Kuchaytirilgan xavfsizlik, Namangandagi iftor va “avtomobilsiz kun” - hafta dayjesti
Rossiyada teraktdan keyin migrantlarga nisbatan ksenofobiya kuchaydi. Kanada o‘zbekistonliklar uchun 5 mingta ish o‘rnini taklif qildi. Namanganda yil oxirigacha elektr energiya yetishmovchiligi muammosi qolmasligi aytilmoqda. O‘zbekistonda korrupsionerlarning necha foizi qamalayotgani ochiqlandi. Avtomobillar importiga yangi cheklov kiritilishi mumkin. Ortda qolgan haftaning shu va boshqa xabarlari – Kun.uz dayjestida.
Toshkentda aholi gavjum joylarda xavfsizlik kuchaytirildi
Moskva yaqinida ro‘y bergan qonli teraktdan keyin Toshkentda ham xavfsizlik choralari kuchaytirildi. Shahardagi savdo majmualari, ko‘ngilochar maskanlar, bozorlar va boshqa odam ko‘p to‘planadigan joylarda tartib posbonlari kuchaytirilgan rejimda xizmat olib bora boshladi. Jarayonga ichki ishlar organlarining maxsus topshiriqli mobil otryadlari va milliy gvardiya bo‘linmalari zirhli transport vositalari bilan jalb etilgan. Post-patrul xizmati xodimlari gavjum joylarga kirayotganlarni metallodetektorlar bilan tekshirmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 29 mart kungi yig‘ilishda Ichki ishlar vazirligi va Milliy gvardiya rahbariyati oldiga aholi gavjum joylarda sodir etilishi mumkin bo‘lgan terrorchilik harakatlari va boshqa favqulodda vaziyatlarning oldini olishga qaratilgan ta’sirchan choralarni ko‘rish vazifasini qo‘ydi. U ushbu choralarni amalga oshirishda tadbirkorlar va fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini so‘zsiz ta’minlash muhimligini qayd etdi.
Davlat rahbari fojianing ertasiga rossiyalik hamkasbi Vladimir Putin bilan qo‘ng‘iroqlashib, Rossiya xalqiga hamdardlik bildirgan edi. Yakshanba kuni O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov, dushanbada bosh vazir Abdulla Aripov Rossiyaning Toshkentdagi elchixonasida bo‘lib, ta’ziya izhor qildi. Elchixona oldiga ko‘plab o‘zbekistonliklar hamdardlik belgisi sifatida gullar va bolalar o‘yinchoqlarini olib keldi.
Terakt oqibatida halok bo‘lgan yoki jarohatlangan bir necha yuz kishi orasida O‘zbekiston fuqarolari yo‘qligi haqida hozircha yakuniy va aniq ma’lumot berilmadi. Ayni paytda, hodisa Rossiya jamiyatida migrantlarni xush ko‘rmaslik kayfiyatini kuchaytirgani kuzatilyapti. Ayniqsa, tojikistonlik migrantlarga nisbatan ksenofobiya holatlari ortdi. Rossiya politsiyasi teraktdan keyin migrantlar yashaydigan yotoqxonalarda reydlar o‘tkazdi. Davlat dumasidagi partiyalardan birining yetakchisi Markaziy Osiyo davlatlari bilan vizasiz rejimni bekor qilishga chaqirdi. Bu orada, migrantlarning ishlashiga cheklov kiritgan hududlar soni yana bittaga ko‘paydi: endi Novgorod oblastida patentga ega xorijliklar taksi va avtobus haydovchisi hamda alkogolli va tamaki mahsulotlari sotuvchisi bo‘lib ishlay olmaydi.
O‘zbekiston Migratsiya agentligining ogohlantirishicha, hozirgi vaziyatdan kelib chiqib Rossiyada bo‘lib turgan o‘zbekistonliklar besabab jamoat joylariga bormasligi, zarur hujjatlarni o‘zlari bilan olib yurishi, notanish yoki shubhali insonlar bilan muloqotga kirishmasligi maqsadga muvofiq. Telefon va boshqa qurilmalarda taqiqlangan materiallarni saqlamaslik, vokzal yoki aeroportga borayotganda belgilangan vaqtdan oldinroq borish ham tavsiya etilmoqda.
