O‘zbekiston | 11:25 / 22.12.2018
47653
5 daqiqa o‘qiladi

Temir yo‘l kassalarida chegirmali chiptalar xarid qilish imkoniyatlari – Kun.uz masalani o‘rgandi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev rasmiy bayram va dam olish kunlarida O‘zbekistonda ichki turizmni rivojlantirish, fuqarolarning munosib hordiq chiqarishlariga imkoniyat taqdim etish maqsadida «2019 yilda rasmiy sanalarni nishonlash davrida qo‘shimcha ishlanmaydigan kunlarni belgilash va dam olish kunlarini ko‘chirish to‘g‘risida»gi Farmonni imzoladi.

Ushbu farmonning ijrosini ta'minlashda «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJning yo‘lovchi tashish xizmati 2018 yil 30 dekabrdan 2019 yil 3 yanvargacha mahalliy va tezyurar Afrosiyob poyezdlari chiptalariga chegirmalar joriy qilgani haqida e'lon qilgan edi. Unga ko‘ra,

- pensionerlar, nogironlar, 1941-1945 yillardagi urush qatnashchilari va ularga tenglashtirilgan fuqarolar uchun (ma'lumotnoma, guvohnoma taqdim etilgan holda) – 50 foiz;

- oliy o‘quv yurti talabalariga (guvohnoma taqdim etilgan holda) – 50 foiz;

- oilaviy (ikki yoki undan ortiq kishi - eri va rafiqasi, eri yoki rafiqasi hamda 18 yoshgacha bo‘lgan farzandlari, 18 yoshga to‘lmagan farzand ota yoki onasi bilan birga bo‘lganda, nikoh guvohnomasi va qarindoshlikni belgilovchi hujjatlar nusxasi taqdim etilgan holda) – 30 foiz;

- jamoa bo‘lib sayohatga chiqqan korxona va tashkilotlar xodimlariga (4 kishi va undan ortiq korporativ buyurtma berilganda), maktab, kollej va litsey o‘quvchilariga – 20 foizgacha chegirmalar belgilandi.

Bularning barchasi yaxshi albatta. Kun.uz tahririyati esa, temir yo‘l kassalarida chiptalarni xarid qilishda muammolar mavjudmi, degan savolga javob topish maqsadida o‘z o‘rganishini olib bordi. Shu munosabat bilan Toshkent, Samarqand va Andijon shaharlaridagi temir yo‘l kassalari faoliyati bir kunda, bir vaqtning o‘zida o‘rganildi, chipta xarid qilgan fuqarolardan intervyular olindi.

Video: Youtube

Video: Mover (tas-ix)

O‘rganishlarimiz natijasidan kelib chiqib aytish mumkinki, ayni kunlarda, kassalarda chipta xarid qilish bilan bog‘liq biror muammo ko‘zga tashlanmadi. Chipta xarid qilish uchun kelgan mijozlar o‘zlari istagan kunga chipta sotib olish imkoni mavjudligini e'tirof etishdi.

Ma'lumki, ko‘pchilik o‘zbekistonliklar yangi yilni yaqinlari bilan birga qarshi olishni ma'qul ko‘radi. Shu munosabat bilan fuqarolarning o‘zlari istagan manzilga xavfsiz yetib olishlarini ta'minlash maqsadida qo‘shimcha reyslar ham yo‘lga qo‘yildi.

Ammo, bizni yana bir masala, chegirmali chiptalar xarid qilishda xaridorlar muammoga duch kelmoqdami, degan savol qiziqtirayotgan edi. Shu maqsadda, 1005 qisqa raqamiga qo‘ng‘iroq qilib, chegirmali chiptalar bor-yo‘qligini surishtirdik. Ta'kidlash o‘rinliki, 21 dekabr holatiga ko‘ra, 30 dekabr-3 yanvar sanalari oralig‘ida ayrim yo‘nalishlar, misol uchun, Andijon shahriga chipta umuman qolmagani, Samarqand va Urganchga qo‘shimcha reysga chiptalar yakunlanayotganini aytishdi.

Shu o‘rinda, qayd etish o‘rinliki, ayrim fuqarolarda, chegirmali chiptalar har doim bo‘lishi kerakdek, tushuncha borga o‘xshaydi. Afsuski, yo‘lovchi temir yo‘l tarkibi ham cheklangan o‘rinlarga ega. Undan ortig‘iga chipta sotishning, sotilganda ham, o‘sha tarkibda ketishning ilojisi yo‘q. Misol uchun, Afrosiyob poyezdida 286ta o‘rin bor. Endi, oddiy hisob-kitob qilganimizda, Samarqand shahrining o‘ziga bir kunda 2ta shunday poyezd qatnovi amalga oshirilganda ham 572 kishi manziliga yetkaziladi. Shunga ko‘ra, fuqarolarning chegirmali chiptalar tugab qolibdi, degan so‘zlari rost bo‘lgan taqdirda ham vaziyatni to‘g‘ri qabul qilishimiz kerak, nazarimizda. Chunki, Toshkentda viloyatlardan kelganlar ko‘pchilikni tashkil etadi. Poyezd va vagonlarni esa, ming afsuski, kengaytirib bo‘lmaydi.

«O‘zbekiston temir yo‘llari» AJning ma'lum qilishicha, quyidagi sanalarda jadvaldan tashqari yo‘lovchi poyezd tarkiblari fuqarolarga xizmat ko‘rsatadi.

Bundan tashqari, qo‘shimcha poyezdlar, chiptalar bor-yo‘qligi haqida quyidagi telefon raqamlariga soat 08:00dan 20:00gacha qo‘ng‘iroq qilib, ma'lumot olish mumkin:

Mavzuga oid