Sovetlar nega Qozog‘istonda «Nemis avtonomiyasi»ni tashkil etmoqchi bo‘lgandi?
1970-yillar oxirida SSSR rahbarlari Qozog‘istonda «Nemis avtonomiyasi»ni tuzishni xohlab qolishadi. Rejaga ko‘ra bu avtonomiyaga Qozog‘iston shimolida 200 ming aholi yashab turgan 46 ming kilometr kvadrat hudud berilishi kerak edi. Bu ish Qozog‘istonda aholining keskin noroziligiga uchraydi va bir nechta shaharlarda namoyishlar bo‘lib o‘tadi. Natijada Moskva «Nemis avtonomiyasi» rejasini bekor qilishga majbur bo‘ladi.
SSSRda ittifoqdosh respublikalardan tashqari juda ko‘p avtonom respublika va viloyatlar bor edi. Masalan, O‘zbekistonda Qoraqalpog‘iston avtonom respublikasi, Tojikistonda Tog‘li-Badaxshon avtonom viloyati, Gurjistonda Abxaziya, Adjariya avtonom respublikalari va Janubiy Osetiya avtonom viloyati, Ozarboyjonda Tog‘li Qorabog‘ hamda Naxichevon avtonom viloyatlari bor edi.
O‘sha paytda avtonom hududlarning eng ko‘pi Rossiya tarkibida edi. Jumladan, SSSRdagi 20 ta avtonom respublikadan 16 tasi Rossiyada edi. Bundan tashqari, bu respublikada ko‘plab avtonom viloyatlar bo‘lgan.
SSSR tarixida avtonom respublikalar va viloyatlar tarkibi tez-tez o‘zgarib turgan. Avvallari qaysidir hudud avtonom viloyat bo‘lsa, keyinchalik u avtonom respublikaga, o‘z navbatida avtonom respublika ittifoqdosh respublikaga aylantirilgan. Yoki teskarisi bo‘lgan.
Masalan, Tojikiston avvaliga avtonom respublika sifatida O‘zbekiston tarkibida bo‘lgan. 1929 yilda Moskva Tojikistonni ittifoqdosh respublikaga aylantirgan.
Abxaziya bilan teskarisi bo‘lgan. 1921 yildan 1931 yilgacha ittifoqdosh respublika bo‘lgan Abxaziya Stalinning buyrug‘i bilan avtonom respublika darajasiga tushirilib, Gurjiston tarkibiga tiqilgan.
Qo‘shni Qirg‘iziston SSSR tuzilgan yillarda Qora-Qirg‘iziston avtonom okrugi bo‘lgan. Keyinchalik u avvaliga avtonom respublikaga, so‘ng ittifoqdosh respublikaga aylantirilgan.
Qozog‘istondagi vaziyat
Qozog‘iston hududi juda katta va ko‘p millatli respublika hisoblanadi. Sovet davrida bu yerda boshqa hududlardan ko‘chib kelganlar bilan birga, tubjoy millatlar ham bor edi.
Masalan, Qozog‘iston shimolida 18-asr oxirroqlaridan boshlab Rossiyadan ko‘chib kelib o‘rnashgan ruslar, mamlakat janubida tubjoy o‘zbeklar, sharqda uyg‘urlar, dunganlar, qirg‘izlar yashardi.
SSSR endi tuzilgan paytlarda Qozog‘iston hududida qirg‘izlar avtonomiyasi bor edi. 1936 yilda Qirg‘iziston ittifoqdosh respublikaga aylantiriladi va shu tariqa Qozog‘istonda avtonom hududlar qolmaydi.
Ammo 1970-yillarga kelib Kremldagilarning fikri o‘zgara boshlaydi va ular Qozog‘istonda «Nemis avtonomiyasi» tashkil etishni rejalashtiradi.
Aslida Chor imperiyasi davridan boshlab Rossiya hududida yashab kelayotgan nemislarning Volgabo‘yi hududida o‘z avtonomiyasi bor edi. 1923 yilda tashkil etilgan Volgabo‘yi nemislari sovet sotsialistik avtonom respublikasi 1941 yil 28 avgustgacha yashagan.
1941 yil 22 iyunda Hitler boshchiligidagi Germaniya SSSRga hujum qilgach bu ma’muriy birlik tugatiladi. Yaqin ittifoqchilarining xoinona hujumidan g‘azablangan sovetlar Volgabo‘yi nemis avtonom respublikasini tugatish bilan kifoyalanmaydi, u yerda yashab kelayotgan nemislarni ham qatag‘on qilishadi.
