Istanbulda yong‘in: kamida 29 kishi halok bo‘lgan
Binoning yerto‘la qismida ta’mirlash ishlari olib borilayotgandi.
Turkiyaning Istanbul shahridagi turar joy binosida seshanba kuni ro‘y bergan yong‘in oqibatida 29 kishi halok bo‘lgan.
Bungacha hudud gubernatori Dovud Gul hodisa oqibatida 25 kishi halok bo‘lib, uch kishi og‘ir jarohatlangan holda shifoxonaga yotqizilganini ma’lum qilgandi.
«Yong‘in qurbonlari soni 29 kishiga yetdi. Yong‘in vaqtida jarohatlangan bir kishini davolash ishlari davom ettirilmoqda, binoda ham ish olib borilmoqda», – degan u.
Uning xabar berishicha, mahalliy vaqt bilan soat 12:47 da G‘ayrattepa tumanidagi 16 qavatli turar joy binosining yerto‘lasida ta’mirlash ishlari olib borilayotgan mahalda yong‘in chiqqan. Yerto‘laning ikki qavatida Masquerade nomli tungi klub joylashgan edi.
G‘ayrattepa Istanbulning markaziy tumani bo‘lmish Beshiktosh tarkibiga kiradi.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, qurbonlarning ko‘pchiligi – klubda ish olib borayotgan quruvchilar bo‘lgan.
Rasmiylar yong‘in sababini o‘rganish bo‘yicha tekshiruv olib bormoqda. Mahalliy nashrlarga ko‘ra, ish doirasida besh kishi qo‘lga olingan.
• İtfaiye ekipleri 31 araç ve 86 personelle müdahale etti
— Anadolu Ajansı (@anadoluajansi) April 2, 2024
• Ekiplerin çalışması sonucu yangın söndürüldü
İstanbul Gayrettepe'de eğlence merkezinde çıkan yangında 25 kişi hayatını kaybetti https://t.co/DRCjHc9rQq pic.twitter.com/rpXBJ7Mv9U
Olovni o‘chirish uchun jami 80 dan ortiq o‘t o‘chiruvchi va 30 ta texnika jalb etilgan.
Istanbul meri Akrom Imomo‘g‘li voqea joyiga kelib, qurbonlar va jabrlanganlarning yaqinlariga hamdardlik bildirgan.
«Qurbonlar soni oshmasligiga umid qilamiz», – degan u.
Istanbul gubernatori Dovud Gul ham tekshiruvchilar bilan birgalikda yong‘in joyiga kelgan va jurnalistlarga yonib ketgan muassasa uchun litsenziya 1987 yilda berilgani va 2018 yilda muddati uzaytirilgani haqida ma’lum qilgan.
U binoda portlash ro‘y bergani ehtimolini istisno etgan.