sovuq mavsum hali oldinda ekani inobatga olinsa, kasallanganlar soni yanada oshishi mumkin. 

Bemorlar sonining ko‘payishi va og‘ir holatlarning tez-tez uchrab turishi haqidagi xavotirli xabarlar faqat Qo‘shma Shtatlardan kelmayapti, dedi o‘tgan hafta JSST pandemiyaga qarshi kurash uchun mas’ul Mariya Van Kerxove. Uning fikriga ko‘ra, boshqa mamlakatlar ham voqealarning taxminan shunday rivojlanishiga tayyorgarlik ko‘rishi kerak.

JSST takroriy emlanish reanimatsiyaga tushishdan (va umuman kasallikning og‘ir kechishidan) yaxshiroq himoya qilishini tinimsiz takrorlamoqda. Qayta emlanish, ayniqsa, u yoki bu sabablarga ko‘ra xavf ostida bo‘lganlar uchun tavsiya etiladi.

Bundan tashqari, mutaxassislar ta’kidlaganidek, yangi, moslashtirilgan vaksinani kutish mutlaqo shart emas. JSST tomonidan tasdiqlangan har qanday dori zarur himoyani ta’minlaydi. Qayta emlanish nafaqat kattalar, balki bolalar, jumladan, maktabgacha yoshdagi bolalar uchun ham tavsiya etiladi. 

Mavzuga oid