O‘zbekiston | 15:23 / 17.03.2021
6731
5 daqiqa o‘qiladi

Arxitektura-shaharsozlik sohasidagi mavjud muammolar va yechimlar muhokama qilindi

15 mart kuni «Yuksalish» umummilliy harakati tomonidan «O‘zbekistonda arxitektura sohasiga oid muammolar va yechimlar» mavzusida jamoatchilik muhokamasi tashkil etildi. Unda soha mutaxassislari va mutasaddilari ishtirok etib, mavzu yuzasidan fikr almashdi.

«Ma'lumki, keyingi yillarda mamlakatimizda turar joylar va ijtimoiy-maishiy obektlar qurilishini rivojlantirish hamda shaharlar va qishloq aholi punktlarining zamonaviy arxitektura qiyofasini shakllantiruvchi shaharsozlik hujjatlari bilan ta'minlash yuzasidan kompleks chora-tadbirlar tizimli amalga oshirilmoqda. Buning natijasida bir necha shaharlar va shahar posyolkalari bosh rejalar bilan ta'minlandi, qishloqlar (ovullar) fuqarolar yig‘inlari hududlarni arxitektura-rejalashtirish jihatidan tashkil etish loyihalariga ega bo‘ldi.

Shaharsozlik sohasidagi ishlarning holatini tubdan takomillashtirish maqsadida «2018-2022 yillarda aholi punktlarini bosh rejalar bilan ta'minlash, loyiha tashkilotlari faoliyatini yaxshilash, shuningdek, shaharsozlik sohasida mutaxassislar tayyorlash sifatini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi prezident qarori qabul qilindi.

Mamlakatimizda arxitektura-shaharsozlik sohasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotgan bo‘lsa-da, shu bilan birga yillar davomida saqlanib qolayotgan yoki yangidan yuzaga kelayotgan muammolar yo‘q emas. Soha vakillari ana shu muammolar – kadrlar masalasi, faoliyatni litsenziyalash, shaharsozlik, bosh reja, qurilishlar, buzilishlar va hokazo masalalar yuzasidan fikr almashishdi, takliflarini bildirishdi.

Jumladan, bugun arxitektura yo‘nalishida ta'lim sifati past ekani, Samarqand, Jizzax, Farg‘ona, Urganch, Namangandagi OTMlardagi arxitektura ta'lim yo‘nalishlarida mutaxassislar yetishmasligi, ayrimlarida umuman yo‘qligi aytildi. Ushbu sohada o‘qishni tamomlab, malakali mutaxassis bo‘lib yetishgan kadrlar xorijga chiqib ketayotgani, mamlakatda qolganlariga esa yetarlicha sharoit va imkoniyatlar, e'tibor berilmayotgani, nafaqat arxitektorlar, balki muhandis-konstruktorlar, dizaynerlar ham unutilib qo‘yilayotgan sohalarga aylangani qayd etildi. Umuman, yosh mutaxassislarni qo‘llab-quvvatlash, e'tiborni kuchaytirish lozimligi ta'kidlandi.

Tadbirda ishtirok etgan O‘zbekiston Arxitektorlar uyushmasi vakili, hozirda uyushma faoliyati qiyin ahvolga tushib qolganini, hatto tayinli binoga, ko‘rgazma zaliga, ustaxonasiga ega emasligini, arxitektorlar esa o‘zaro bir-biri bilan muloqotda emasligini afsus bilan tilga oldi.

So‘nggi yillarda respublika shaharlarida milliy arxitektura yechimlari, elementlari kamayib borayotgani, yangi loyihalarni arxitektor emas, dizayner qurayotgani, bu borada tanlovlar o‘tkazilmasligi, malakali, ko‘p yillik tajribaga ega mutaxassislarga esa imkoniyat berilmayotgani, qurilishlarda arxitektor fikri inobatga olinmasligi, maslahat so‘ralmasligi tanqid qilindi», deyiladi «Yuksalish» umummilliy harakati matbuot xizmati xabarida.

O‘zbekiston prezidenti farmoni bilan 2025 yilgacha O‘zbekistonning barcha shaharlari va shahar posyolkalarining 25 foizi bosh rejalari bilan tasdiqlanishi kerak. Shu jumladan, ko‘p yillardan beri muddati uzayib kelinayotgan Toshkent shahrining bosh rejasini 2023 yilda qabul qilish rejalashtirilgan. Mutasaddilar bu borada ishlar davom etayotganini ma'lum qildi.

2021 yil 1 martda Qurilish vazirligi tomonidan «Shaharsozlik faoliyati sohasida davlat hokimiyatining javobgarligini oshirish hamda davlat boshqaruv tizimini takomillashtirish chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi prezident qarori loyihasi keng jamoatchilik muhokamasi uchun e'lon qilindi.

Hujjatga ko‘ra, hududlarda davlat arxitektura-shaharsozlik siyosatini yagona davlat organi orqali yuritish, arxitektura yo‘nalishidagi vazifalarni samarali va operativ yechish hamda qurilish sohasida davlat boshqaruvi tizimini yanada takomillashtirish, sohaga salohiyatli kadrlarni jalb qilish maqsadida Arxitektura-shaharsozlik departamentlarini, «Shaharsozlik hujjatlari ekspertizasi» DUK filiallarini tashkil etish nazarda tutilgan. O‘zbekiston Arxitektorlar uyushmasi, Qurilish vazirligi, Toshkent shahar hokimligi vakillari ushbu qaror loyihasi yuzasidan taklif-mulohazalarini bildirdi.

Mutaxassislar fikricha, hujjat loyihasida sohadagi mavjud asosiy muammolarga yechim izlangan, jumladan, arxitektorlar shtatini oshirish, rag‘batlantirish mexanizmlari, noqonuniy qurilishlarni to‘xtatish masalalari ko‘zda tutilgan. Ammo arxitektura sohasini qurilish sohasidan chiqarib tashlash, tuzilmalarda quruvchi va arxitektor kasblarining darajalarini noto‘g‘ri belgilash to‘g‘ri qadam emas.

Shuningdek, tadbirda O‘zbekiston yosh arxitektorlar harakatini tashkil etish masalasi muhokama qilindi. TT Design Lab arxitektura byurosi asoschisi, bugungi kunda Italiyada Yosh arxitektorlar Akademiyasining dizayneri bo‘lib faoliyat yuritib kelayotgan vatandoshimiz mazkur Harakatning maqsad va vazifalari, zarur manbalari xususida so‘z yuritdi. Kelgusida O‘zbekiston yosh arxitektorlar harakatini «Yuksalish» umummilliy harakati qoshida ochish tashabbusi ilgari surildi.

Jamoatchilik muhokamasi yakunida bu kabi uchrashuvlarni yana davom ettirishga, bildirilgan taklif va mulohazalar umumiylashtirilib, yuqori organlarga yetkizilishiga kelishib olindi. Yil so‘ngida Arxitektorlar forumini o‘tkazish rejalashtirildi.

Mavzuga oid