O‘zbekiston | 09:51 / 06.12.2023
42487
2 daqiqa o‘qiladi

«Baxti Tashkenskiy» 15 sutkaga qamaldi

Baxtiyor Qudratullayev mayda bezorilik va ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslikda ifodalangan huquqbuzarliklarni sodir etgani uchun jinoyat ishlari bo‘yicha Yakkasaroy tuman sudi qarori bilan 15 sutka ma’muriy qamoq jazosiga tortilgani ma’lum bo‘ldi.

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

2023 yil 29 noyabr kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Yakkasaroy tumani sudida Baxtiyor Qudratullayev bilan bog‘liq ish ko‘rib chiqilgan. Unga mayda bezorilik va ichki ishlar organlari xodimlarining qonuniy talablarini bajarmaganligi uchun ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan. 

Sud qarorida keltirilishicha, Baxtiyor Qudratullayev 2023 yil 28 noyabr kuni soat 21:45 da Toshkent shahri, Yakkasaroy tumani, Kohinur ko‘chasidagi 37-uyning yo‘lagida IIO xodimlariga nisbatan baqir-chaqir qilib, fuqarolarning tinchligini buzgan.

Shuningdek, IIO xodimlarining IIB binosiga borib shaxsiga aniqlik kiritish haqida qonuniy talablarini bajarmagan.

Ushbu harakatlari uchun sud Baxtiyor Qudratullayevni MJtKning 183-moddasi va 194-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan ma’muriy huquqbuzarliklarni sodir qilgan deb topgan hamda unga nisbatan 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.  

Eslatib o‘tamiz, 52 yoshli Baxtiyor Qudratullayev Jinoyat kodeksining 165-modda 3-qismi (juda ko‘p miqdorda tovlamachilik), 276-modda 2-qismi (Giyovandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlamay qonunga xilof ravishda tayyorlash, egallash, saqlash va boshqa harakatlar)da nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanmoqda.

Mavzuga oid