O‘zbekiston | 11:24 / 17.05.2024
3603
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda maktabga o‘yinchoq pichoq olib kelgan o‘quvchining ota-onasi jarimaga tortildi

Ijtimoiy tarmoqda Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 187-maktabda qo‘lida pichoq bo‘lgan o‘quvchi aks etgan videolavha tarqaldi. Toshkent shahar maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi holat yuzasidan rasmiy ma’lumot berdi.

Foto: Kun.uz

Qayd etilishicha, voqea joriy yilning 6 may kuni sodir bo‘lgan. Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 187-maktabning 11-«J» sinf o‘quvchisi I.J. maktabga o‘rtoqlariga maqtanish maqsadida pichoq ko‘rinishidagi o‘tmas jism (o‘yinchoq) olib kelgan va tanaffus vaqtida atrofidagilarga ko‘rsatib maqtangan. U bu jarayonni o‘zining telefoniga s’yomka qilgan

O‘quvchilar tomonidan maktab direktoriga xabar berilgan. O‘quvchi va uning ota-onasi bilan mahalla inspektori, maktab rahbariyati va Milliy gvardiya xodimlari ishtirokida sodir etilgan xatti-harakati yuzasidan profilaktik tushuntirish ishlari olib borilgan. Voyaga yetmagan o‘quvchining ota-onasiga nisbatan MJtKning 47-moddasiga asosan jarima jazosi qo‘llangan.

Ayni vaqtda, o‘quvchi J.I. o‘zining xatti-harakatiga nisbatan ko‘rilgan choradan noroziligini maktab ma’muriyati va Milliy gvardiya xodimiga bildirgan hamda videolavhani ijtimoiy tarmoqqa joylashtirgan, deyiladi Toshkent shahar MMTB axborot xizmati xabarida. 

Mavzuga oid