Bundan tashqari, Migratsiya agentligi Turkiyaga kirishda ham xavfsizlik choralari kuchaytirilgani haqida xabar berdi. Ma’lum bo‘lishicha, Istanbul aeroportida asosan 20−35 yoshlardagi xorijliklarga nisbatan kuchaytirilgan rejim amal qilmoqda. Yanvar-fevral oylarida O‘zbekistonning 163 fuqarosi Turkiyaga kiritilmagan. Ulardan 54 nafari avvalroq Turkiyaga borib, qonunbuzarlik sodir etgani uchun mamlakatga takroran kirmoqchi bo‘lganida qaytarib yuborilgan.
Bu voqealar fonida o‘zbekistonliklar uchun Kanada eshiklari qisman bo‘lsa-da ochilayotgani ma’lum bo‘ldi. Bandlik vazirligi kanadalik ish beruvchilar 5 mingta ish o‘rnini taklif etayotgani va nomzodlarni ro‘yxatga olish boshlanganini e’lon qildi. Birinchi bosqichda 18 yoshdan 45 yoshgacha bo‘lgan, ingliz, fransuz yoki ispan tilini biladigan qurilish sohasi vakillari ishga jalb etiladi. Nomzodlarda qurilish-ta’mirlash mutaxassisligi bo‘yicha guvohnoma, sertifikat yoki diplom bo‘lishi kerak. Nomzodlar haqidagi ma’lumotlarni ish beruvchi tashkilotlar ko‘rib chiqadi va ishga qabul qilishdan oldin xorijiy tilda suhbat o‘tkaziladi. Ish haqi soatiga 12,5 dollardan 30 dollargacha bo‘lishi ma’lum qilindi.
Avtomobil importiga yangi cheklov kiritilishi mumkin
O‘zbekistonda fuqarolarning tijorat maqsadida xorijdan avtomobil olib kirishi taqiqlanishi mumkin. Ma’lum bo‘lishicha, bu borada Texnik tartibga solish agentligi tomonidan Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi ishlab chiqilgan. Loyihada 1 apreldan boshlab avtotransport vositasi uchun muvofiqlik sertifikati kimning nomiga berilgan bo‘lsa, avtomobilni bojxonada faqat o‘sha shaxsning nomiga rasmiylashtirish haqida so‘z boradi. Agar bu qaror qabul qilinsa, bojxona ombori rejimidagi tovarni boshqa shaxsga o‘tkazish mumkinligi haqidagi norma avtotransport vositalariga nisbatan tatbiq etilmaydi.
Bu o‘zgarish ro‘y bergan taqdirda, amalda rasmiy dilerlardan boshqa importyorlarning O‘zbekistonga avtomobil olib kirishi qiyinlashadi. Chunki hozirda ko‘plab importyorlar Xitoy bozoridagi mashinalarni jismoniy shaxs sifatida sotib olib, uni O‘zbekistonga olib kirishda yuridik shaxs, ya’ni avtosalon nomiga o‘tkazgan holda, birlamchi bozorda sotib kelyapti.
Eslatib o‘tamiz, “inomarka”larni faqat dilerlar tomonidan import qilish tartibini tiklash va jismoniy shaxslarning tijorat maqsadida avtomobil olib kirishini taqiqlash masalasi ko‘rib chiqilayotgani dekabr oyida ma’lum bo‘lgandi. Ayni paytda, avval xabar berilganidek, “O‘zavtosanoat” va hukumat vakillari BYD brendi ostidagi avtomobillarning dilerlik tarmog‘idan tashqaridagi importini cheklash ustida ham bosh qotirmoqda.
Haydovchilarga taalluqli boshqa xabarlar
Avtomobil bozoridagi o‘tkir defitsitning oqibati bo‘lmish firibgarlik holatlari davom etyapti. Kuni kecha Shayxontohur tuman sudi Alisher Navoiy ko‘chasidagi “My Cars” nomli avtosalonning 3 nafar asoschisiga nisbatan hukm o‘qidi. Hukmga ko‘ra, avtosalon egalari 2022-2023 yillarda fuqarolarni ular go‘yoki GM Uzbekistan bilan shartnoma tuzgani va avtomobillarni 3 oy ichida yetkazib berishini aytib, 74 nafar fuqaroning jami 6 mlrd 155 mln so‘mlik pullarini firibgarlik yo‘li qo‘lga kiritgan. Buning uchun sudlanuvchilarga 8-9 yilgacha ozodlikdan mahrum etish jazolari tayinlandi.
