O‘zbekiston | 10:10 / 10.07.2023
4519
2 daqiqa o‘qiladi

YeTTBning O‘zbekistondagi vakolatxonasiga yangi rahbar tayinlandi

Andi Aranitasi 1 sentabrdan boshlab YeTTBning O‘zbekistondagi vakolatxonasi direktori va rahbari bo‘ladi. YeTTB vakolatxonasini 2017 yildan beri Alkis Drakinos boshqarib kelayotgandi.

Foto: YeTTB

Andi Aranitasi Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining (YeTTB) O‘zbekistondagi vakolatxonasi direktori va rahbari etib tayinlandi. U 1 sentabrdan o‘z vazifasini bajarishga kirishadi, deb xabar berdi bank matbuot xizmati.

Albaniya va Britaniya fuqarosi Andi Aranitasi bank, ishlab chiqarish, telekommunikatsiya, agrobiznes, ko‘chmas mulk, turizm va energetika sohalarida 25 yildan ortiq tajribaga ega. YeTTBdagi faoliyati davomida u bankning energetika bo‘linmalarida turli mas’ul lavozimlarda ishlagan, Turkiya va Janubi-Sharqiy Yevropadagi energetika loyihalari portfelini ishlab chiqish, amalga oshirish va boshqarish uchun mas’ul bo‘lgan. O‘zbekistonga tayinlanishidan oldin u Shimoliy Makedoniyada YeTTB vakili sifatida xizmat qilgan.

Andi Aranitasi Bolgariyadagi Amerika universitetida biznes boshqaruvi va amaliy iqtisod bo‘yicha bakalavr darajasiga ega.

U 2017 yilda mamlakat bilan hamkorlikni tiklaganidan beri YeTTBning O‘zbekistondagi faoliyatini boshqargan va YeTTBning Tbilisidagi Kavkaz bo‘limi mintaqaviy rahbari etib tayinlangan Alkis Drakinos o‘rnini egallaydi.

Bugungi kunga qadar YeTTB O‘zbekiston iqtisodiyotiga 144 ta loyihaga 4,37 milliard yevrodan ortiq sarmoya kiritdi. O‘zbekiston ketma-ket uchinchi yildirki, Markaziy Osiyoda bank moliyasini olish bo‘yicha yetakchi davlat bo‘lib kelmoqda.

Mavzuga oid