«Yandeks» kompaniyasi yandex.kz serverlarini Qozog‘istonga ko‘chirdi
«Yandeks» kompaniyasining qozoq domenidagi sayti Qozog‘iston rasmiylari tomonidan bloklab qo‘yilishi ortidan, kompaniya serverlarni Qozog‘iston hududiga ko‘chirdi. Ayni paytda, Yandex Go'ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi Kun.uz savoliga javoban o‘zbekistonlik foydalanuvchilarning shaxsiy ma’lumotlari mahalliy serverlarda saqlanayotganini ma’lum qildi.
Rossiyaning «Yandeks» kompaniyasi yandex.kz mahalliy domenining serverlarini Qozog‘iston hududiga o‘tkazish ishlarini yakunladi. Bu haqda Qozog‘iston Raqamli rivojlanish vazirligi xabar berdi.
«Yandeks» qozog‘istonliklar uchun o‘z xizmatlarini mahalliylashtirish bo‘yicha tizimli ish olib bormoqda. Serverlarni mamlakatga o‘tkazish muhim qadamdir. Bu bizning foydalanuvchilarimiz ma’lumotlari Qozog‘istonda qayta ishlanishini anglatadi. Vazirlik fuqarolarning shaxsiy ma’lumotlar xavfsizligiga katta e’tibor qaratadi», deya ta’kidlagan Qozog‘iston raqamli rivojlanish vaziri Bagdat Musin.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Qozog‘istonda «Yandeks» xizmatlarining oylik auditoriyasi 10 millionga yaqin foydalanuvchini tashkil qiladi.
Nimaga Qozog‘iston hukumati «Yandeks»ga bunday talab qo‘ygandi?
«Yandeks» kompaniyasining bir nechta onlayn servislari qatorida taksi xizmati ko‘rsatuvchi ilova-agregator ham bor. «Yandex Go» va «Yango» nomlari ostidagi agregator Rossiyadan tashqari O‘zbekiston, Qozog‘iston, Gruziya, Armaniston, Belarus, Isroil, Norvegiya, Finlandiya kabi (jami 20 dan ortiq) mamlakatlarda ishlaydi.
2023 yil 1 sentabrdan boshlab Rossiya maxsus xizmatlariga taksi buyurtmalari xizmati ma’lumotlar bazalariga kirish vakolati berilgan edi.
RFda bu borada qonun qabul qilinganidan keyin Qozog‘istonda Yandex.kz domeni o‘chirib qo‘yilgandi. Qozog‘iston Raqamli taraqqiyot vazirligi Rossiya kompaniyasidan «huquq-tartibot organlar va maxsus xizmatlar bilan aloqalari» haqida tushuntirish berishni so‘ragandi. Shuningdek, Gruziya shaxsiy ma’lumotlar xavfsizligi xizmati «Yandeks Go» servisining foydalanuvchilar ma’lumotlarini qayta ishlash jarayoni qonunga muvofiqligini tekshirish uchun o‘rganish ishlarini boshlagandi. Finlandiya va Norvegiyaning vakolatlari organlari «Yandeks»dan foydalanuvchilarning ma’lumotlarini Rossiyaga uzatishni to‘xtatishni talab qilgandi.
«Yandex Go»ning O‘zbekistondagi faoliyati
«Yandeks» taksi xizmati O‘zbekistonga 2018 yilda kirib kelgan. Hozirda Toshkent, Farg‘ona, Qo‘qon, Marg‘ilon, Namangan, Andijon, Samarqand, Qarshi, Buxoro va Nukus shaharlarida xizmat ko‘rsatadi.
O‘zbekiston qonunchiligiga ko‘ra, raqamli operatorlar O‘zbekiston fuqarolarining shaxsiga doir ma’lumotlarni jismonan O‘zbekiston hududida joylashgan serverlarda saqlashi kerak. Mamlakatda TikTok shu sababli bloklangan. 2021 yil kuzida bu talab Telegram, Instagram va Facebook kabi eng ommabop platformalarga nisbatan ham qo‘llanib, ular bloklanishi ortidan katta ijtimoiy rezonans yuzaga kelgan, natijada cheklov tezda olib tashlanib, qator rahbarlar ishdan olingandi.
Yandex Go'ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi Kun.uz so‘roviga javoban ma’lum qilishicha, servis o‘zbekistonlik foydalanuvchilarning ma’lumotlarini O‘zbekiston hududida joylashgan serverlarda saqlaydi.
“Biz faoliyatimizni O‘zbekiston qonunchiligiga muvofiq olib boramiz, shunga ko‘ra, O‘zbekiston fuqarolarining shaxsiy ma’lumotlari mahalliy serverlarda saqlanadi. Biz, shuningdek, Ma’lumotlarni himoya qilish bo‘yicha umumiy reglament (GDPR)ga amal qilamiz”, – deyiladi kompaniya axborotida.
Kompaniya avvalroq Rossiya qonunchiligiga kiritilgan o‘zgarishlar yuzasidan ham izoh bergan edi. Unga ko‘ra, Rossiya huquq-tartibot idoralari foydalanuvchilarning O‘zbekistondagi safarlari haqidagi ma’lumotlarni «ola olmaydi», chunki xizmat Rossiyadan tashqarida ko‘rsatiladi va bu holatda «Rossiya qonunchiligi O‘zbekistondagi xizmatga va uning foydalanuvchilariga nisbatan qo‘llanmaydi».
Mavzuga oid
18:39 / 15.02.2024
Qozog‘iston O‘zbekistondan tarixiy meros buyumlarini qaytaradi
18:33 / 14.02.2024
Qozog‘istondagi yong‘inda O‘zbekiston fuqarolari jabrlandi
10:15 / 12.02.2024
Qozog‘istonda bo‘lib turgan o‘zbekistonliklar ogohlantirildi
19:30 / 10.02.2024