Ularning bir qismi o‘ldirib yuboriladi. Qolganlari Qozog‘iston shimolidagi «gadoytopmas» joylarga surgun qilinadi. Bundan tashqari, urushda asir tushgan nemislarning ham asosiy qismi Qozog‘istondagi lagerlarga jo‘natiladi. Shu tariqa Qozog‘istonda nemis aholi soni keskin oshadi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, nemislar Qozog‘iston hududiga ilk bor 18-asrning oxirroqlarida ko‘chib kelishgan. 1897 yilda hozirgi Qozog‘iston hududida bor-yo‘g‘i 2 600 nafar nemis yashagan.
1939 yilda ular 92 ming bo‘lgan. Volgabo‘yidagi nemislar yoppasiga Qozog‘istonga surgun qilingach, ularning soni yarim milliondan oshadi.
O‘sha paytda Qozog‘iston shimolidagi Kellerovka, Peterfeld, Mariyenburg va Pruggerovo kabi aholi maskanlarida to‘liq nemislar yashardi. Bundan tashqari, Akmolinsk (bugungi Ostona, bir paytlar Tselinograd deb ham atalgan) shahar aholisining bir qismi nemislar edi.
Stalin vafotidan so‘ng, 1955 yilda quvg‘in qilingan juda ko‘p millatlarga qo‘yilgan cheklovlar olib tashlanadi. Biroq Qozog‘istondagi nemislarga Volgabo‘yiga qaytishga ruxsat berilmaydi.
1964 yil dekabrda SSSR Oliy soveti tomonidan shu organning o‘zi 1941 yil 28 avgust kuni qabul qilgan «Volgabo‘yi nemislarini ko‘chirish haqida»gi qarori bekor qilinadi. Lekin nemislarning SSSRning boshqa hududlariga ko‘chib borishiga qo‘yilgan cheklov o‘z kuchida qoladi.
1972 yil 3 noyabrda SSSR Oliy soveti prezidiumining qarori bilan Qozog‘istonda yashab kelayotgan nemislarga qo‘yilgan ko‘chib yurishga bo‘lgan cheklov bekor qilinadi.
Shundan so‘ng Qozog‘istonga surgun qilingan nemislar Volgabo‘yiga qaytmoqchi bo‘lishadi. Biroq orada o‘tgan 20 yildan oshiq vaqt mobaynida ularning uy-joylari boshqalar tomonidan egallab olingandi. Shu uchun nemislarning aksariyati Qozog‘istonda yashashda davom etadi.
Qozog‘istonda «Nemis avtonomiyasi»
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 1970-yillarning ikkinchi yarmida SSSRda 2 mln atrofida nemis bo‘lgan va ularning qariyb yarmi, 940 ming nafari Qozog‘istonda yashagan. O‘sha paytda ular respublika aholisining 6,6 foizini tashkil etgan.
1978 yilda Qozog‘iston shimolida nemislar uchun ma’muriy birlik tuzish maqsadida komissiya tashkil etiladi. Uning tarkibida KGB rahbari Yuriy Andropov, SSSR ichki ishlar vaziri Nikolay Shchelokov, SSSR bosh prokurori Roman Rudenko, KPSS markaziy qo‘mitasi kotibi Mixail Zimyanin, SSSR oliy soveti prezidiumi kotibi Mixail Georgadze va boshqalar bor edi.
Komissiya a’zolari Volgabo‘yida nemis millatiga mansub aholi qolmagani uchun «Nemis avtonomiyasi»ni Qozog‘istonda tuzilishi kerak degan qarorga keladi.
Nemislar uchun alohida ma’muriy birlik tuzishdan bir nechta maqsad ko‘zlangan:
· Qozog‘iston shimolida yashayotgan nemislarni reabilitatsiya qilish va ularni sovet jamiyatiga to‘laqonli qo‘shish;
· O‘sha paytlarda SSSRda yashayotgan nemislar orasida GFR va GDRga doimiy ko‘chib ketish uchun ruxsat so‘rash ko‘paygandi. «Nemis avtonomiyasi»ni tuzib, bu ishning oldini olish;
· Moskvadan o‘zlariga ma’muriy birlik tuzib berishni so‘ragan sovet nemislarining talabini qondirish;
Shuningdek, SSSRda nemislar uchun avtonom ma’muriy birlik tuzib berishni GDR va GFR rahbarlari iltimos qilgan degan gap ham tarqalgan. Biroq bu tasdiqlanmagan va haqiqatdan yiroq.
