Jahon | 20:26 / 17.07.2024
3222
3 daqiqa o‘qiladi

Moskva sudlarida «migrantlar ishi» bo‘yicha hukmlar soni oshdi – OAV

Yil boshidan beri Moskva sudlari migrantlarga daxldor ma’muriy moddalar bo‘yicha 27 mingdan ortiq qaror chiqargan.

Foto: RIA Novosti

Yilning birinchi yarmida Moskva sudlari migrantlar ma’muriy huquqbuzarliklari bo‘yicha 27 mingga yaqin qaror chiqardi. Bu haqda RBK xabar berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, sudlar 3 iyundan 9 iyungacha bo‘lgan davrda 2336 ta ish bo‘yicha maksimal darajada ko‘p qaror chiqargan, bu Krokus Siti Xolldagi teraktdan keyingi haftadagi qarorlardan deyarli 1,5 baravar ko‘p (1441 ta qaror).

Umuman olganda, yil boshidan beri Moskva sudlari uchta ma’muriy modda bo‘yicha 27 mingdan ortiq qaror chiqargan. Ular: «Chet ellik yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxs tomonidan Rossiya Federatsiyasiga kirish qoidalarini yoki Rossiyada bo‘lish rejimini buzish», «Chet el fuqarosi tomonidan Rossiya Federatsiyasida mehnat faoliyati qoidalarini buzish» va «Ma’muriy chiqarib yuborishdan bo‘yin tovlash» moddalari.

O‘tgan yilning shu davrida Moskva sudlari xuddi shu moddalar bo‘yicha 23 mingdan ortiq qaror chiqargan. Yillik o‘sish 17,4 foizni tashkil etgan.

Rossiya IIV statistik ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yil yanvar-aprel oylari davomida migratsiya qonunchiligi buzilishi holatlarini aniqlash bo‘yicha 100 mingta tadbir o‘tkazilgan. 2024 yil birinchi choragida chet elliklar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga nisbatan 676 mingdan ortiq ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risida bayonnomalar tuzilgan, bu o‘tgan yilga nisbatan 18,7 foizga ko‘pdir. Migratsiya sohasidagi huquqbuzarliklar ulushi 490,1 mingtani tashkil etgan (o‘tgan yilga nisbatan 3,4 foizga ko‘p).

Bundan tashqari, birinchi chorak yakunlari bo‘yicha Rossiya hududidan chet elliklarni chiqarib yuborish bo‘yicha 38,54 mingta qaror qabul qilingan (bu ma’muriy tartibda chiqarib yuborish va deportatsiyani o‘z ichiga oladi). Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 28,5 foizga ko‘pdir. Birinchi chorakda Rossiyadan 22 mingga yaqin xorijlik chiqarib yuborilgan, bu o‘tgan yilgidan (12 ming) deyarli ikki barobar ko‘pdir.

Mavzuga oid