Yanvar oyida Raqobat qo‘mitasi 10 dan ortiq avtolizing firmalarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgani haqida xabar bergandi. Ularning ish sxemasi moliyaviy piramidaga o‘xshab ketadi: qisqa muddatda yangi avtomobil olib berish va’dasi bilan odamlarning pullarini olib, olingan pullarni qaytarib berishni cho‘zib yuradi, majburiyatlarini qisman yangi mijozlardan olingan pullar hisobiga qoplaydi.
Haftaning haydovchilar uchun muhim yangiliklari qatorida 25 mart kungi hukumat qarori ham bor. Qarorga asosan, 1 iyuldan boshlab nihoyat yo‘llar bo‘yida joylashgan maktablar oldida radarlar o‘rnatish boshlanadi. Hujjatda to‘rt va undan ko‘proq tasmali yo‘llardagi piyodalar o‘tish joylarida, yo‘l-transport hodisalari ko‘p sodir bo‘ladigan nuqtalarda va temiryo‘l kesishmalarida ham fotoradarlar o‘rnatilishi ko‘zda tutilgan. Bu ishlar 2024-2026 yillar davomida “Xavfsiz shahar” konsepsiyasi doirasida amalga oshiriladi.
Haydovchilarni, shuningdek, metan-shoxobchalarda narxlar o‘zgarishi ham kutyapti. O‘tgan yili sentabrda qabul qilingan hukumat qarori bilan, 6 oy davomida avtomobillarga gaz to‘ldirish shoxobchalarida metan narxini 3250 so‘mdan oshirmaslik vazifasi qo‘yilgan edi. 1 apreldan bu muddat yakuniga yetadi va chakana narxlar oshishi mumkin. Kun.uz bog‘langan rasmiylarning ma’lum qilishicha, metan-shoxobchalardagi narxlar davlat tomonidan tartibga solinmaydi, narxni tadbirkorlar mustaqil ravishda belgilaydi.
Prezident Namanganda iftorlik qildi
Namangan viloyati shu yil oxirigacha elektr energiyaga bo‘lgan o‘z ehtiyojini 130 foizga, ya’ni ortig‘i bilan qondira oladigan bo‘ladi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyevning shu hafta viloyatga tashrifi vaqtida ma’lum qilindi. Bunday natijaga Norin daryosida gidroelektr stansiyalar kaskadi va Pop tumanida ikkita quyosh elektr stansiyalari qurilishi hisobiga erishilishi reja qilingan. Davlat rahbari tashrifi vaqtida jami 1228 megavattli bu uchta yangi stansiya qurilishini boshlab berdi. Uchala stansiya ham yil oxirigacha tarmoqqa ulanishi, natijada Namangan viloyatining elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyoji to‘liq qondirilishi, ortgan 30 foiz energiya Andijon va Farg‘ona viloyatlariga yo‘naltirilishi aytilmoqda.
Tashrif davomida Namangandagi 6 ta tuman va shaharda joylashgan 16 ta ixtisoslashgan tibbiyot markazi negizida birinchi va ikkinchi Namangan tibbiyot markazlari tashkil etilishi, viloyat markazida gemodializ markazi ish boshlashi, Qirg‘iziston bilan chegarada bojxona posti ochilishi, aholini o‘z tomorqasidan 60-70 mln so‘m daromad olishga o‘rgatish bo‘yicha Sayxunobod tajribasi Uychi tumanida ham tatbiq etilishi va boshqa yangiliklar e’lon qilindi. 200 ming aholiga mo‘ljallab qurilayotgan Yangi Namangan shahri loyihasi taqdimot qilindi. Prezident viloyatda zargarlikka alohida e’tibor qaratish, Turkiya tajribasi asosida oltinni qayta ishlash bo‘yicha yirik markazni ishga tushirishga topshiriq berdi. Shavkat Mirziyoyevning aytishicha, O‘zbekiston yiliga 100 tonna oltin qazib oladi, lekin uning bor-yo‘g‘i 6 foizini qayta ishlaydi. Navoiy kon-metallurgiya kombinati shu hafta bergan ma’lumotga ko‘ra, 2016 yildan keyingi davrda O‘zbekistonda oltin qazib olish hajmi 25 foizga oshgan.
