Jahon | 13:34 / 06.03.2025
4262
10 daqiqa o‘qiladi

HAMAS bilan muzokara o‘tkazgan AQSh, Arab davlatlari ligasining bayonoti va Panamadagi portlardan voz kechgan Xitoy - kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtiramiz.

AQSh HAMAS bilan muzokara o‘tkazgan

AQSh garovdagilarni ozod etish va G‘azo urushiga chek qo‘yish maqsadida HAMAS bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar o‘tkazgan. Axios’ga ko‘ra, ushbu muzokaralar Isroil bilan kelishilmagan va Tel Aviv bu haqda «boshqa kanallar orqali» xabar topgan.

Muzokaralarni AQSh prezidentining garovdagilar bo‘yicha maxsus vakili Adam Beler olib borgan va HAMAS vakillari bilan Dohada uchrashgan. Bu AQShning HAMAS bilan ilk bevosita muloqotidir. Vashington 1997 yildan beri ushbu guruhni terrorchi tashkilot sifatida tan olib kelgan.

Hozirda HAMAS qo‘lida isroillik 59 kishi garovda saqlanmoqda, ularning 35 nafari vafot etgan. Ular orasida besh nafar amerikalik bor, ammo ulardan faqat bir kishi tirik ekani taxmin qilinmoqda.

Bu orada HAMAS tomonidan ozod qilingan garovdagilardan 7 kishi AQShga keldi. AQSh prezidenti Donal Tramp esa HAMASga so‘nggi ogohlantirish bilan chiqdi. U HAMASdan garovda ushlab turilgan barchani ozod qilishni, o‘lganlarning jasadlarini qaytarishni, harakat rahbariyatini esa G‘azoni tark etishga chaqirdi. «Agar bunday qilmasangiz, o‘ldim deb hisoblayvering. Aqlli qaror qabul qiling. Agar garovdagilar hoziroq ozod qilinmasa, keyingi hayotlaring jahannam bo‘ladi», — degan Tramp o‘z murojaatida. 

Arab davlatlari ligasidan keskin bayonot

Arab davlatlari ligasining Misr poytaxti Qohirada o‘tkazilgan navbatdan tashqari sammitida Isroilning G‘azoga insonparvarlik yordamlarini to‘xtatish qarori keskin qoralandi. Liderlar Isroilning G‘arb sohilidagi zo‘ravonligi va muqaddas joylarga tajovuzini qoralab, ularni himoya qilish muhimligini ta’kidlashdi.

Liga xalqaro hamkorlik orqali Yaqin Sharqda barqaror tinchlik o‘rnatish zarurligini bildirdi. Qohirada G‘azoni qayta tiklash bo‘yicha xalqaro konferensiya o‘tkazilishi rejalashtirilgan. G‘azo sektori xavfsizligi faqat falastinliklar mas’uliyatida bo‘lishi kerakligi ta’kidlandi.

Shuningdek, BMT Xavfsizlik Kengashidan G‘azoda xalqaro tinchlikparvar kuchlar joylashtirish talab qilindi. Liga 1967 yil chegaralarida Falastin davlatchiligini qo‘llab-quvvatlashni yana bir bor tasdiqladi.

Arab davlatlari ligasi favqulodda sammiti qatnashchilari Misrning Isroil hujumlaridan vayron bo‘lgan G‘azoni tiklash rejasini qabul qilishdi. Rejaga ko‘ra 53 mlrd dollar xarajat talab etiladi va falastinliklarni ko‘chirish nazarda tutilmaydi.

Ash-Shar’a: Isroil kengayishni xohlamoqda

Suriya prezidenti Ahmad ash-Shar’a Isroilning Suriyaga qilgan havo hujumlarini ularning «bosqinchilik niyatlari» bilan izohladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Isroil xavfsizlik bahonasi ostida hududiy nazoratini kengaytirishga harakat qilmoqda.

U Arab davlatlari ligasi sammitida xalqaro hamjamiyatni Isroilga bosim o‘tkazib, uni janubiy Suriyadan chiqarishga majbur qilishga chaqirdi. Ash-Shar’a falastinliklarni o‘z yeridan siqib chiqarishga urinish arab dunyosi uchun qabul qilib bo‘lmas ekanini ta’kidladi.

