Jahon | 12:53
1528
4 daqiqa o‘qiladi

DTEK YeTTBning kompaniyani moliyalashtirishdan bosh tortganiga izoh berdi

Ukraina energetika operatori YeTTB prezidentining bankning Rinat Axmetov tuzilmalariga kredit berishni istamasligi haqidagi izohlaridan «hafsalasi ip bo‘ldi». Kompaniyaning ta’kidlashicha, uning aksiyadori «qat’iy ravishda oligarx hisoblanmaydi».

Foto: Evgeniy Maloletka/AP/picture alliance

Ukrainaning DTEK elektr energiyasi operatori Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining (YeTTB) biznesmen Rinat Axmetovning unga ta’siri tufayli kompaniyani moliyalashdan bosh tortgani haqidagi bayonotiga izoh berdi. «DTEK guruhi YeTTB rahbarining kompaniya va uning aksiyadori haqidagi yolg‘on ma’lumotlardan iborat izohlaridan hafsalasi pir bo‘ldi», — deyiladi kompaniyaning 26 noyabr, seshanba kuni e’lon qilingan bayonotida.

Kompaniyaning ta’kidlashicha, Ukraina uchun muhim elektr energiyasining 12 foizini ishlab chiqaradigan DTEK na Ukraina, na Yevropa qonunlariga ko‘ra monopolist emas. «Yevropa komissiyasi bilan kelishilgan oligarxiyaga qarshi qonun qabul qilinganidan keyin kompaniya aksiyadori mutlaqo oligarx hisoblanmaydi», — deyiladi bayonotda. Shuningdek, DTEK g‘arb hamkorlari bilan Rossiya tomonidan vayron qilingan infratuzilmani tiklash va Ukraina energetika tizimini Yevropa tizimiga integratsiyalash bo‘yicha ish olib borayotgani qayd etilgan.

Bir kun avval operator AQSh hukumati va Yevrokomissiya DTEK'ga Rossiya zarbalari natijasida vayron bo‘lgan quvvatlarni tiklash va elektr stansiyalarini qishga tayyorlash uchun 106,6 million yevro miqdorida yordam berishini ma’lum qilgan edi. DTEK ta’kidlashicha, har qanday moliyaviy yordam olishda kompaniya «korrupsiyaga qarshi qat’iy bo‘ladi va shaffoflik choralariga rioya qiladi».

Kompaniyaning rasmiy veb-saytida «DTEK guruhi 100 foizga SCM Limited kompaniyasiga tegishli. Yakuniy benefitsiar Rinat Axmetov» deb yozilgan.

YeTTB Ukrainaning DTEK energooperatorini moliyalashtirmaydi

Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YeTTB) Rossiya armiyasi tomonidan o‘qqa tutish oqibatida mamlakat energetika sohasida yuzaga kelgan og‘ir vaziyatga qaramay, Ukrainaning DTEK elektr operatoriga yordam bermaydi. Bu haqda Italiyaning Corriere della Sera nashri 24 noyabr kuni YeTTB prezidenti Odil Reno-Bassoga tayanib yozmoqda.

Reno-Bassoning so‘zlariga ko‘ra, bankning bunday qarori mahalliy oligarxlarga tegishli Ukraina kompaniyalariga yordam berishni istamaslik bilan bog‘liq. DTEK egasi esa Ukrainaning eng boy odami Rinat Axmetov bo‘lib, uning boyligi kamida to‘rt milliard dollarga baholanadi.

«Iqtisodiyotni oligarxlar ta’siridan ozod qilish maqsadi mutlaqo fundamentaldir va biz bu borada juda qat’iy nuqtayi nazarga egamiz: bu Ukrainaning Yevropa Ittifoqiga qo‘shilishi uchun amalga oshirilishi kerak bo‘lgan islohotlarning bir qismidir», — deydi bank prezidenti. 

Uning qo‘shimcha qilishicha, bu masalada murosaga kelish «uzoq muddatda mamlakat istiqboliga putur yetkazadi». Uning fikricha, vaziyatni o‘zgartirish uchun Axmetovning kompaniya ustidan nazoratini zaiflashtirish maqsadida «kengroq islohotlar» va «tuzilmani o‘zgartirish» kerak. «Urush paytida oligarxlarning roli zaiflashdi, ammo undan keyin hamma narsa boshqacha bo‘lishi mumkin», deya qo‘shimcha qildi u.

YeTTB Yevropa instituti bo‘lmasa-da, uning aksiyadorlari qatoriga Yevropa Ittifoqi, uning barcha a’zolari va Yevropa investitsiya banki kiradi.

Mavzuga oid