25 mart, Namanganga tashrifning birinchi kunida prezident O‘zbekiston bo‘ylab o‘tkazilgan iftorlikda ishtirok etdi. Namanganda yozilgan iftorlik dasturxoniga Farg‘ona va Andijon viloyati nuroniylari ham taklif etildi, Qur’on oyatlari tilovat qilinib, yurtga tinchlik so‘rab duo qilindi. Iftorlik doirasida prezident nuroniylar bilan suhbatda bo‘lib, ular orasidan namanganlik 108 yoshli Ibrohimjon hoji ota Xo‘jayevga hayitlik sifatida Traverse avtomobilini sovg‘a qildi.
Korrupsion jinoyatlar statistikasi
O‘zbekistonda korrupsiyaga qo‘l urgan jinoyatchilarning aksariyatiga ozodlikdan mahrum etish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo tayinlanadi. Shu hafta Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi ochiqlagan statistikaga ko‘ra, o‘tgan yili respublika bo‘yicha 6535 nafar shaxs korrupsion jinoyat doirasida javobgarlikka bo‘lsa, ulardan faqat 1076 nafari, ya’ni 16,4 foizi ozodlikdan mahrum etilgan. 2022 yilda bu ko‘rsatkich 20 foiz bo‘lgan, ya’ni o‘tgan bir yil davomida korrupsionerlarni qamash darajasi kamaygan.
Agentlikka ko‘ra, eng ko‘p kuzatilayotgan korrupsiya turlari – talon-toroj qilish, pora berish va firibgarlik jinoyatlari bo‘lib qolmoqda. 2023 yilda korrupsiyaga oid jinoyat ishlari soni 11 foizga, korrupsiyaga oid jinoyat ishida javobgarlikka tortilganlar soni 12 foizga kamaygan. E’tiborlisi, butun respublikada korrupsiya darajasi kamaygan bir paytda, Andijon, Sirdaryo va Surxondaryo viloyatlarida bu ko‘rsatkich oshgan.
Andijon va Surxondaryo viloyatlari Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining shu haftadagi boshqa bir hisobotida ham salbiy izoh bilan eslab o‘tildi. Agentlik bu ikki viloyat hokimliklarining korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha qilayotgan ishlarini ketma-ket ikkinchi yil “qoniqarsiz” deb baholadi. Umuman, korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining holati bo‘yicha “qizil” toifaga jami 15 ta davlat idorasi kiritilgan, ular orasidan O‘zenergoinspeksiya, Kinematografiya agentligi va Suv xo‘jaligi inspeksiyasi 100 ballik tizimda hatto 10 ball ham to‘play olmagan. Davlat idoralari orasida Tog‘-kon vazirligi, Markaziy bank, Texnik tartibga solish agentligi, “O‘zkimyosanoat” va “O‘zbekneftgaz” 100 balldan 90 va undan yuqori ball olgani e’tiborga loyiq.
Hafta davomida, shuningdek, fuqarolik ishlari bo‘yicha Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumanlararo sudyasi pora bilan ushlangani ma’lum bo‘ldi. Sudyalar oliy kengashi uni jinoiy javobgarlikka tortishga rozilik bergan. Kun.uz manbasiga ko‘ra, A.B. ismli sudya pora tariqasida 200 dollar olganlikda gumonlanyapti.
Bu hafta yana nimalar ro‘y berdi?