Suriyadagi hokimiyat o‘zgarishidan keyin Isroil Jo‘lan tepaliklaridagi demilitarizatsiya qilingan hududni egallab, harbiy zarbalarni kuchaytirdi. Ash-Shar’a Suriyaning Liga arab davlatlariga qaytishini «arab birdamligini mustahkamlash» deb baholadi.

Isroil Misrga ogohlantirish bilan chiqdi

Isroil mudofaa vaziri Israel Kats Misrga 1979 yildagi tinchlik kelishuvini buzishga yo‘l qo‘yilmasligini bildirdi. U bu haqda sobiq bosh vazir Menahem Beginning vafotiga bag‘ishlangan marosimda gapirdi.

Isroil rasmiylari so‘nggi oylarda Misr qurolli kuchlarining faollashuvidan xavotir bildirmoqda. Muxolifat vakillari G‘azo aholisini Sinay yarimoroliga ko‘chirish taklifini ham ilgari surdi. Shuningdek, Isroil armiyasi rahbarlari Misr harbiy qudratining o‘sishini kuzatib borish kerakligini ta’kidlamoqda.

Misr diplomatlari o‘z armiyasini himoya qilib, davlat xavfsizligini ta’minlash uchun kuchli qurolli kuchlar zarurligini ta’kidladi. Qohira hozircha Isroilning rasmiy bayonotiga javob bergani yo‘q.

AQSh Ukrainaga razvedka yordamini to‘xtatdi

Donald Tramp ma’muriyati Ukraina bilan razvedka ma’lumotlari almashishni vaqtincha to‘xtatganini tasdiqladi. Markaziy razvedka boshqarmasi direktori Jon Retkliff va milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchi Maykl Uolts bu qaror Kiyevga harbiy yordamni qayta ko‘rib chiqish jarayonining bir qismi ekanini ma’lum qildi.

AQSh Buyuk Britaniyaga ham Ukrainaga Amerikaga tegishli razvedka ma’lumotlarini uzatishni taqiqladi, deb xabar berdi Daily Mail. Bu qaror Britaniyaning GCHQ, mudofaa vazirligi va harbiy razvedka xizmatlarining faoliyatiga ta’sir qilishi mumkin.

Axios manbalariga ko‘ra, bu chora Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyni AQSh shartlari asosida Rossiya bilan muzokara o‘tkazishga majbur qilish uchun qo‘llanmoqda. Zelenskiy ham bu orada muzokaralarga tayyorligini bildirdi va Trampning qudratli rahbarligi ostida tinchlik jarayonida ishtirok etishga tayyor ekanini e’lon qildi.

Tramp Ukrainadagi urushni yakunlashga qat’iy harakat qilmoqda. Vashington Kiyevga qurol yetkazib berishni va razvedka almashishni muzokaralar boshlanishigacha to‘xtatishini ma’lum qildi.

AQSh Ukrainaga harbiy yordam shartlarini sanadi

Oq uy Ukrainaga harbiy yordamni qayta tiklash uchun tinchlik muzokaralari o‘tkazish va «ishonchning mustahkamlash choralari»ni amalga oshirish talab etilishini ma’lum qildi. Bu haqda AQSh milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Maykl Uolts xabar berdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Vashington Ukraina bilan muzokaralar joyi va sanasi bo‘yicha muhokamalar olib bormoqda. Tramp 3 mart kuni Ukrainaga yordamni to‘xtatgan edi, ammo 4 martda Kongressda Zelenskiydan muzokaralarga tayyorligini tasdiqlovchi maktub olganini ma’lum qildi.

Zelenskiy AQSh bilan foydali qazilmalar bo‘yicha kelishuv imzolash va urushni tugatish yo‘lida harakat qilishga tayyorligini bildirdi.