Chunki GDR va GFR o‘rtasidagi aloqalar uncha yaxshi bo‘lmagan va ular birgalikda SSSR rahbaridan nimanidir iltimos qilishi aqlga sig‘masdi.
Sovetlar «Nemis avtonomiyasi»ni Qozog‘iston shimolida, aholi tarkibida nemislar ko‘proq bo‘lgan hududda tashkil etish maqsadga muvofiq deb topadi.
Avtonomiya uchun Oqmala viloyatida joylashgan Yermentou shaharchasi poytaxt sifatida tanlanadi. Avtonomiyaga hozirgi Qozog‘iston poytaxti joylashgan Tselinograd, yana Qarag‘anda va Ko‘kchatov viloyatlaridan 46 ming kilometr kvadrat hudud berilishi mo‘ljallanadi.
Komissiya tomonidan avtonomiyaga rahbar ham tanlab qo‘yilgandi. Tselinograd viloyatida joylashgan Qizil bayroq tumani raykomi, nemis millatiga mansub Andrey Braun yangi ma’muriy birlik rahbari bo‘lishi kerak edi.
Nemislar uchun tashkil etilayotgan ma’muriy birlik avtonom viloyat emas, balki Nemis sovet sotsialistik avtonom respublikasi ko‘rinishida bo‘lishi rejalashtirilgandi.
«Nemis avtonomiyasi»ga qarshi namoyishlar
Moskva Qozog‘iston shimolida «Nemis avtonomiyasi»ni tuzishni reja qilar ekan, qaror qabul qilishda mahalliy xalqlar va respublika rahbariyati bilan maslahatlashib o‘tirmaydi.
O‘z navbatida Qozog‘iston rahbariyati ham bu ishga qarshilik qila olmasdi. Biroq o‘rtada o‘z yerini sevuvchi qozoq xalqi bor edi va ularni ko‘ndirib bo‘lmasdi.
1979 yil 31 may kuni KPSS markaziy qo‘mitasi siyosiy byurosining ««Nemis avtonomiyasi»ni tashkil etish haqida»gi qarori qabul qilinadi. Qozoqlar bu ishga darhol qarshi chiqishadi.
Ayniqsa «Nemis avtonomiyasi» tarkibiga kiritilayotgan hududlarda yashovchi qozoqlar qattiq norozi bo‘lishadi. Qolaversa, respublika rahbari Dinmuhammad Qo‘nayev ham Moskvaning bu rejasiga qarshi edi.
Biroq u buni Kremldagilarga ayta olmasdi. Shu sababli Qo‘nayev «Nemis avtonomiyasi»ga qarshi chiqayotganlarni zimdan qo‘llaydi.
Qozog‘istonda «Nemis avtonomiyasi» tuzilishiga nemislarning o‘zi ham rozi emasdi. Ular Volgabo‘yiga qaytish umidida edi. Qolaversa, bir paytlar o‘zlariga boshpana bergan qozoq xalqi bilan ziddiyatlarga borishni xohlashmasdi.
Qozog‘istonlik nemis yozuvchisi va tarjimon Gerold Belger o‘sha kunlarni shunday eslaydi:
Qozog‘istonda «Nemis avtonomiyasi»ni tashkil etish haqidagi qaror chiqqan kunlarni yaxshi eslayman. Bu tashabbus nemislardan chiqmagandi. Hatto Qozog‘istonda yashab turgan ko‘plab nemislar bu ishga qarshi edi. Ular Nemis avtonom respublikasi Volgabo‘yida, eski o‘rnida tashkil etilishini xohlashardi. Qozoqlar «Nemis avtonomiyasi»ga qarshi namoyishga chiqqanda ko‘plab nemis ziyolilari ularni qo‘llaganmiz. Nega? Chunki sovetlar Volgabo‘yidan bizni quvishganda va nemis xalqi boshiga og‘ir sinovlar tushganda qozoq xalqi bizni iliqlik bilan kutib olgan. Qozoqlarning yeriga da’vo qilish va u yerda «Nemis avtonomiyasi»ni tashkil etish o‘sha paytda qozoq xalqiga nisbatan nonko‘rlik bo‘lardi».
Garchi Qozog‘iston kompartiyasi rahbarlari Moskvaning bu qaroriga inday olmagan bo‘lsa ham, respublikadagi taniqli olimlar, adiblar va boshqalar uning noto‘g‘ri bo‘lganini aytib chiqishadi.