29 mart – juma kuni Toshkentda “Avtomobilsiz kun” aksiyasi o‘tkazildi. Prezident farmoniga ko‘ra, bunday aksiyalarda aholi avtomobillarning ekologiyaga zararini kamaytirish uchun jamoat transportida yurishga targ‘ib qilinadi. Davlat xizmatchilariga bu borada namuna bo‘lish topshirilgan. 29 mart kungi ilk aksiyada, masalan, ekologiya vaziri Aziz Abduhakimov va oliy ta’lim vaziri Kongratbay Sharipov ishga metroda, transport vaziri Ilhom Mahkamov metro va avtobusda, Bojxona qo‘mitasi raisi Akmalxo‘ja Mavlonov esa velosipedda keldi, poytaxt jamoat transportida yana bir qator amaldorlar ko‘rinish berdi. Toshkent shahar hokimligi esa shu kuni hokimlikning avtoturargohi bo‘sh turgani haqida xabar berdi – hokim Shavkat Umrzoqovning tanlovi ma’lum qilinmadi. “Avtomobilsiz kun” aksiyasi bundan buyon har oyning to‘rtinchi chorshanbasida o‘tkazib boriladi.
Barcha hududlardagi ekologiya boshqarmalari boshliqlariga sinov muddati tayinlandi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev “Yashil makon” loyihasi bo‘yicha o‘tkazilgan juma kungi yig‘ilishda ma’lum qilindi. Yig‘ilishda ta’kidlanishicha, jami 27 ta tuman-shaharda, xususan Toshkent shahrining 12 ta tumanida bahorgi mavsumda daraxt ko‘chatlari ekish rejasi 30 foizga ham bajarilmagan. Bu boradagi sustkashligi uchun respublika bo‘yicha 28 nafar mansabdorga intizomiy jazo qo‘llangan. Shuningdek, har bir viloyatdagi 2 tadan, jami 26 ta tumanda tajriba tarzida obodonlashtirish boshqarmalarining vazifalari xususiy sheriklik asosida chiqindi korxonalariga o‘tkaziladigan bo‘ldi. Sinov natijalariga ko‘ra, bu tizim 2025 yildan barcha tuman va shaharlarda yo‘lga qo‘yilishi mumkin.
Toshkent viloyatida “mahalla yettiligi” a’zolarining ishga kelib-ketishi bo‘yicha davomat yuritiladigan bo‘ldi. Viloyat hokimi Zoyir Mirzayevning qarori bilan, “mahalla yettiligi”, ya’ni hokim yordamchisi, xotin-qizlar faoli, yoshlar yetakchisi, profilaktika inspektori, ijtimoiy xodim va soliq inspektorining ishga kelib-ketishi bo‘yicha davomat-tabel yuritish haqidagi yo‘riqnoma tasdiqlandi. Ularning mehnatiga haq to‘lashda ana shu tabelga qaraladi.
O‘zbekiston 2024 yilda Rossiyadan gaz importini 3 barobarga ko‘paytirishni rejalashtirmoqda. Qozog‘iston Energetika vazirligining ma’lum qilishicha, “Gazprom” va Qozog‘iston hukumati o‘rtasida imzolangan shartnomaga muvofiq, Qozog‘iston tomoni O‘zbekistonga rus gazi transportirovkasini 2023 yildagi 1,3 mlrd kub metrdan 2024 yilda 3,8 mlrd kub metrgacha oshirishi ko‘zda tutilgan. Avvalroq bu hajm 2026 yildan boshlab 11 mlrd kub metrga yetkazilishi mumkinligi xabar qilingandi. Shu kunlarda ma’lum bo‘lishicha, o‘tgan yili “O‘zbekneftgaz”ning sof foydasi 2 barobarga, oxirgi uch yil ichida esa 5 barobarga kamaygan.
Mavzuga oid
20:00 / 16.11.2024
Piskentdagi ko‘rgilik, panel importiga cheklov va Yevropani yoritadigan O‘zbekiston - hafta dayjesti
20:00 / 09.11.2024
Mashina importiga yangi to‘siq, ikki karra qimmatlagan propan va “zamhokim”ga 2 mln $ pora - hafta dayjesti
21:45 / 02.11.2024
Yo‘llardagi qoidabuzarliklar uchun yangi jarimalar, ochilgan «is gazi mavsumi» va saylov yakunlari - hafta dayjesti
21:48 / 26.10.2024