Bu orada Rossiya tomoni uch tomonlama muzokara o‘tkazish uchun Belarus poytaxti Minsk eng qulay va maqbul joy ekanligini bildirdi. Oq uy esa Ukrainani moliyalashtirishni to‘xtatish masalasi kun tartibiga chiqqanini ma’lum qildi.

Tramp hamon Grenlandiyani qo‘shib olish niyatida

AQSh prezidenti Donald Tramp Grenlandiyani «har qanday yo‘l bilan» Amerika nazorati ostiga olishga harakat qilishini yana bir bor ta’kidladi.

Kongressdagi chiqishida u orol aholisining o‘z taqdirini o‘zi belgilash huquqini qo‘llab-quvvatlashini bildirib, «Agar xohlasangiz, sizlarni AQSh tarkibida mamnuniyat bilan qabul qilamiz», dedi.

Shu bilan birga, Tramp Grenlandiyaning strategik ahamiyatini eslatib, orolni AQSh milliy xavfsizligi uchun zarur hudud, deb atadi. U bu borada barcha manfaatdor tomonlar bilan ish olib borilayotganini ma’lum qildi.

Grenlandiya va Daniya rasmiylari bu bayonotni rad etdi. Joriy so‘rovlarga ko‘ra, grenlandiyaliklarning 85 foizi AQShga qo‘shilishga qarshi. Daniya bosh vaziri bu g‘oyani «absurd» deb atagan bo‘lsa, Grenlandiya yetakchisi «biz amerikalik bo‘lmoqchi emasmiz», dedi.

Xitoy Panama portlaridan voz kechdi

BlackRock konsorsiumi Xitoyning Hutchison kompaniyasidan Panama kanalining ikki asosiy portini 19 mlrd dollarga sotib oldi. Balboa va Kristobal portlari o‘nlab yillar davomida Hutchison tomonidan boshqarilgan, ammo AQSh bosimi ostida Xitoy kompaniyasi aktivlarini sotishga majbur bo‘ldi.

Financial Times’ning yozishicha, mazkur kelishuv AQSh prezidenti Donald Trampning Xitoyning strategik yo‘llarga ta’sirini cheklashga qaratilgan bosimi natijasida amalga oshirilmoqda.

Donald Tramp Xitoyning Panama kanalini nazorat qilishiga qarshi chiqib, hatto harbiy intervensiya ehtimolini tilga olgan edi. Panama hukumati kelishuvni biznes manfaatlari doirasida deb baholadi.

BlackRock, Global Infrastructure Partners va Terminal Investment Limited kompaniyalari Hongkongning Panama portlariga egalik qiluvchi CK Hutchison kompaniyasining 90 foiz aksiyalarini qo‘lga kiritadi. Shuningdek, kelishuv Britaniya, Germaniya, Janubi-sharqiy Osiyo, Yaqin Sharq va Avstraliyadagi 43 ta portni o‘z ichiga oladi.

Bu geosiyosiy jihatdan muhim qaror bo‘lib, Panama kanali orqali jahon savdosining 5 foizi va AQSh konteyner yuklarining 40 foizi o‘tadi.

Xitoy harbiy xarajatlarni oshirmoqda

Xitoy 2025 yilning boshidagi 5 foizlik iqtisodiy o‘sish fonida mudofaa budjeti 7,2 foizga oshirilishini ma’lum qildi. Bu iqtisodiy o‘sish prognozidan yuqori bo‘lib, mamlakat mudofaa xarajatlari 1,8 trln yuan (249 mlrd dollar) ga yetishi kutilmoqda.

Butunxitoy xalq vakillarining 14-yig‘inida XXR raisi Si Jinping va hukumat rahbarlari iqtisodiy rivojlanish rejalarini muhokama qildi. Unda ishsizlik darajasini 5,5 foizdan oshirmaslik, 12 mln yangi ish o‘rinlari yaratish va inflatsiyani 2 foiz atrofida ushlab turish maqsad qilib qo‘yildi.

Hukumat ichki iste’mol va yangi texnologiyalar, jumladan sun’iy intellekt va kvant sohasini rivojlantirishga ustuvor ahamiyat qaratishini ta’kidladi.

Mavzuga oid

E`lonlar