Shuningdek, respublika aholisining avtonomiyaga qarshi noroziligi oshib ketadi. Ayniqsa avtonomiya tarkibiga kiritilayotgan Tselinograd, Qarag‘anda va Ko‘kchatovda vaziyat tahlikali edi.
1979 yil 16 iyun kuni ertalab Tselinograd shahridagi Lenin maydoniga odamlar yig‘ila boshlaydi. «Nemis avtonomiyasi»ga qarshi norozilik namoyishi boshlanadi.
Turli manbalarda namoyishga chiqqan odamlar soni 5 000 nafar bo‘lgani aytiladi. Namoyishchilarning aksariyati qozoq ziyolilari, o‘qituvchilar va talabalar bo‘lgan.
Namoyish bo‘layotgan joyga darhol KGB va militsiya bo‘linmalari hamda viloyat rahbarlari yetib kelishadi. Namoyishchilar ularga Moskva «Nemis avtonomiyasi» haqidagi qarorni bekor qilmaguncha ko‘chaga chiqaverishlarini aytadi.
Bundan tashqari ular 19 iyun kuni yana namoyishga chiqishlarini, masala ijobiy hal qilinmasa 21 iyun kuni ham tunda mash’allar yoqib shahar markazida qolishlarini ma’lum qiladi.
Namoyishchilarning qo‘lida ««Nemis avtonomiyasi»ga yo‘q», Qozog‘iston yaxlit va bo‘linmas», «Qozog‘istonning bir parchasini ham bermaymiz», «Nemislar yo‘qolsin», deb yozilgan plakatlar bor edi. Kechga borib odamlar tarqaladi.
O‘sha kuni tunda namoyishlarda qatnashgan talabalarning yotoqxonasiga, o‘qituvchi va boshqa kasbdagi odamlarning uyiga KGB xodimlari boradi. Ular talabalarni o‘qishdan, o‘qituvchilarni esa ishdan haydatish bilan qo‘rqitadi. Uzoq yillarga qamatib yuborishlarini aytib, tahdid qilishadi.
O‘sha paytda talaba bo‘lgan taniqli yozuvchi Qanat Tasibekov KGB xodimlari tomonidan qilingan tahdidlarni shunday eslaydi:
«O‘shanda ikki nafar kursdoshimiz namoyishlarga chiqqandi. Yarim kechada qora Volgada KGB xodimlari keldi va ularni bo‘sh xonalardan biriga olib kirib so‘roq qildi. Xodimlar kursdoshlarimizga baqirib, do‘q urdi, o‘qishdan haydatish va qamab yuborishlarini aytib tahdid qildi. Ular «agar 19 iyun kuni o‘tkaziladigan namoyishga chiqadigan bo‘lsanglar, hayotlaringni barbod qilamiz», deyishdi. Biroq kursdoshlarimiz yana namoyishga chiqishlarini aytishdi. Chorasiz qolgan KGB xodimlari indamay ketdi. O‘shanda agar kursdoshlarimizga nimadir qilishsa, ularni himoya qilish uchun biz tayyor turgandik».
Keyinchalik, KGB xodimlari namoyishga chiqqan talabalarni o‘qishdan haydash uchun institutlar rahbarlariga buyruq bergani, biroq ular ko‘nmagani ma’lum bo‘ladi.
Dinmuhammad Qo‘nayev va boshqa rahbarlar «Nemis avtonomiyasi»ga qarshi bo‘lgani uchun militsiya yirik shaharlarda odamlarni namoyishlarga chiqishga chaqiradigan varaqalar tarqatilishiga qarshilik ko‘rsatmaydi.
Varaqalarda Qozog‘istonda 100 dan oshiq millatlar tinch-totuv yashayotgani va hech bir millat uchun avtonom ma’muriy birlik tashkil etishga hojat yo‘qligi ham yozilgan edi.
Namoyishlar boshlangach Qozog‘iston rahbariyati Moskvaga respublika aholisi «Nemis avtonomiyasi» tashkil etilishiga qarshi chiqayotganini va bu haqdagi qarorni qayta ko‘rib chiqish kerakligini yozib yuboradi.
Qo‘nayev imzo qo‘ygan murojaatda agar Qozog‘istonda nemislar uchun alohida birlik tashkil etilsa, keyin respublikaning tubjoy aholisi hisoblangan ko‘p sonli o‘zbeklar, uyg‘urlar hamda ruslar ham avtonomiya talab qilishi ehtimoli borligi va bu millatlararo nizoga aylanib ketishi mumkinligi yozilgan edi.
