O‘zbekiston | 17:53 / 07.12.2020
10299
2 daqiqa o‘qiladi

Pandemiya tufayli O‘zbekistonda 1 milliondan ziyod bola kambag‘allashishi mumkin – YUNISEF

Pandemiya oqibatida mamlakatda 900 mingdan ko‘proq odam kambag‘allik yoqasida turibdi.

Foto: REUTERS/Ina Fassbender

YUNISEF O‘zbekistonda aholining ijtimoiy zaif qatlamlariga koronavirus pandemiyasining ta'siri bo‘yicha tahlillarini ma'lum qildi. Unga ko‘ra, pandemiya oqibatida mamlakatda 300 mingdan 1,2 mln nafargacha bola kambag‘allikka tushib qolishi mumkin, deya xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

Parlament a'zolari va xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirokida o‘tkazilgan «Zamonaviy dunyo muammolariga qarshi tura oladigan ijtimoiy himoya tizimi» davra suhbatida bildirilishicha, pandemiya davrida kambag‘allik darajasining oshishi, 900 mingdan ziyod kishi kambag‘allik yoqasiga kelib qolishi qayd etildi.

«Pandemiya oqibatida mamlakatda ishsizlik ko‘rsatkichi o‘tgan yilning avgust oyidagi 9,1 foizdan 13,2 foizga oshdi. Migratsiyaning qisqarishi hisobiga pul o‘tkazmalari hajmi 20–25 foizga kamaygan.

Shu bilan birga, iqtisodiy o‘sishning sekinlashishi oqibatida ijtimoiy himoya uchun mablag‘ ajratish hajmi qisqarishi mumkin.

Norasmiy sektorda band bo‘lgan aholining 60 foizida daromadning pasayishi kuzatilgan. Kam daromadli oilalarning qariyb 40 foizi uchun bolalar nafaqasi yagona daromad manbayi bo‘lib qolgan», – dedi YUNISEFning ijtimoiy siyosat bo‘yicha dasturi rahbari Tinatin Baum.

Mavzuga oid