Shundan so‘ng Moskvada Qozog‘iston hududida nemislar uchun alohida ma’muriy birlik tashkil etish haqidagi qaror qayta ko‘rib chiqiladi. Yig‘ilishda qatnashganlarning ayrimlari xalqni kuch ishlatib tiyib qo‘yish kerakligini aytadi.
Boshqalari esa Qo‘nayevning Qozog‘istondagi boshqa xalqlar ham avtonomiya talab qiladi degan xavotiri o‘rinli ekanini aytib, «Nemis avtonomiyasi» haqidagi qarorni bekor qilish kerak, deydi.
Moskvada muhokama jarayoni ketayotganda Tselinograd, Qarag‘anda va Ko‘kchatovdan boshqa shaharlarda ham odamlar namoyishga chiqa boshlaydi. Barcha joyda militsiya tartib saqlaydi, biroq namoyishchilarni tarqatishga urinmaydi.
Oxir-oqibat Qozog‘istondan tahlikali xabarlar kelib turgan paytda Moskvada «Nemis avtonomiyasi» haqidagi qaror bekor qilinadi.
SSSRda namoyishga chiqqanlarni va ularni qo‘llaganlarni ayamasdan jazolab kelgan Moskva Qozog‘istondagi tartibsizliklar uchun hech kimni jazolashga jur’at qila olmaydi.
Keyinchalik, Dinmuhammad Qo‘nayev o‘z estaliklarida Qozog‘istonda «Nemis avtonomiyasi» tuzishning bosh tashabbuskori KGB boshlig‘i Yuriy Andropov bo‘lganini yozgan.
Uning aytishicha, Andropov shu yo‘l bilan Qozog‘istonni kuchsizlantirib, keyinchalik «Nemis avtonomiyasi»ni RSFSR tarkibiga o‘tkazishni reja qilgan. Qozoq xalqining kuchli irodasi bilan Andropovning bu rejasi amalga oshmagan.
Nemislarning keyingi taqdiri
«Nemis avtonomiyasi» amalga oshmaganiga qaramasdan nemislar Qozog‘istonda yashashda davom etadi. Biroq SSSR parchalanib ketganidan so‘ng vaziyat o‘zgaradi.
Mustaqillikning ilk yillarida boshqa respublikalar kabi Qozog‘istonda ham vaziyat og‘ir, zavod va fabrikalar o‘z faoliyatini to‘xtatgan, odamlar ishsiz edi.
Ana shu kezlarda bu davlatda yashayotgan nemislar yoppasiga Germaniyaga va Rossiyaga ko‘chib keta boshlashadi (Bu paytga kelib GFR va GDR birlashgan edi).
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 1989 yilda Qozog‘istonda 957 ming nemis yashagan. 1999 yilga kelib ularning soni uch barobarga kamaygan va 353 ming nafar qolgan.
2022 yilgi ma’lumotlarga ko‘ra, Qozog‘istonda qariyb 230 ming nemis yashamoqda.
SSSR parchalangandan so‘ng ko‘plab nemislarning Qozog‘istonni tark etganini Qanat Tasibekov respublika uchun juda katta yo‘qotish bo‘lgan deb hisoblaydi.
«Qozog‘iston mustaqillikka erishgandan so‘ng nemislarning respublikadan yoppasiga ko‘chib ketgani katta yo‘qotish bo‘lgan deb takrorlab kelaman. Tasavvur qiling, bir necha yil ichida eng tartibli, mehnatsevar, bilimli va vijdonli bo‘lgan yuqori malakaga ega 800 ming odam Qozog‘istondan chiqib ketdi. Bir narsani unutmaslik kerak, nemislar qozoqlarning urf-odatlarini hurmat qilardi, ko‘plari qozoq tilini bilardi. Qozog‘iston ko‘chib ketgan nemislar misolida eng yaxshi odamlarni yo‘qotdi».
G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.
Mavzuga oid
19:39 / 21.11.2024
SSSR tarixidagi eng yirik o‘g‘rilik: qatl etilgan amakivachchalar
14:58 / 03.11.2024
G‘arb va SSSR o‘rtasidagi josuslik o‘yinlari: Britaniyaga qochgan sovet mayori
14:21 / 20.10.2024
AQShga qochgan diplomat: okean ortidan siyosiy boshpana so‘ragan sovet amaldori
16:15 / 17.10.2024